Rasman: Pixel 7 va Pixel 7 Pro smartfonlari taqdim etildi

Rasman: Pixel 7 va Pixel 7 Pro smartfonlari taqdim etildi

Boshqa kompaniyalardan farqli o‘laroq Google bir yil davomida sanoqli yangi smartfonlarni taqdim etadi. Yangi Pixel 7 seriyasi bilan Google 2022 yilda atigi uchta (Pixel 6a bilan hisoblaganda) smartfon chiqardi. Bu Apple taqdim etgan smartfonlar sonidan ham kam. 

Bu yilgi yangi qurilmalar ham xuddi o‘tgan yilgi kabi - kichik hajmli oddiy model hamda yaxshiroq displey va kamerlarga ega Pro model. Albatta, oddiy modeldan Pro model bir muncha qimmatroq. 

Google Pixel 7 Pro 

Keyingi 12 oy ichida Google taklif qiladigan eng yaxshi smartfon bu - Pixel 7 Pro hisoblanadi. Flagman model sifatli displey va katta hajmli sensorga ega asosiy kamera bilan jihozlangan. Shuningdek, kompaniya ushbu modelni uzoq yillik dastur yangilanishi bilan taminlaydi. 

Agar o‘tgan yilgi Pixel 6 Pro modeli bilan taqqoslansa, yangi modelni juda ham o‘zgarib ketgan deyish qiyin. Asosiy o‘zgarish deb yangi Tensor G2 chipi hamda yangilangan telefoto kamerani aytish mumkin. 

Yangi Tensor G2 chipi to‘rt nanometrli jarayon asosida yaratilgan bo‘lib, u ikkita Cortex-X1, ikkita Cortex-A76 hamda to‘rtta Cortex-A55 yadrolariga ega. Garfika uchun esa Mali-G710 MC10 javob beradi. U o‘tgan yilgi modelga o‘rnatilgan G78 grafik protsessoriga qaraganda yuqori unumdorlik hamda samaradorlikni taqdim etadi. 

Ikkinchi avlod Tensor chipi mashina o‘rganish vazifalarini 60% tezroq hamda 20% samaraliroq bajarishga qodir. Chipdagi markaziy protsessor Pixel 7 va 7 Pro'ga xos bo‘lgan Photo Unblur kabi funksiyalar uchun mas’ul bo‘lib, u har qanday eski suratlardagi xiralik va shovqinlarni olib tashlash uchun Google'ning ilg‘or sun’iy intellektidan foydalanadi. Shuningdek, chipset kamerlarning umumiy sifatini oshishiga ham yordam beradi. 

Xuddi o‘tgan yilgi model kabi, Pixel 7 Pro ham 12GB tezkor xotira hamda 128GB, 256GB, 512GB doimiy xotiraga ega bo‘ldi. Afsuski, xotirani microSD kartasi bilan kengaytirishning iloji yo‘q. Smartfonga bitta SIM-karta hamda bitta elektron SIM-karta qo‘yish mumkin. 

Endi kamera haqida ma’lumot bersak. Orqa panelda 1/1.31 dyuymli sensorga ega 50MP asosiy kamera joylashgan bo‘lib, u to‘rtta pikselni bittaga birlashtiradi. Asosiy kamera diafragmasi f/1.85 bo‘lib, u 82° ko‘rish maydoniga ega. Agar kameraga yanada kengroq maydonni sig‘dirish kerak bo‘lsa, u holda 12MP ultrakeng kamera yordamga keladi. Ushbu kamera 125.8° ko‘rish maydoniga ega. Bu yilgi ultrakeng kamera biroz takomillashtirildi. Endi u avtofokus imkonyatiga ega bo‘lib, makro suratlarni ham olishi mumkin.  

Asosiy kamera optik hamda elektron stabilizatsiyaga ega. U 4K 30 yoki 60 kadr formatda videolar olishi mumkin.

Smartfon 10 bitli HDR video yozib olishi mumkin va Google kompaniyasi Snapchat va TikTok kabi ilovalarning ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilib, ular uchun yuqori sifatli videolarni ham taqdim etadi. Kamera ilovasi kinematik xiralik yaratish yoki qo‘lda tasvirni yanada barqarorlashtirish uchun Tensor G2 chipsetining yangi imkoniyatlariga tayanadi. Uchinchi kamera bu - 48MP telefoto. Ushbu kameraning optik zumi 5x yaqinlashtirishga oshdi. 

Pro model 6.71 dyuymli AMOLED displeyi bilan jihozlangan. Bu QHD+ rezolyutsiyadagi LTPO displey turi bo‘lib, u 10-120 gerts chastotalarga almashgan holda ishlashi mumkin. Displey chetlari biroz qayrilgan, uni Gorilla Glass Victus oynasi himoyalab turadi. Ekran ostida barmoq izi skaneri joylashgan. Shuningdek, smartfonni yuzni tanish funksiyasi orqali himoya qilish mumkin. 

Yangi modelning akkumulyator sig‘imi o‘zgarmagan - 5,000 mAs. Uni simsiz quvvlash mumkin, bundan tashqari, gadjet o‘zidan ham boshqa qurilmalarga simsiz quvvat berishi mumkin. Smartfon suv va changdan himoya IP68 standartiga ega. Korpus 100% qayta ishlangan alyuminiydan tayyorlangan. 

Google Pixel 7

Pixel 7 - bu Pro modelning arzonoq va kichikroq muqobili. Albatta, ushbu model Pixel 6a modeliga qaraganda kattaroq. 

Google oddiy model uchun ham 8GB tezkor xotirani saqlab qoldi, ammo endi doimiy xotira uchun 128GB yoki 256GB tanlash kerak. Kompaniya qurilmani uch yillik Android yangilanishi hamda 5 yillik xavfsizlik yangilanishi bilan taminlaydi. 

Pixel 7 modeli avvalgi Pixel 6'ga qaraganda biroz kichikroq. Uning displey hajmi bir dyuymga kichraygan - 6.3 dyuym. Ikki qurilmaning hajm hamda og‘irligi quyidagicha:

Pixel 7 - 155.6 x 73.2 x 8.7mm, 197g

Pixel 6 - 158.6 x 74.8 x 8.9mm, 207g.

Qurilma biroz kichraygan bo‘lsa-da, uning hajmi Galaxy S22 hamda iPhone 14 modellaridan kattaroq. 

Displey hamon FHD+ rezolyutsiyadagi AMOLED. Yorqinlik endi 25% ga oshdi. Afsuski, displey faqat 90 gertsda ishlaydi. Hech bo‘lmaganda 120 gerts bo‘lganda yaxshiroq bo‘lardi, lekin Pixel 7 modeli 60 gertsli displeyga ega iPhone 14'dan ham arzonroqligini hisobga olish kerak. 

Qurilma hajmi kichraygani sabab uning akkumulyator sig‘imi ham kichraygan. O‘tgan yilgi model 4,614 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lgan bo‘lsa, endi u 4,355 mAs sig‘imga kichraydi. Biroq yangi chip sabab smartfonning quvvat tejamkorligi ham oshgan. 

Pro model kabi oddiy model ham 50MP asosiy kameraga ega. Ikkinchi kamera esa 12MP ultrakeng. Telefoto kamera mavjud emas, zum uchun smartfon asosiy kameraga tayanadi. Old panelda 10.8MP selfi kamera joylashgan. Pixel 6 modeli 8MP selfi kameraga ega ekanligini hisobga olsak, buni o‘sish deyish mumkin. Pro model ham xuddi shu selfi kameraga ega. 

Ikki qurilmaning boshlang‘ich narxi quyidagicha:

Pixel 7 - 600 dollar

Pixel 7 Pro 900 dollar.

Qurilmaga oldindan buyurtma olish boshlangan. Sotuvlar 13 oktyabrdan boshlanadi. 

O‘QING: Yana bir Ultra smartfon taqdim etildi 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!