Quvvati 5 kunga yetuvchi nostandart smartfon – Poco M3 namoyish qilindi

  •   DiMaX
  •  14942
  •  25.11.2020 11:17

Quvvati 5 kunga yetuvchi nostandart smartfon – Poco M3 namoyish qilindi

Xiaomi korporatsiyasi o‘zining hamyonbop devayslar chiqarishga ixtisoslashgan Poco (yoki POCOPHONE) brendi ostida navbatdagi telefonini taqdim etdi. Poco M3 nomli bu gadjet ikki haftadan beri eng ommabop smartfonlar reytingida yetakchi bo‘lib kelayotir.

O‘QING: Xiaomi yangi rekordi bilan Realme’ni «joyiga o‘tirg‘izib» qo‘ydi!

Poco M3 noodatiy kamera dizayni bilan ajralib turadi; uning korpusi plastikdan ishlangan bo‘lib, yuzasi charmga o‘xshash. Kompaniya uni uch xil – Power Black, Cool Blue hamda Poco Yellow ranglarida taklif etadi. Korpus o‘lchami 162,3x77,3x9,6 millimetrga teng, vazni esa 198 grammni tashkil etadi.

Smartfonning «elektron yuragi» – 11 nanometrlik tex-jarayonga asoslangan Qualcomm Snapdragon 662 protsessori. Poco M3 doimiy xotirasi 64 va 128 gigabaytlik variantlarda chiqadi; tezkor xotirasi har ikkala holatda ham 4 gigabaytlik. Qurilmada ikkita SIM-karta slotidan tashqari, alohida microSD-karta uyachasi ham ko‘zda tutilgan.

Poco M3 modelining asosiy o‘ziga xosliklaridan biri – naq 6000 mA/soatlik batareyasidir. To‘g‘ri, bu hozirda rekord ko‘rsatkich emas, lekin, ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, yengilroq yuklama bilan ishlatganda uning avtonomligi 5 kungacha boradi! O‘rtacha foydalanganda Poco M3 akkumulyatorining quvvati 3 kunga, ayamasdan ishlatganda ham bir yarim kunga yetadi, deyapti Xiaomi. Darvoqe, smartfon USB-C porti orqali 18 vattlik tezkor quvvat oladi.

Kompaniya bu devaysini diagonaliga 6.53 dyuymlik, IPS-matritsali displey bilan ta’minlagan. Uning tasvir aniqligi FHD+ formatida (2340x1080 piksellik), ekranda kadr yangilanishi esa 60 gerslik. Ekranning tomchisimon kemtigida 8 megapiksellik old kamera joylangan. Bosh kamera esa uchta datchikdan iborat: 48 Mp + 2 Mp + 2 Mp.

Qurilmada simsiz interfeyslardan 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 ac), Bluetooth 5, GPS hamda GLONASS, FM-radio mavjud. Poco M3 yana stereodinamiklari, 3,5 millimetrlik standart quloqchin tirqishi, smartfonni boshqaruv pulti sifatida qo‘llashga imkon beruvchi infraqizil datchigi hamda yon tomoniga joylangan daktiloskopik skaneri bilan maqtana oladi. Rasmiy sahifasida NFC moduli haqida ma’lumot yo‘qligiga qaraganda, unga bunday chip o‘rnatilmagan.

Android 10 operatsion tizimli Poco M3 smartfoni MIUI 12 grafik qobig‘i bilan ishlaydi, unga yana Poco launcher ham joriy etilgan Xiaomi uni keyinroq Android 11 tizimigacha yangilaydi.

Poco M3 sotuvga 27 noyabrdan chiqadi, uning 4/64 gigabaytlik varianti uchun 149 AQSh dollari, 4/128 gigabaytligiga esa 169 dollar miqdorida narx belgilangan. Uning savdoga chiqarilishi «Qora juma» – chegirmalar kuniga to‘g‘rilangan; ayni shu kuni smartfon o‘z narxidan 20 dollarga arzonroq – tegishlicha 129 va 149 dollarga sotiladi.

O‘QING: Xiaomi texnikasi nega bunchalik qimmatlashdi? Kompaniya rahbari afsusda...

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!