Rasmiy: Huawei P20 Pro — hayratomuz smartfon taqdim qilindi!

Rasmiy: Huawei P20 Pro — hayratomuz smartfon taqdim qilindi!

Ko‘zimiz o‘rgangan va orqasida 2 ta kamera sensori mavjud smartfonlar o‘tmishda qoldi. Xitoyning yetakchi IT-kompaniyasi bosh kamerasida 3 ta sensor mavjud jahondagi ilk smartfonni taqdim qildi. Ulardan biri 40 megapiksel aniqligidagi surat oladi va 5 karralik gibrid yaqinlashtirish texnologiyasini taklif qiladi. Hali bunday jihatga ega biror muqobil smartfon mavjud emas.

Shu bilan birga, Huawei P20 Pro narxi ham chakki emas — 900 yevro, ya’ni 1100 AQSh dollari! Agar nisbatan arzonrog‘i kerak bo‘lsa, ikki kamerali Huawei P20 flagmani ham bor. Quyida yangi devayslar bilan batafsil tanishamiz.

Huawei P20 Pro'ning jihatlari:
Displey: 6,1-dyuymli, OLED matritsali, FullHD+ sig‘imli (2240x1080 pikselli) va tomonlar nisbati -- 18,5:9 standartli;
Chip: 8 yadroli, "sun’iy aql"ga ega Kirin 970;
Xotira: 6 GB tezkor va 128 GB doimiy;
Kamera: 16 Mp + 20 Mp + 40 Mp, f/1.6 + f/1.8 + f/2.4, 5 karralik yaqinlashtirish, old kamera 24 Mp, old kamerada ham portret rejimi bor;
Akkumulyator: 4000 mA soat;
Operatsion tizim: Android 8.1 Nougat'ning o‘zlashtirilgan EMUI 8.1 proshivkasi;

Kamera
Bosh kamerasi 3 ta moduldan iborat bo‘lgan jahonning ilk kamerasi.
16 Mp sig‘imli sensor standart rejimlarda suratga oladi;
20 Mp sig‘imli modul esa oq-qora suratlarni yuqori aniqlikda oladi;
40 Mp sig‘imli kamera esa rangli va kattalashgan fokusdagi suratlar olishga mo‘ljallangan.

Kamera ko‘hna va tajribali nemis firmasi bo‘lgan Leica tomonidan ishlab chiqarilgan va fototexnika sanoatining so‘nggi yutuqlari bilan jahonda ilg‘or.

5 karralik zum texnologiyasi

Smartfon kamerasi yordamida manzarani 5 karra yaqinlashtirib suratga olish bunga qadar kuzatilmagan.

Quyidagi surat 5 karralik yaqinlashtirish orqali olingan.

Huawei katta o‘lchamli pikseli bilan ham maqtanmoqda: Huawei P20 Pro pikseli Galaxy Note 8 va iPhone X'nikidan bir yarim barobar katta.

Yorug‘lik taqsimlovchi ob’yektiv f/1.6 standartli — yomon emas, biroq bu borada Samsung Galaxy S9 (f/1.5) ilg‘or. Ammo 20 megapikselli oq-qora sensor hisobiga smartfon qorong‘uda ham eng taassurotli suratlarni olishi kerak.

Har uchala sensor olgan suratlar avtomatik ravishda yaxlit holga keladi va keng dinamik diapazonga va tabiiy rangga ega bo‘lgan tasvirlar hosil bo‘ladi.

Kamera bilan bog‘liq yana bir jihat — ISO darajasi. Huawei'ning ma’lum qilishicha, smartfon bu borada ham mutloq g‘olib. ISO darajasi maksimum 51 200 (an’anaviy ISO darajasi 6400 bo‘lar edi) ni tashkil qiladi.

P20 modelining P20 Pro'dan farqi — 40 Mp aniqligidagi kamera moduli yo‘q. Ya’ni, unda faqat 2 karralik zum tatbiq qilingan. iPhone X, Samsung Galaxy Note 8 va boshqalar kabi.

Har ikkala smartfona super slow-mo video (960 k/s, HD) yozadi. Bu borada Samsung Galaxy S9 bilan bir xil. Video sig‘imi Full HD (Xperia XZ2 kabi) bo‘lsa, zo‘r bo‘lardi.

PS: 40 megapikselli kameralar shu vaqtga qadar Nokia PureView smartfonida ham bo‘lgan.

Ekran
Huawei P20 Pro — 6,1 dyuymli, AMOLED matritsali va Full HD+ (2240x1080) pikselli ekranga ega bo‘lgan. Bu borada u iPhone X bilan bir xil. Ekran o‘ta sifatli va yorqin. Qolaversa, ekran yuqorisidagi o‘yig‘i bilan ham bu smartfon iPhone modeliga taqlid qilgan. Shu shartmidi?

Huawei P20 ekrani 5,85 dyuymli va IPS matritsali. iPhone X ekrani bilan bir xil. IPS matritsa bo‘lsa ham, uning tasvirni aks ettirishi juda sifatli ekani ko‘rinib turibdi.

iPhone X modelidan farqlanib turish uchun Huawei barmoq izi skanerini ekran ostiga joylashtirgan.

Dizayn
P20/Pro istarasi iPhone X'ni eslatib turibdi. Sayqallangan metall sinch, shishadan tayyorlangan orqa panel, vertikal joylashtirilgan kameralar, orqa panelda skanerning yo‘qligi. Apple flagmanining muvafaqqiyati Huawei'ning bu qarorida ham o‘z isbotini topdi.

Pantone instituti bilan hamkorlikda flagmanlarning siren rangli talqini ham tayyorlangan.

Funksionalligi
Huawei P20 modelida 3400 mA soat tok sig‘imiga ega batareya o‘rnatilgan. Bu sig‘im smartfonga bir yarim yoki ikki kun ishlashiga bemalol yetadi. P20 Pro esa 4000 mA soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlangan. OLED ekran hisobiga bu smartfon yanada uzog‘roq ishlaydi.

Har ikkala smartfonning doimiy xotirasi 128 gigabaytli, tezkor xotira esa 4 yoki 6 GB hajmida. Xotirani kengaytirib bo‘lmaydi.

Protsessor — Kirin 970 bo‘lib, u tasvirga olish chog‘ida "sun’iy aql" texnologiyasidan foydalanadi. Benchmarklarda bu chip Qualcomm Snapdragon 845 kabi yuqori ball to‘plamagan bo‘lsa ham, aslida foydalanuvchi uchun zarur samaradorlikni ta’minlaydi.

Korpus IP67 standarti bo‘yicha suvdan himoya qilingan. Smartfonlarda 3,5 mm o‘lchamidagi audio tuynukdan voz kechilgan. Yuqori talqinda esa Dolby stereodinamiklari mavjud.

Raqiblari

Huawei P20 Pro jahonning eng qimmat smartfonlaridan bo‘ladi. Pro-versiyaning eng katta raqibi — Samsung Galaxy S9+. Albatta, iPhone X ham yana bir jiddiy raqib.

Huawei P20 modeli ham yomon emas. S9'dan arzon bo‘lgan bu smartfon qo‘sh kamerasi va imkoniyatlari bilan sizni xushnud qiladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!