RASMIY VIDEO: Mi A3 namoyish etildi: Xiaomi CC9e’ning global talqini, ammo farqlari bor (ayniqsa narxi!)

  •   DiMaX
  •  4425
  •  18.07.2019 10:28

RASMIY VIDEO: Mi A3 namoyish etildi: Xiaomi CC9e’ning global talqini, ammo farqlari bor (ayniqsa narxi!)

Kutilganidek, kecha – 17 iyul kuni Xiaomi kompaniyasi Android One dasturi doirasiga kiruvchi Mi A3 smartfonini taqdim qildi. Mazkur gadjet allaqachon taqdimot o‘tkazilgan Ispaniyada sotuvga ham chiqdi; Yevropaning yana bir nechta mamlakatida esa yaqin orada savdoga qo‘yiladi.

O‘QING: Ommalashgan Xiaomi haqida ommalashmagan ma’lumotlar

Mi A3 yaqinda Xitoyda namoyish etilgan CC9e smartfonining global varianti bo‘lishi haqidagi ma’lumotlar tasdiqlandi. Uning apparat ta’minoti asosini Snapdragon 665 protsessori tashkil etadi. Operatsion tizim sifatida toza Android 9.0 Pie o‘rnatilgan, ya’ni MIUI grafik qobig‘i yo‘q. Xiaomi CC9e modelidan farqli ravishda, yangi modelda microSD-karta uchun uyacha mavjud. Yana xitoycha smartfonda tezkor xotira 6 gigabaytlik bo‘lsa, xalqaro versiyada atigi 4 gigabayt bilan cheklangan.

Yangi smartfonning 6,088 dyuymlik AMOLED ekrani ustiga Gorilla Glass 5 himoya shishasi yotqizilgan. Displeyning tasvir aniqligi 1560x720 piksellik, unga barmoq izi skaneri ham integratsiya qilingan.

Xiaomi Mi A3 old kamerasi 32 megapiksellik datchikka ega. Bosh kamera esa uchtalik: 48 MPlik asosiy moduli F/1,79 diafragmali ob’yektiv bilan birlashtirilgan. Ikkinchi sensori 8 MPlik bo‘lib, unga 118 darajalik ko‘rish burchagiga ega keng burchakli ob’yektiv hamrohlik qiladi. Tasvirga olinayotgan sahnaning chuqurligini aniqlash uchun 2 megapiksellik uchinchi modul ham o‘rnatilgan.

Smartfon akkumulyatorining tok sig‘imi 4030 mA/soatlik, u zamonaviy USB-C porti orqali quvvatlanadi. Korpusdan yana standart quloqchin tirqishi hamda infraqizil port ham o‘rin olgan.

O‘QING: Xiaomi rasman Mi 9 hamda Mi 9 SE flagmanlarini arzonlashtirdi!

Quyida Xiaomi Mi A3 modeliga bag‘ishlab tayyorlangan rasmiy videolavhani tomosha qilishingiz mumkin:

Xiaomi Mi A3 uch xil tusli korpuslarda taklif etiladi: ko‘k, kul rang va «ayyorona oq». Bulardan oxirgisi quyosh nurlari ostida korpusda qor uchqunlari aks etishi bilan oddiy oq rangdan farqlanadi.

Afsuski, Xiaomi Mi A3 ko‘pchilik kutganidek arzon bo‘lib chiqmadi, ayniqsa, ekran Full HD emas, balki atigi HD+ formatida ekanini hisobga olganda. Yevropada uning 4/64 gigabaytlik tezkor/ichki xotiraga ega boshlang‘ich versiyasi 250 yevroga baholangan. Nisbatan «bag‘ri keng» – 4/128 gigabaytlik talqini uchun esa kompaniya 280 yevro so‘ramoqda.

O‘QING: Yetti ming dollarga Redmi K20 Pro bor, olasizmi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!