Qualcomm qudratli Snapdragon 855 Plus protsessorini taqdim etdi, uni qo‘llovchi ilk flagmanlar bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  1512
  •  16.07.2019 10:45

Qualcomm qudratli Snapdragon 855 Plus protsessorini taqdim etdi, uni qo‘llovchi ilk flagmanlar bilan tanishing!

Amerikalik chipsoz Qualcomm kompaniyasi kecha – 15 iyul kuni kutilmaganda yangi chipset namoyish etdi. Tag‘inam biror o‘rtacha protsessor emas, balki Snapdragon 855 Plus rusumli to‘laqonli flagman platforma!

O‘QING: TOP-10: «Sun’iy ong»li smartfonlar protsessorlari reytingi

Nomidan ham ko‘rinib turganidek, bu – ayni damdagi eng kuchli Android-protsessor bo‘lgan Snapdragon 855 chipsetining yaxshilangan versiyasidir. Unda faqat asosiy tarkibiy qismlar yaxshilangan. Ya’ni, Snapdragon 855 Plus protsessorida 2,96 gigagersgacha chastotali Kryo 485 Prime yadrolari qo‘llangan, «oddiy» Snapdragon 855 chipsetida esa ularning chastotasi 2,84 GGs.ga teng. Shuningdek, yangi protsessor tarkibidagi Adreno 640 grafik tezlatgichining samaradorligi 15 foizga oshirilgan.

Qualcomm ta’kidlashicha, Snapdragon 855 Plus asosan o‘yinbop smartfonlar va boshqa gadjetlar, AR hamda VR-qurilmalar uchun eng maqbul protsessordir. Lekin qizig‘i shundaki, uning tarkibiga Snapdragon X55 rusumli 5G-modem kiritilmagan. Bu chipsetda Snapdragon X24 modelidagi LTE-modem hamda 7 nanometrlik texnologik jarayon qo‘llangan.

O‘QING: Qay biri kuchli - Snapdragon 665 yoki Kirin 710?

Qualcomm anonsi ortidan, kechaning o‘zidayoq Asus kompaniyasi ham ushbu chipsetga oid bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, Snapdragon 855 Plus protsessori ilk bora geymerlarga mo‘ljallangan Asus ROG Phone II smartfonida qo‘llanadi. Mazkur o‘yinbop qurilmaning rasmiy taqdimoti esa 23 iyulga belgilangan.

Asus’dan keyin yana bir nechta smartfonsozlar ham Snapdragon 855 Plus bazasida flagmanlar tayyorlashlarini e’lon qilishdi. Jumladan, birinchilar qatorida Xiaomi bayonot berdi, aftidan, yangi chipsetni u Mi Mix 4 modeliga o‘rnatmoqchi.

Shuningdek, Snapdragon 855 Plus (yoki Snapdragon 855+) protsessoriga da’vogarlar safida yana IQOO, Redmi, BlackShark, Lenovo hamda Nubia brendlari ham bor. Turgan gapki, mazkur ro‘yxat kengayishda davom etadi. Hatto Samsung ham keyingi oyda taqdim etiladigan Galaxy Note 10 modelida ushbu chipsetni qo‘llashi mumkin.

O‘QING: Eng qudratli smartfonlar (2019 yil 1-chorak): Galaxy S10+ ikkinchi o‘rinda, qolgan barchasi «xitoylik»!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.