Rasman: Apple yangi avlod MacBook Pro noutbuklarini taqdim etdi

Rasman: Apple yangi avlod MacBook Pro noutbuklarini taqdim etdi

Apple kompaniyasi 14 hamda 16 dyuymli yangi avlod MacBook Pro noutbuklarini taqdim etdi. Shuningdek, taqdimotda M2 va M2 Pro chipli yangi Mac mini qurilmasi ham namoyish etildi. MacBook'lar yangilangan ulanish tanlovlarini taklif qilsa, yangi Mac mini avvalgiga qaraganda arzonroq boshlang‘ich narxda taqdim etildi. 

14 hamda 16 dyuymli MacBook'lar M2 Pro va M2 Max chiplari bilan konfiguratsiyalashgan. Avvalgi M1 Pro va M1 Max chiplariga qaraganda ular 20% yuqori CPU unumdorligi hamda 30% yuqori GPU unumdorligini taqdim etadi. 

M2 Pro chipini yoki 10 ta yadroli CPU hamda 16 ta yadroli GPU, yoki 12 ta yadroli CPU hamda 19 yadroli GPU konfiguratsiyada tanlash mumkin. M2 Max chipida esa yoki 12 ta yadroli CPU hamda 30 ta yadroli GPU, yoki 12 yadroli CPU va 38 ta yadroli GPU ko‘rinishida tanlash imkoni mavjud. 

Yangi protsessorlar o‘zi bilan yangilangan xotira konfiguratsiyasini ham olib keldi. M2 Pro chipi 16/32GB, M2 Max esa 32/64/96GB xotira imkoniyatlarini taqdim etadi. Flesh xotira turlari 512GB dan 8TB gacha mavjud. Eng arzon versiya 16/512GB xotiraga ega model hisoblanadi. 

Protsessorlar, shuningdek, noutbuklarning akkumulyator avtonomlik vaqtini oshishiga xizmat qildi. 14 dyuymli modelda 18 soat video tomosha qilish yoki 12 soat internetdan foydalanish mumkin bo‘lsa, 16 dyuymli modelda ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 22 hamda 15 soatni tashkil etadi. 

Yangi MacBook modellari takomillashgan ulanish opsiyalariga ega bo‘ldi. Simsiz bog‘lanishlarda tezkor Wi-Fi 6E yordam beradi. HDMI porti 2.1 standartiga o‘zgaradi, endi u 8K 60 gerts hamda 4K 240 gerts formatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Ikki noutbukning narxi quyidagicha:

MacBook Pro 14 dyuym

1999 dollar

2499 dollar

3099 dollar

MacBook Pro 16 dyuym

2499 dollar

2699 dollar

3499 dollar

Ish stoli kompyuteriga o‘tadigan bo‘lsak, Mac mini qurilmasining M2 va M2 Pro protsessorlari bilan jihozlangan versiyalari taqdim etildi. Boshlang‘ich narx 599 dollardan boshlanadi. 10 ta CPU hamda 16 ta CPU yadroga ega M2 Pro chipli modelning narxi esa 1299 dollarni tashkil etadi. Tezkor xotiraning 16/32GB turlari mavjud bo‘lsa, flesh xotira 2TB gacha bo‘lishi mumkin. M2 Pro protsessorli model esa 8TB gacha bo‘lgan xotirani taqdim eta oladi. Mac mini kompyuterining M2 Max protsessorli versiyasi mavjud emas. 

Barcha Mac mini modellari Wi-Fi 6E'ga ega. M2 Pro protsessorli model bitta HDMI 2.1 va to‘rtta Thunderbolt 4 portlariga ega. Oddiy M2 protsessorli modelda faqat ikkita Thunderbolt 4 porti bo‘ladi holos. 

O‘QING: Mashhur o‘yinbop smartfon xalqaro bozorga sotuvga chiqmoqda