Qualcomm o'rta sinf smartfonlari uchun yangi chipsetni taqdim qildi!

Qualcomm o'rta sinf smartfonlari uchun yangi chipsetni taqdim qildi!

Qualcomm kompaniyasi o'rta sinf smartfonlari uchun mo'ljallangan Snapdragon 7+ Gen 2 chipsetini taqdim qildi. Qizig'i shundaki, kompaniya bundan avval Snapdragon 7+ Gen 1 yoki Snapdragon 7 Gen 2 chipsetini chiqarmagan. Ushbu seriyasida oxirgi chipset esa Snapdragon 7 Gen 1 edi va biz uni allaqachon bir qancha qurilmalarda ko'rganmiz.

Snapdragon 7+ Gen 2 ishlash va quvvat samaradorligida sezilarli yaxshilanishlarni taklif qiladi. Uning Kryo asosiy protsessori 2.91 gigagerts tezlikda ishlaydi. Butun boshli protsessor (1+3+4) Snapdragon 7 Gen 1 bilan taqqoslaganda 50% ga yaxshiroq.

Grafika borasida esa SD 7+ Gen 2 noma'lum Adreno grafik kartasiga ega va u 2 karra yaxshilangan hamda 13% ga samaraliroqdir. Shuningdek, platforma Auto Variable Rate Shading – o'yinlarda quvvat va resurslarni tejash uchun orqa fonni past rezolyutsiyada qoldirgan holda oldingi sahnalarini yuqori rezolyutsiyada ko'rsatadigan funksiya va Snapdragon 8 Gen 1 bilan taqdim qilingan Volumetric Rendering xususiyatlarini o'z ichiga oladi. Ha, aytgancha, chipset 16 GB gacha bo'lgan operativ xotirani ko'tara olar ekan.

Sun'iy intellekt haqida gap ketganda esa Qualcomm'ning SI dvigateli 2 karra yaxshilangan ishlash va har bir vatt uchun 40% batareya tejashni taklif qiladi. Batareyaga kelganda shuni aytish kerakki, chipset Quick Charge 5 bilan smartfonni 0 dan 50% gacha atigi 5 daqiqada zaryadlash imkonini berishi aytilmoqda.

Tasvirga olish tomonida esa chipset 30 ta tasvirni bitta suratga jamlash orqali kam yorug'likda ham yaxshi suratlar olish imkonini beradigan 18 bitli Triple ISP texnologiyasi bilan birga 200 MP kamera sensori va 4K formartida HDR video olishni qo'llab-quvvatlaydi.

Aloqaga keladigan bo'lsak, chipset Snapdragon X62 5G Modem-RF tizimiga ega – bu bilan sekundiga 4.4 Gb gacha bo'lgan tezlikda ma'lumotlarni yuklash mumkin. Va, albatta, Wi-Fi 6/6E texnologiyalari ham bor. Eng muhimi, ushbu chipset ikkilik SIM-kartada ham 4G yoki 5G da Dual Active funksiyasiga ega, ya'ni bu siz ikkala SIM-kartangizda ham bir vaqtning o'zida qo'ng'iroqlarni qabul qilsangiz bo'ladi degani.

Ma'lum bo'lishicha, TSMC tomonidan ishlab chiqariladigan ushbu 4 nanometrli Snapdragon 7+ Gen 2 bilan jihozlangan ilk smartfonlar shu oydayoq chiqariladi va ular Redmi yoki Realme qurilmalari bo'lishi mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.