Qualcomm ikkita yangi Snapdragon chipini taqdim etdi

Qualcomm ikkita yangi Snapdragon chipini taqdim etdi

Qualcomm kompaniyasi bugun o‘rta toifadagi Snapdragon 6 Gen1 hamda byudjet sinfidagi Snapdragon 4 Gen1 chiplarini taqdim etdi. Snapdragon 6 Gen1 chipi 4 nanometrli, Snapdragon 4 Gen1 esa 6 nanometrli jarayon asosida yaratilgan.

Snapdragon 6 Gen1 chipiga ega smartfon 2023 yilda, Snapdragon 4 Gen1 chipli smartfon esa shu yilning o‘zida sotuvga chiqishi kutilmoqda. 

Afsuski, kompaniya ikki chipning to‘liq texnik ko‘rsatkichlarini oshkor qilmadi. Bizga shu ma’lumki, Snapdragon 6 Gen1 chipining asosiy yadrosi 2.2 gigagertsda, Snapdragon 4 Gen1 chipiniki esa 2.0 gigagertsda ishlaydi. Ikkila chipset ham 8 ta yadroga ega, ammo ular qaysi grafik protsessor bilan birga ishlashi noma’lum. 

Kompaniya Snapdragon 6 Gen1 chipining grafik unumdorligi 35%, hisoblash unumdorligi 40% ga oshganini aytmoqda, biroq bu raqamlar qaysi chip bilan taqqoslaganda kelib chiqqanini Qualcomm aytmagan.

Snapdragon 4 Gen1 chipining asosiy protsessori 15% ga tezlashgan bo‘lsa, garfik protsessorining kuchi 10% ga oshgan. Bu raqamlar katta ehtimol bilan yangi chipni Snapdragon 480/480+ bilan taqqoslaganda kelib chiqadi, chunki kompaniyaning hozirda 400 seriyasida boshqa chipseti yo‘q.

Snapdragon 6 Gen1 chipseti HDR tasvir va 200MP kameralarni qo‘llab-quvvatlaydigan 12 bitli Spectra Triple tasvir signali processoriga ega. Chipning sun’iy intellekt qobiliyatlari ham takomillashgan. U 7-avlod Qualcomm sun’iy intellekt dvigatelidan foydalanadi, bu bokeh effekti, umumiy ishlash unumdorligi hamda energiya samaradorligini optimallashtirishga yordam beradi.

Snapdragon 6 Gen1 chipi Wi-Fi 6E bog‘lanishini qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, u 4-avlod Snapdragon X62 5G modemi bilan jihozlangan.

Qualcomm'ning sun’iy intellekt dvigateli Snapdragon 4 Gen1 chipida ham mavjud, ammo bu eng so‘nggisi emas. Yangi chip endi 120 gerts chastotali FHD+ displeylarni o‘zgaruvchan tezlikda qo‘llab-quvvatlashi mumkin. 

Shuningdek, chip 108MP kameralarni qo‘llab-quvvatlaydi. Chipda Snapdragon X51 5G modemi bo‘lganligi sabab u ham 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo unda Wi-Fi 6E imkoniyati mavjud emas. 

Ushbu chip birinchi bo‘lib iQOO Z6 smartfoniga o‘rnatilishi kutilmoqda. 

O‘QING: Yilning kutilgan yana bir kamerafoni taqdim etildi 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!