Qo‘lda harakatlanuvchi aqlli soat yaratildi (+video)

  •   DiMaX
  •  1440
  •  20.05.2017 11:42

Qo‘lda harakatlanuvchi aqlli soat yaratildi (+video)

AQSh, Kanada va Xitoy muhandislaridan tashkil topgan xalqaro jamoa yangi turdagi aqlli soat prototipini yaratdi. Bu soat foydalanishda qulay bo‘lishi uchun, qo‘l bo‘ylab harakatlana oladigan bo‘ladi.

Hozirda biz aqlli soat deganda kengaytirilgan funksiyalarga ega (salkam smartfonlarga tenglashadigan) qo‘l soatlarini tushunamiz. Ularning ilk modellari soat bo‘lishdan tashqari oddiyroq vazifalarni bajara olar edi. Masalan, kalkulyator, pleyer yoki o‘yin pristavkasi vazifasini. Endi zamonaviy aqlli soatlar esa amalda portativ kompyuterdan qolishmaydi: mobil operatsion tizim asosida ishlaydi va chet ilovalarni qo‘llab-quvvatlaydi; ular yordamida telefon qo‘ng‘iroqlarini qabul qilish, xabarga yoki elektron maktubga javob berish mumkin.

Biroq tabiiy sabablarga ko‘ra aqlli soatning ekrani ko‘zdan pana bo‘lib qolishi mumkin, masalan – yeng ostida qolib ketsa, soat egasi uning ekraniga kelgan bildirishnomalarni yo boshqa ma’lumotlarni payqamay qolishi ehtimoli bor.

Yangi – faol aqlli soat prototipi Cito esa bunday kamchiliklardan xoli. Uning korpusi shunday yasalganki, o‘ziga o‘rnatilgan elektromotorlar yordamida soat o‘z ekranini harakatlantira oladi. Ekran soatning tasmasidan chekkaga surila biladi, biror burchagini ko‘tara oladi, o‘z o‘qi atrofida aylanishi va soat tasmasi bo‘ylab – bilak atrofida siljishi mumkin.

Faol aqlli soat qo‘llashda ko‘plab foydali jihatlar mavjud. U ekranini 45 daraja burchak ostida burib, o‘tkazib yuborilgan bildirishnoma haqida xabar berishi mumkin. Qo‘ng‘iroq bo‘lganida, ekrani surilib, yeng ostidan buyoqqa chiqadi. Hatto qulay bo‘lishi uchun bilakning narigi tomoniga o‘tib olishni ham biladi. Shuningdek, u elektromotorni boshqa vazifalar uchun ham qo‘llashi mumkin. Masalan, navigator rejimida yo‘nalishni ko‘rsatish uchun korpusni aylanma harakatga keltiradi. Bu vaqtning o‘zida sizga ekranda boshqa ma’lumotlarni ham yetkazib beraveradi.

Quyidagi videolavhada uning ayrim xususiyatlariga o‘zingiz guvoh bo‘lishingiz mumkin:

Bu turdagi faol aqlli soatlar ommaviy ishlab chiqarishga qachon joriy etilishi haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.