«Qoch yo‘ldan, Redmi!» – eng arzon, tag‘in NFC va 120 Gs ekranli, kvadrokamerali 5G-smartfon sotuvga chiqdi

  •   DiMaX
  •  3613
  •  29.04.2020 13:09

«Qoch yo‘ldan, Redmi!» – eng arzon, tag‘in NFC va 120 Gs ekranli, kvadrokamerali 5G-smartfon sotuvga chiqdi

Hozirda eng arzon 5G-smartfon – Redmi K30 bo‘lib, Xiaomi uni o‘tgan yilning dekabrida taqdim etgan. Snapdragon 765G chipsetli bu qurilmaning narxi Xitoyda 285 dollardan boshlanadi.

O‘QING: MediaTek eng arzon 5G-smartfonlar va flagmanlar uchun, jami to‘rtta 5G-protsessor taqdim etyapti

Ammo Redmi brendining jiddiy raqibi – Oppo korporatsiyaga qarashli Realme kompaniyasi undan ham zo‘rini tayyorlagan va Xitoyda u bugundan sotila boshladi. Realme X50m 5G rusumli mazkur devays beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashidan tashqari, yana bir qator ilg‘or xususiyatlarga ega.

Jumladan, Realme X50m ekranida kadr yangilanish chastotasi flagmancha – 120 gerslik. Kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC chipi o‘rnatilganligi ham uning muhim afzalliklaridan biridir. Smartfonning «elektron yuragi» sifatida Snapdragon 765G protsessori tanlangan.

Realme X50m diagonaliga 6,57 dyuymlik, tasvir aniqligi esa 1080x2400 piksellik IPS-ekranga ega. Displeydagi tirqishga o‘rnatilgan old kamera esa ikkita – 2 va 16 megapiksellik datchiklardan iborat. Bosh kamerasi esa ushbu narx toifasidagi modellarga mos tarzda 48 + 8 + 2 + 2 megapiksellik sensorlarni o‘z ichiga olgan. Smartfonning barmoq izi skaneri esa korpusning yon qirrasiga joylangan.

O‘QING: Istalgan Android-smartfonning barmoq izi skaneriga tezkor funksiyalar qo‘shamiz

Kompaniya bu modeliga Liquid Copper Tube Cooling 3.0 sovitish tizimini joriy etgan, yana u Dolby Sound hamda Hi-Res Audio texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Realme X50m akkumulyatori 4200 mA/soatlik bo‘lib, 30 vattlik asosda tezkor quvvatlana oladi.

Realme X50m 5G tezkor/ichki xotirasi hajmiga ko‘ra ikki xil versiyada chiqyapti: 6/128 gigabaytligi 282 dollarga teng narxda sotilsa, 8/128 gigabaytligi uchun 325 dollar so‘rashyapti.

Aytish kerakki, Xiaomi ham qarab turgani yo‘q – undan ham arzon Redmi K30i rusumli 5G-smartfonni tayyorlayapti.

O‘QING: MIUI 12 «super oboy»lari tushadigan smartfonlar ro‘yxati + «jonli oboy»larni yuklab olish uchun havolalar

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.