Qaynonasini o‘ldirgan kelinni Apple Watch fosh etdi

  •   DiMaX
  •  4785
  •  31.03.2018 11:49

Qaynonasini o‘ldirgan kelinni Apple Watch fosh etdi

Yangi texnologiyalar, turli gadjetlarning insoniyat hayotini qulaylashtirishda hissasi katta. Ular kishilarning sog‘ligi va hayotini saqlashda, ayrim hollarda esa jinoyatlarni fosh etishda ham yordam berib kelayotir.

O‘QING: Apple Watch’ning insultni to‘xtatishi isbotlandi

Avstraliyada sodir etilgan jinoyatni aniqlashda huquq-tartibot idoralariga Apple Watch ko‘rsatkichlari yordam berdi, deb yozadi Daily Mail nashri.

Nashrning yozishicha, Mirna Nilsson ismli ayol o‘z uyida o‘ldirib ketilgan edi. Uning kelini Kerolayn Nilsson politsiyaga bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, ayolga «yo‘lda sodir bo‘lgan to‘polondan so‘ng ko‘chadan bostirib kirgan odamlar guruhi hujum qilgan».

Xabarga ko‘ra, Mirnaning qo‘liga bu paytda Apple Watch taqilgan bo‘lgan, smart-soatning ma’lumotlari esa keyinchalik jinoyat ishini o‘rganishda asosiy dalil bo‘lib xizmat qilgan. Prokurorning sudga aytishicha, kelinning ko‘rsatmasi «aniq to‘qima, hujum voqeasi esa uydirma» bo‘lib chiqyapti. Sud eksperti smart-soatning ma’lumotlarini tahlil qilib chiqqanidan so‘ng ma’lum qilishicha, kelin aytgan voqea – to‘polonchilar hujum qilgan vaqt marhumaning o‘ldirilish vaqtiga mos kelmayapti.

O‘QING: Yurak pulsini qaysi smart-soat aniq o‘lchaydi?

Shuningdek, Kerolaynning aytishicha, qaynonasi o‘sha bosqinchilar bilan 20 daqiqacha janjallashgan. Huquq-tartibot idoralarining Apple Watch ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib aniqlashlaricha esa, Mirna Nilssonning o‘ldirilishi bir lahzadayoq yuz bergan – ungacha ayolning tomir urishi, ruhiy holati va sog‘ligi me’yorida bo‘lgan.

Endi esa Apple Watch yordamida aniqlangan ma’lumotlar asosida Kerolayn Nilsson o‘z qaynonasini o‘ldirganlikda ayblanmoqda.

O‘QING: Apple Watch: vaqt, muloqot va sog‘lik innovatsion nazorat doirasida

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!