Qualcomm to‘rtta yangi chipni taqdim etdi

Qualcomm to‘rtta yangi chipni taqdim etdi

Qualcomm kompaniyasi to‘rtta yangi chipni taqdim etdi. Ularning ikkitasi hozirda mavjud bo‘lgan chiplarning Plus versiyasi hisoblanadi. Asosiy e’tibor 5G tarmog‘iga qaratilgan, ammo 4G uchun ham yangi imkoniyatlar mavjud. Bundan tashqari, chiplarning to‘rttadan uchtasi 6 nanometrlik jarayon asosida yaratilgan. 

O‘QING: Snapdragon 898 va Dimensity 2000 chiplarining texnik jihatlari ma’lum bo‘ldi 

Snapdragon 778G+ 

Snapdragon 778G o‘rta toifadagi chip hisoblansa-da, yaxshi unumdorlik darajasini beradi. Yangi chip esa bundanda yaxshiroq unumdorlikni taklif etadi. 

Kryo 670  yadrosi endi 2,5 gigagerts chastotada ishlaydi. Bundan tashqari, Adreno 642L grafik protsessori ham kuchaytirildi, bu esa 20% yuqori ishlash unumdorligini taklif etadi. X53 5G modemi avvalgi Snapdragon 778G chipiga ham o‘rnatilgan edi. 

Snapdragon 695 

Ushbu chip Snapdragon 690'ning yangi davomchisi bo‘lib, u mmWave 5G to‘lqinini qo‘llab-quvvatlaydi (Snapdragon 690'da ushbu imkoniyat yo‘q edi). Shuningdek, protsessor unumdorligi 15% ga, grafik protsessor unumdorligi esa 30% ga oshdi. Chunki chipga yangi Kryo 660 yadrosi hamda Adreno 619 grafik protsessori o‘rnatildi. 

Chipdagi yana bir katta o‘zgarishlardan biri - bu uning 6 nanometrlik jarayon asosida yaratilganligidadir. Bu esa energiyani tejashga katta yordam beradi. Avvalgi Snapdragon 690 chipi esa 8 nanometrlik jarayon asosida yaratilgan edi. 

Snapdragon 680 

Ushbu chip 4G LTE modemiga ega. Snapdragon 680 ham o‘rta toifadagi chip hisoblanadi. Chip yangi va eski komponentlardan tashkil topgan. Yuqoridagi chiplar kabi Snapdragon 680 ham 6 nanometrlik jarayon asosida yaratilgan. Chip yangilangan Kryo 265 yadrosi bilan jihozlangan. Shuningdek, u yangi Adreno 610 grafik protsessoriga ega. 

Yangi chip o‘z navbatida kamera imkoniyatlarini ham yaxshilaydi. Chunki unda uchtalik tasvir signal protsessori hamda bitta Spectra 346 yadrosi mavjud. Ular chipsetga bir vaqtning o‘zida uchta kameradan olingan tasvir ma’lumotlarini qayta ishlash imkonini beradi. 

Snapdragon 480+ 

Snapdragon 480 Qualcomm kompaniyasining 5G modemli birinchi 400 seriyali chipseti bo‘lib, uni hamyonbop 5G smartfonlarda uchratish mumkin. Yangi chip esa Snapdragon 480'ning tezkorroq talqini hisoblanadi. 

Snapdragon 480+ chipi nisbatan eskiroq bo‘lgan Kryo 460 yadrosi hamda Adreno 619 grafik protsessori bilan jihozlangan. Shuningdek, u 8 nanometrlik jarayon asosida yaratilgan. Shunday bo‘lsa-da, asosiy yadro endi 2.2 gigagertsda ishlaydi (Snapdragon 480 chipida 2.0 gigagerts edi). Grafik protsessorning ishlash tezligi ham oshdi. 

Ushbu chip 1080p+ rezolyutsiyadagi displeylarni 120Hz gacha tezlikda boshqarishi mumkin, Snapdragon 680 esa faqat 90Hz gacha bo‘lgan chastotani qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, ushbu chip X51 modemiga ega bo‘lib, 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatllaydi. 

Bundan xulosa qilish mumkinki, Snapdragon 680 energiya samaradorligiga ega bo‘lsa, Snapdragon 480+ nisbatan yuqoriroq unumdorlikni taqdim etadi. 

Hozirdan smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ushbu chiplarni sotib olishishga krishishgan. Misol uchun, Nokia kompaniyasi Snapdragon 480+ chipiga qiziqmoqda. Kompaniya avvalroq o‘z smartfonlarini Snapdragon 480 chipi bilan jihozlagan edi. Oppo 5G tarmog‘iga ega bo‘lgan Snapdragon 695 chipiga qiziqyotgan bo‘lsa, Xiaomi ham Snapdragon 695 hamda 778G+ chiplarini sotib olish niyatida. 

O‘QING: Chip yetkazib berish bo‘yicha MediaTek yetakchi! 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!