Qanday qilib yashirin kameralarni smartfon yordamida topish mumkin?

Qanday qilib yashirin kameralarni smartfon yordamida topish mumkin?

Ehtimol, siz filmlarda yashirin kamerali mehmonxonalarni ko'rgansiz. "Bunaqasi faqat kinolarda bo'ladi" deysizmi? Turizm rivojlanishi va rasmiy, norasmiy mehmonxonalarning ko'payishi bilan arzon kameralarning juda ko'p miqdorda ishlab chiqarilishi bir-biriga tasodif emasligi kundek ravshan. Bu siz vaqtinchalik yashash uchun band qilgan joy egasi sizni 24 soat davomida kuzatib turishi mumkinligi ehtimolini oshiradi. Maxfiyligingiz hurmat qilinishini xohlaysizmi? Siz turgan mehmonxona yoki boshqa joyda yashirin kameralar bor-yo'qligini bilib olishning bir necha yo'llari bor (The Verge orqali).

Kameralar kameralarga qarshi

Kameralar qorong'i yoxud yorug'lik past bo'lgan joylarda tasvirga olish uchun infraqizil nurlardan foydalanadi. Uni siz ko'ra olmaysiz, biroq smartfoningiz... Ba'zi smartfonlarning faqat selfi kamerasi infraqizil nurlarni ko'ra olsa, ba'zilarining ham oldi, ham orqa kameralari ularni ko'rish qobilyatiga ega bo'ladi.

Siz buni televizoringiz yoki boshqa turdagi pult bilan tekshirib ko'rishingiz mumkin. Smartfoningiz kamerasini oching va uni pultga qarating. Pultdan foydalanganingizda siz undagi infraqizil chiroqni ko'rishingiz mumkin. U binafsharang yoki o'z nomi bilan qizil rangda ko'zga tashlanadi (agar orqa kamerangiz bilan foydalangan holda hech qanday chiroqni ko'rmasangiz unda old kamerangiz bilan qayta urinib ko'ring).

Shunday qilib, siz endi vaqtinchalik joylashgan xonangizda yashirin kameraga tekshirish uchun xonani iloji boricha qop-qorong'u qilishingiz kerak, shundagina kameraning infraqizil nuri ishga tushadi. Keyin esa xonani asta-sekin smartfoningiz kamerasi bilan skanerlang. Agar ishlab turgan kamera bo'lsa siz uni topa olasiz.

Qo'shimcha dasturlar orqali yashirin kameralarni topish 

Agar birinchi "fint"imiz ish bermasa yoxud xonada kamera bo'lmasa yoki u infraqizil bilan jihozlanmagan bo'lsa, unda kamera bor-yo'qligini bilish uchun lokal tarmoqni tekshirish yordam berishi mumkin.

Ilovalar do'konlarida tarmoqqa ulangan qurilmalarni topib beradigan ko'plab analizator dasturlar mavjud bo'lib, ulardan biri Fing hisoblanadi. Ham Android, ham iOS uchun mavjud bo'lgan ilova orqali siz tarmoqqa ulangan qurilmalarni, yoxud kameralarni ko'rishingiz mumkin. Albatta, ilova tarmoqqa ulangan qurilma aynan kamera ekanligini aytmaydi. Buni siz qurilmaning nomidan bilib olishingiz mumkin bo'ladi.

Albatta, bu siz sinab ko'rishingiz mumkin bo'lgan qiziqarli usullar xolos va ular har doim ham ish bermasligi mumkin. Biroq, agar bu masalada jiddiy bo'lsangiz, sizga radio chastotasi detektoridan foydalanishni tavsiya qilamiz.

O'QING: Sariq devni mingan Hoshimjon Ghibli animesi stilida