Qarshi oling: Geekbench servisida tezkorlik bo‘yicha yangi qirol!

  •   DiMaX
  •  1484
  •  05.10.2020 11:03

Qarshi oling: Geekbench servisida tezkorlik bo‘yicha yangi qirol!

Mobil qurilmalar samaradorligini tekshiruvchi Geekbench ilovasining ma’lumotlar bazasida Apple A14 protsessorining tekshirilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Mazkur yangi chipset 5 nanometrlik texnologik jarayon asosida tayyorlangan bo‘lib, iPhone 12 turkumidagi (iPhone 12 mini modelidan boshqa) smartfonlarda qo‘llanadi.

O‘QING: AnTuTu eng kuchli mobil protsessorlar reytingini chiqardi

Benchmarkda tekshirib ko‘rilgan Apple A14 chipli mobil qurilma 4 gigabaytlik tezkor xotiraga ega. Yakka yadroli sinovda bu gadjet 1583 ball to‘plagan bo‘lsa, barcha yadrolari ishtirokidagi test natijasi 4198 ballga yetgan:

Samaradorlikni taqqoslash uchun, Geekbench servisida bungacha aniqlangan eng yuqori ko‘rsatkichni keltiramiz: Qualcomm Snapdragon 865+ protsessorli Asus ROG Phone 3 o‘yinbop smartfoni tegishlicha 910 va 3229 ball olgan. Snapdragon 865 protsessori bazasidagi OnePlus 8 Pro flagmani esa bitta yadro ishtirokidagi imtihonda 911 ball olgan bo‘lsa, ko‘p yadroli sinovda 3276 ballik natija namoyon etgan.

Shuningdek, Twitter foydalanuvchilarining hisoblab chiqishlaricha, Apple A14 protsessori o‘z «ajdod»i – Apple A13 modeliga nisbatan taxminan 20 foizga tezkor ekan. Endi esa yana ikkita yetakchi chipsozning flagmanlari – Samsung korporatsiyasining Exynos 1000 hamda Qualcomm kompaniyasining Snapdragon 875 protsessorlarining samaradorlik natijalarini kutamiz.

O‘QING: Xiaomi hali chiqmagan Snapdragon 875 bazasida allaqachon Mi 11 hamda Redmi K40 smartfonlarini tayyorlayapti!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!