Qanday qilib internetdan xavfsiz foydalanish mumkin? (1-qism)

Qanday qilib internetdan xavfsiz foydalanish mumkin? (1-qism)

Internet ko‘pchiligimizning hayotimizda muhim ahamiyat kasb etgan omilga aylanib ulgurdi. Global tarmoqdan foydalanish qiziqarli, foydali, biroq ayni damda, xavfli bo‘lishi ham mumkin. Onlayn xavfsizligingizni ta’minlovchi usul va vositalardan foydalanib, o‘zingiz va shaxsiy ma’lumotlaringizning xavfsiz bo‘lishiga erishishingiz mumkin.

Quyida WikiHow saytidan olingan maqola orqali internetdan foydalanayotganingizda qanday qilib brauzing amaliyotingizni xavfsiz qilish mumkinligi haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Parollaringizni himoyalash

1. Kuchli va unikal parollardan foydalaning. Biror-bir akkauntingiz uchun parol yaratayotganingizda, parol raqamlar, simvol va (ham kichik, ham BOSh) harflardan iborat ekaniga ishonch hosil qiling. Bir necha akkaunt uchun bir xil paroldan foydalanishdan qoching. To‘g‘ri, har bir parolni yodda saqlash oson bo‘lmasligi mumkin, biroq faqat shundagina ma’lumotlaringiz xavfsiz bo‘ladi.

• Eslab qolishga oson yoki sizga qandaydir aloqasi bor gaplar/birikmalarni qisqartirish bilan parol yarating. Masalan, «www.terabayt.uz sayti» jumlasini «3W.tBuz-s@yt!» shaklida qisqartirish mumkin.

• Parol qanchalar uzun bo‘lsa, uning kuchli bo‘lish ehtimoli shunchalar yuqori bo‘ladi. Sevimli iqtibosingiz yoki biror-bir qo‘shiq, kitob, filmdan olingan o‘zingizga yoqqan bir qator gapni qisqartirib parol qilib olsangiz bo‘ladi.

«123456», «654321», «1234abcd», «parol» yoki boshqalar oson topa oladigan birikmalar (masalan, kuchugingizning laqabi, ko‘changiz nomi) ni parol qilib olmang.

2. Parollaringiz xavfsiz saqlanishi uchun parol menejeridan foydalaning. Parol menejerlari har bir akkauntingiz uchun avtomatik ravishda kuchli va unikal parol yaratadi va uni eslab qoladi. Sizdan faqat menejerning o‘zi uchun bitta parol yaratish, qolganini dasturning o‘ziga qo‘yib berish talab qilinadi xolos.

• Ba’zi parol menejerlaridan bepul foydalanish mumkin, boshqalari esa pullik premium paketga ega.

• Ommabop va ishonchli parol menejerlariga 1PassWord va LastPass kabilarni misol qilib keltirish mumkin. Boshqa dasturlarni ham qidirib topsangiz bo‘ladi, albatta.

• Bundan tashqari, brauzeringizning Parollarni sinxronlash ichki funksiyasidan foydalanishingiz ham mumkin. Biroq bu funksiya nisbatan ishonchsizroq va akkuntingiz buzib kirilishi mumkin.

3. Bir necha bosqichli autentifikatsiyadan foydalaning. Bir necha bosqichli autentifikatsiya akkauntga kirish uchun login va paroldan tashqari yana qo‘shimcha ma’lumot, masalan, telefon raqamingizga yuborilgan bir martalik kodni kiritishni ham talab qiladi. Ko‘plab email provayderlari va ijtimoiy tarmoq platformalarida ushbu xizmat mavjud.

• Akkauntingizda bir necha bosqichli autentifikatsiya yoqilgan-yoqilmaganini saytning Sozlamalar sahifasidan tekshirishingiz mumkin bo‘ladi.

• Bu ortiqcha ishga o‘xshab tuyulishi mumkin, biroq bunday choralar faqat parol ishlatishdan ko‘ra ishonchliroq.

4. Faqatgina ishonchli saytlarda akkaunt yarating. Biror-bir saytda akkaunt yaratishdan oldin (sayt sizdan bor-yo‘g‘i email manzilingizni so‘rasa ham) yaxshilab o‘ylang. Parolingiz qanchalar kuchli bo‘lsa-da, ularni ishonchsiz saytda foydalanish shaxsiy ma’lumotlaringizni xavf ostiga qo‘yadi.

• Gaplar grammatik jihatdan noto‘g‘ri yozilgan, imlo xatolari ko‘p bo‘lgan saytlardan uzoq yuring.

• Haddan tashqari ko‘p pop-ap xabar/reklama ko‘rsatadigan saytlardan ogoh bo‘ling.

5. Biror saytdan foydalanib bo‘lgach, undagi akkauntingizdan chiqib keting. Biror-bir saytga login qilish brauzeringizda cookiye-fayllarni hosil qiladi. Bu esa shaxsingizni aniqlash imkonini beradi. Agar bu fayllar o‘g‘rilansa, akkauntingiz ham xavf ostida qoladi. Bu, ayniqsa, jiddiy ma’lumot, masalan, bank akkauntingiz yoki plastik kartochka raqamingizni kiritgan saytingizga taalluqli.

• Agar biror saytga ko‘pchilik ishlatadigan kompyuter yoki tarmoq orqali kirgan bo‘lsangiz, saytdan foydalanib bo‘lgach, akkauntingizdan chiqib keting.

• Shaxsiy kompyuter va uyingizdagi Wi-Fi'dan foydalansangiz ham, onlayn banking yoki onlayn do‘konlardagi akkauntingizdan foydalanib bo‘lgach, logout qiling.

• Lekin shaxsiy kompyuteringizda email yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar uchun ochilgan akkauntingizdan chiqib ketmasangiz ham bo‘ladi.

O‘QING: Nima uchun VPN'dan foydalanish kerak? (+bonus)

Ijtimoiy tarmoqlar va email'dan xavfsiz foydalanish

1. Profillaringizni begonalardan qulflab qo‘ying. Ijtimoiy tarmoqlardagi profillaringizni begonalardan qulfda saqlash siz tanimagan odamlarning sizni kuzatishi va siz haqingizdagi ma’lumotlarni to‘plashidan saqlaydi. Profilingiz faqat do‘stlaringizgagina ochiq bo‘lishi tavsiya qilinadi.

• Akkaunt sozlamalariga o‘tib, profilingizni kimlar ko‘rishi/kuzata olishini belgilang.

• Profilingiz tarmoqdagi istalgan foydalanuvchiga ko‘rinib turishini belgilab qo‘ysangiz ham, muhim ma’lumotlaringiz, jumladan, uy manzilingiz va telefon raqamingiz begonalar ko‘zidan yashirin bo‘lishi kerak.

2. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizda qaysi ma’lumot/postlaringiz hammaga ko‘rinib turganini ko‘zdan kechiring. Akkauntingizning Maxfiylik bo‘limiga o‘tib, ayni damda qaysi ma’lumotlaringiz begonalarga ko‘rinib turganini bilib oling.

• Bu kabi tekshiruvlarni bir necha oyda bir marta takrorlab turing — hammasi risoladagidek ekaniga ishonch hosil qilish uchun.

3. Tarmoqqa post joylayotib, bu postingizdan keyinchalik o‘zingiz pushmon yemasligingizga amin bo‘ling. Internetdan xavfsiz foydalanish Facebook/Instagram'ga qo‘yayotgan postlaringizga ham bog‘liq. «Qo‘ygan postimni keyinroq o‘chirib yuborsam bo‘ladi», deb o‘ylashingiz mumkin, lekin unutmang: siz ulashgan ma’lumotni skrinshot qilib olish, boshqalar bilan ulashish mumkin. Demak, keyinroq o‘chirib yuborish yechim bo‘la olmaydi. Yetti o‘lchab bir kesishni odat qiling.

• Masalan, post qo‘yishdan oldin o‘zingizga savol bering: «Bu postni ota-onam, o‘qituvchilarim yoki ishxonadagi rahbarim ko‘rsa, uyalib qolmaymanmi?» Shunga qarab, qaror chiqaring.

4. Sizni belgilashgan (otmetka, teg qilishgan) postlarga layk bosishdan oldin, post kontenti bilan tanishib chiqing. Akkauntingiz sizga zarar keltiruvchi yoki sizni uyatga solishi mumkin bo‘lgan sahifalarda belgilanib qolishini oldini olish uchun sozlamalardan teglarni tahlil qilish buyrug‘ini faollashtiring.

• Maxfiylik sozlamalaridan teglarni tahlil qilish buyrug‘ini faollashtiring.

• Shunda, kimdir sizni teg qilsa, sizga bildirishnoma keladi. Sizni kim va qayerda teg qilganini tekshirib, keyin tegga ruxsat bersangiz/rad etsangiz bo‘ladi.

5. Internetda tanishgan odamingizga hech qachon shaxsiy ma’lumotlaringizni bermang. Buni hamma bilishi mumkin, biroq yana bir marta eslatib o‘tishni muhim deb topdik. Onlayn tanishgan odamingizni qanchalar yaxshi bilaman deb o‘ylasangiz ham, ularning asl maqsadi nima ekanini bila olmaysiz.

• Ismingiz, manzilingiz, telefon raqamingiz, maktab yoki ishxonangiz haqida hech kimga aytmang.

• Bundan tashqari, sevimli kafe/restoran/do‘koningiz nomini ham hech kimga oshkor qilmang, chunki bu ma’lumotlardan foydalanib, sizning taxminiy joylashuvingizni aniqlash mumkin bo‘ladi.

6. Virtual tanishgan odamingiz bilan real hayotda, yuzma-yuz uchrashish borasida ham ogoh bo‘ling. Imkon qadar onlayn tanishgan kishilaringiz bilan yuzma-yuz ko‘rishmang. Agar vaziyat uchrashishni taqozo qilsa, unday holda odam gavjum joyda uchrashing yoki do‘stingizni o‘zingizga hamroh qiling.

• Mabodo o‘zingizga do‘stingizni sherik qila olmasangiz, qayerga ketayotganingiz va qancha vaqt u yerda bo‘lishingizni kimgadir aytib keting.

• 18 yoshdan kichik bo‘lsangiz, hech qachon virtual tanishlaringiz bilan real hayotda uchrashmang.

7. Onlayn forumlarda gender-neytral taxalluslardan foydalaning.

8. Notanish shaxslardan kelgan email xabarlarni yoki fayllarni ochmang. Onlayn firibgarlikning «fishing» (ingl. phishing) deb ataluvchi turi bilan shug‘ullanuvchi firibgarlar soxta email va xabarlardan foydalanib, sizning shaxsiy ma’lumotingizni qo‘lga kiritishga urinadi. Notanish manzildan kelgan email xabarni ko‘rsangiz, uni spamlar jildiga o‘tkazing.

• Email ichida ko‘rinishidan ishonchli saytga berilgan havola bo‘lishi mumkin, biroq sizga kelgan bu xabar haqiqatan ham ishonchli manzildan ekaniga amin bo‘lmaguningizgacha havola (ssilka, link) ustiga bosa ko‘rmang.

• Fishing firibgarlari Visa kartangiz raqamini so‘rashi mumkin.

Demak, birinchi navbatda parollaringizni xavfsiz saqlashga harakat qiling. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlaringizga ogoh bo‘ling. Notanish manzildan kelgan elektron xabarni ochmang.

Internetdan xavfsiz foydalanishga doir maslahatlardan iborat ushbu maqolamizga hozircha shu yerda nuqta emas, vergul qo‘yib turamiz. Ushbu maqolaning keyingi qismi ham bor. Ikkinchi qismda internetdagi veb-saytlar va Wi-Fi tarmoqlaridan xavfsiz foydalanish hamda smartfoningizni himoyalash usullari haqida ma’lumot beramiz.

O‘zingizni va shaxsiy ma’lumotlaringizni asrang. Bizni kuzatishda davom eting.

O‘QING:  OGOH BO‘LING: pandemiya pallasida mobil firibgarlik!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!