Rasman: Xiaomi 13 va 13 Pro modellari taqdim etildi

Rasman: Xiaomi 13 va 13 Pro modellari taqdim etildi

Xiaomi kompaniyasi o‘zining ikkita yangi flagmani - Xiaomi 13 va 13 Pro smartfonlarini taqdim etdi. Ikki qurilma Qualcomm kompaniyasining eng so‘nggi hamda eng kuchli chipseti hisoblanuvchi Snapdragon 8 Gen 2 bilan jihozlangan. 

Smartfonlarning kamera texnik ko‘rsatkichlari ancha yaxshilangan. Shuningdek, ularning dizayni ham yetarlicha o‘zgargan. Ikki model faqat Xitoy bozori uchun taqdim etildi. Tez orada xalqaro bozorga sotuvga chiqadi degan umiddamiz. 

Xiaomi 13 Pro

Bu yilgi katta modelning displeyi o‘zgarishsiz qoldi. O‘tgan yilgi Xiaomi 12 Pro modeli 6.73 dyuymli displeyga ega edi. Yangi model xuddi shu hajmli hamda texnik ko‘rsatkichlarga ega displey bilan jihozlangan. Bu yerda HDR10+ hamda Dolby Vision imkonyatlariga ega bo‘lgan 120 gertsli LTPO panel haqida gap ketmoqda. 

Displeydagi yagona o‘zgarish maksimal yorqinlik darajasi. Xiaomi 13 Pro displeyining yorqinlik darajasi 1200 nit, shu bilan birga HDR videoni ijro etish paytida yorqinlikning eng yuqori darajasi 1900 nitga yetishi mumkin. Snapdragon 8 Gen 2 chipi LPDDR5X va UFS 4.0 xotiralari bilan integrallashgan. 

Kamera haqida so‘z borar ekan, smartfon orqa panelidan uchta 50MP kameralar o‘rin olgan. Bir dyuymli Sony IMX989 sensori Xiaomi 12S Ultra modelidan olingan. Leica brendi bilan hamkorlikda ishlangan kamera diafragmasi f/1.9 bo‘lib, u giper optik stabilizatsiya bilan jihozlangan. 

Telefoto kamera esa ancha o‘sishga erishgan. To‘g‘ri, u hali hamon 50MP, ammo zum yaqinlashtirish uch martaga oshdi. Ultrakeng kamerada esa hech qanday o‘zgarish yo‘q. Aniqroq qilib aytganda, u hali ham f/2.2 diafragmadagi 50MP kamera. Ushbu kamera makro va avtofokus imkoniyatiga ega. 

Akkumulyator hajmi 4,820 mAs sig‘imga oshgan. Surge G1 chipi yordamida smartfon 120 vattda simli, 50 vattda esa simsiz quvvatlanishi mumkin. Shuningdek, u o‘zidan 10 vatt tezlikda quvvat berishi mumkin. 

Qo‘shimcha foydali funksiyalar qatoriga Dolby Atmos funksiyasini qo‘llab-quvvatlovchi stereo dinamik, infraqizil port hamda IP68 standartini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Avvalgi modellarda suv va changdan himoya qilish standarti bo‘lmas edi. 

Qurilmaning oq, qora va yashil rangli turlari keramika bilan ishlangan orqa panelga ega. Ko‘k rangli modelning orqa paneli esa charm bilan qoplangan. 

Xiaomi 13

Kichik modelning displey hajmi 6.36 dyuymga oshdi. Ammo texnik ko‘rsatkichlar o‘zgarmagan, ya’ni displey 120 gerts, 1080 x 2400 piksel rezolyutsiyada bo‘lib, Dolby Vision, HDR10+ imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Maksimal yorqinlik Pro model kabi 1900 nitni tashkil qiladi. Ammo displey Pro modelniki kabi LTPO emas. 

Ushbu model ham Leica brendidagi kameralar bilan jihozlangan. Asosiy kamera rezolyutsiyasi 50 megapikselni tashkil qilib, u f/1.8 diafragma hamda giper optik stabilizatsiyaga ega. Ikkinchi kamera 3x optik zumga ega bo‘lgan 10MP telefoto bo‘lsa, uchinchi kamera sifatida qurilmaga f/2.2 diafragmadagi 12MP ultrakeng kamera o‘rnatilgan. 

Xiaomi 13 modeli 67 vattda quvvat oluvchi 4,500 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. U, shuningdek, 50 vattda simsiz quvvat olishi hamda 10 vattda o‘zidan boshqa gadjetlarga quvvat berishi mumkin. 

Oddiy modelda ham Dolby Atmos funksiyasini qo‘llab-quvvatlovchi stereo dinamik, infraqizil port hamda IP68 standarti mavjud. Pro modeldan farqli o‘laroq, oddiy modelning orqa paneli shisha bilan qoplangan. Uning qora, yashil, ko‘k, kulrang, sariq va qizil rangli turlari taqdim etildi. Ko‘k rangli model charm qoplamali panelga ega. 

Ikki qurilmaga oldindan buyurtma berish Xitoyda 14 dekabr sanasidan boshlanadi. Ularning narxi quyidagicha:

Xiaomi 13

8/128GB - 575 dollar

8/256GB - 615 dollar 

12/256GB - 660 dollar

12/512GB - 720 dollar

Xiaomi 13 Pro

8/128GB - 720 dollar

12/512GB 900 dollar

Smartfonlarning xalqaro bozordagi narxi hamda qachon sotuvga chiqishi keyinroq e’lon qilinadi. 

O‘QING: Hali taqdim etilmagan Galaxy A54 5G Geekbench'da o‘z kuchini ko‘rsatdi 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!