Quvvati 9 kunga yetuvchi, GPS datchikli Mi Watch Lite taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  873
  •  10.12.2020 13:00

Quvvati 9 kunga yetuvchi, GPS datchikli Mi Watch Lite taqdim etildi

Xiaomi kompaniyasi Mi Watch turkumida bir qator smart-soatlar taqdim etgan. O‘tgan oyning oxirida esa uning arzonchi brendi NFC chipli, ixcham va arzon Redmi Watch smartvochini chiqargan.

O‘QING: Redmi Watch ortidan uning yanada arzon, IP68-himoyali va avtonomligi yuqori raqibi chiqdi!

Redmi brendining bu ilk aqlli soatini kompaniya Xiaomi Mi Watch Lite nomi ostida global bozorga ham chiqarishi aytilgan edi. Bugun – 10 dekabr kuni shu nomdagi aksessuar namoyish etildi, lekin u Redmi Watch modelidan biroz farq qiladi.

Xiaomi Mi Watch Lite taqdimoti uchun kompaniya alohida tadbir uyushtirib o‘tirmasdan, shunchaki uni o‘zining Mi.com rasmiy saytiga chiqarib qo‘yaqoldi. Gadjetning narxi ko‘rsatilmagan, aftidan, uni turli mamlakatlar bozoriga har xil narxlarda yetkazib bermoqchi.

Aqlli soatning ekrani diagonaliga 1,4 dyuym keladi, rezolyusiyasi esa 230x230 piksellik. Unda siferblatning 20 xil varianti taklif etiladi. Mi Watch Lite tomir urishini uzluksiz monitoring qilib borish tizimiga hamda uyqu monitoringi funksiyasiga, shuningdek, jismoniy mashg‘ulotlarning 11 xil rejimiga ega. Hozirda eng dolzarblaridan bo‘lib turgan nafas mashqlari uchun unga alohida ilova joriy etilgani e’tiborga loyiq.

Devaysning xususiyatlarida NFC moduli haqida hech gap yo‘q, lekin unga GPS/GLONASS datchigi o‘rnatilgan.

Xiaomi Mi Watch Lite korpusining o‘lchamlari 41x35x10,9 millimetr keladi, vazni esa 21 gramm (tasmachasi bilan – 35 gramm) chiqadi. Uni suvdan himoya (5ATM) qilishgan: soatni yechmasdan cho‘milish mumkin, lekin chuqur sho‘ng‘ish tavsiya etilmaydi.

Smart-soatni tok sig‘imi 230 mA/soatlik batareya bilan ta’minlashgan, uning avtonomligi 9 sutkaga boradi, deyishmoqda.

Mi Watch Lite sotuvga qachon chiqishi ham ma’lum qilinmagan; bu borada ham turli mamlakatlar uchun alohida grafikka amal qilishsa kerak.

O‘QING: Xitoyliklar o‘z-o‘zini quvvatlovchi ilk smart-soatni tayyorlashdi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!