«Qurilmalarni qiynovchi» texnobloger 2020 yilning eng, eng, eng... smartfonlarini e’lon qildi (+video)

  •   DiMaX
  •  2141
  •  07.01.2021 11:57

«Qurilmalarni qiynovchi» texnobloger 2020 yilning eng, eng, eng... smartfonlarini e’lon qildi (+video)

Zak Nelson (Zach Nelson) ismi sizga tanish – bu videobloger JerryRigEverything nomli YouTube-kanalida turli yangi smartfonlarni ayovsiz qiynab ko‘rsatadi. O‘tgan yilning boshida u 2019 yildagi eng zo‘r smartfonlari reytingini chiqargan bo‘lsa, kuni kecha 2020 yildagi eng yaxshi va eng yomonlarini aytdi.

O‘QING: JerryRigEverything: «Xiaomi’ning eng mustahkam smartfoni – ayni mana shu o‘rta narxli modeli bo‘ladi!» (+video)

2020 yilning eng ta’mirga yaroqli smartfoni, Nelsonning e’tiroficha, Google Pixel 5 modeli ekan. Oktyabrning boshida chiqqan bu qurilmaning ekranini tajribali mutaxassis atigi 60 soniyada almashtira oladi, deydi u.

O‘tgan yildagi eng innovatsion smartfon sifatida Axon 20 5G modeli alohida ta’kidlangan. ZTE kompaniyasi 1 sentyabr kuni taqdim etgan ushbu qurilma ekranosti selfi-kamerali birinchi tijoriy smartfondir.

iPhone 12 Pro Max modelini texnobloger «ichki tuzilishi eng chiroyli smartfon» deya maqtagan. Va nihoyat, eng mustahkam smartfon e’tirofiga Google Pixel 4a modeli sazovor bo‘lgan.

Eng yaxshi smartfonlardan tashqari, Zak Nelson eng yomonlarini ham sanab o‘tgan. Jumladan, Xiaomi kompaniyasining o‘yinbop Black Shark 3 modeli eng ta’mirga yaroqsiz smartfon, deb topilgan. Shikastlarga eng chidamsiz smartfon sifatida bloger OnePlus Nord telefonini ko‘rsatgan.

Bloger alohida – «tashqi ko‘rinishi aldamchi smartfon» yo‘nalishida ham o‘sha Google Pixel 5 modelini tanqid qilgan. Uning korpusi alyuminiydan ishlangandek taassurot uyg‘otsa-da, aslida uning ichidagi ayrim qismlarigina metalldan qilingan.

O‘QING: Beshta yo‘nalishda 2020 yilning eng zo‘r Android-smartfonlari (Gizmochina reytingi)