Qualcomm protsessorli eng arzon 5G-smartfon taqdim qilindi!

  •   DiMaX
  •  835
  •  12.01.2021 10:37

Qualcomm protsessorli eng arzon 5G-smartfon taqdim qilindi!

Yaqindagina Qualcomm kompaniyasi beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llovchi eng arzon – Snapdragon 480 protsessorini chiqargan edi. Chipsoz va’da berganidek, uning bazasidagi birinchi mobil qurilmani Vivo namoyish etdi.

O‘QING: Hamyonbop Android-smartfonlardan qaysilari eng zo‘r? (AnTuTu reytingi, 2020 yil dekabr)

Ushbu smartfon Vivo Y31s nomini olgan bo‘lib, plastik korpusga hamda diagonaliga 6.58 dyuymlik, IPS matritsali dyuymoviy LCD-displeyga ega. Old panelning 90.61% qismini egallagan ekran FHD+ formatida tasvir uzatadi. Bundan tashqari, unda kadr yangilanish chastotasi 90 gerslik; tomchisimon kemtigiga esa 8 megapiksellik kamera o‘rnatilgan.

Vivo Y31s bosh kamerasi xuddi 29 dekabr kuni taqdim etilgan flagmanlar – Vivo X60 va X60 Pro kamerofonlari dizaynida ishlangan. Unda asosiy sensor 13, ikkinchisi esa 2 megapiksellik aniqlikda.

O‘QING: Android-smartfonning old kamerasiga virtual fotochaqnoq qo‘shamiz

Snapdragon 480 protsessorli birinchi smartfon 5G tarmog‘idan tashqari, ikki diapazonli Wi-Fi, Bluetooth 5.1 hamda GNSS (BeiDou, GPS, GLONASS, Galileo) tarmoqlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Uning korpusiga yana 3,5 mm.lik quloqchin tirqishi va USB-C porti o‘rnatilgan; qo‘shimchasiga akselerometr, tashqi yoritilish va yaqinlashuv datchiklari, giroskop va kompasni sanab o‘tish mumkin.

Vivo Y31s akkumulyatorining tok sig‘imi 5000 mA/soatlik va u 18 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Qurilma korpusining yon qirrasiga barmoq izi skaneri o‘rnatilgan. Smartfon eng so‘nggi – Android 11 operatsion tizim talqini bazasida tayyorlangan Funtouch OS 10.5 grafik qobig‘i boshqaruvi ostida ishlaydi.

Ushbu gadjet faqat 6/128 gigabaytlik tezkor/ichki xotirali variantda, uch xil – Monot Color, Titanium Empty Grey, Ruby Red rangli korpuslarda taklif etiladi. Xitoyda uni 15 yanvardan, taxminan 260 AQSh dollariga teng narx bilan sotuvga chiqarishadi. Vivo Y31s global bozorga chiqish-chiqmasligi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: 5000 mAs akkumulyatorli Galaxy M02s kutilganidan ham arzon narxda chiqdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!