Rasmiy: yangi avlod Nokia 6 smartfoni taqdim qilindi

Rasmiy: yangi avlod Nokia 6 smartfoni taqdim qilindi

2017 yilning yanvarida Nokia brendi ostida smartfon ishlab chiqaruvchi HMD Global kompaniyasi o‘zining ilk smartfoni -- Nokia 6 modelini taqdim qilgan edi. Oradan bir yil o‘tib, kecha kompaniya tomonidan ikkinchi avlod Nokia 6 (2018) modeli taqdim qilindi. Uning apparat ta’minoti takomillashib, dizayni yanada ko‘rkamlashgan.

Nokia 6 bu gal 6000 seriyasidagi alyuminiy qotishmasidan tayyorlangan korpusga ega bo‘lgan. Uning korpus yonlari olmos kabi qirrador hoshiya bilan o‘rab olingan. Orqa panel o‘zining "istarasini" Nokia 5 modelidan olgan va bu yerda barmoq izi skaneri o‘rnatilgan.

Nokia 6 (2018)'ning korpus o‘lchamlari: 148,8x75,8x8,15 mm. Smartfon 2 rangda ishlab chiqarilmoqda: qora va kumush. Kompaniya displeyni bugungi tendensiyani rad qilgan holda, negadir 18:9 formatida ishlab chiqarmagan. Smartfon ekrani 5,5 dyuymli hamda Full HD (1920x1080) sig‘imli. Uning tomonlar nisbati an’anaviy -- 16:9 standartida.

Devaysning apparat ta’minoti uchun — 2,2 GGs chastota tezligiga ega Snapdragon 630 protsessori tanlangan. Aytish joizki, bugungi kunda smartfon bozorida Sharp Aquos S2, Asus ZenFone 4, Motorola Moto X4,
Nokia 7, HTC U11 Life, Xiaomi R1 modellari aynan shu chipsetda ishlaydi.

Nokia 6 (2018) modeli 4 Gb tezkor (LPDDR4) xotiraga ega bo‘lgan. Uning doimiy ichki xotirasi 2 xil modifikatsiyada ishlab chiqarilmoqda: 32 Gb hamda 64 Gb. Smartfon qo‘shimcha xotira fleshkasini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Devays akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 3000 mA soat. Uni 18 vattli kuchlanish bilan tezkor quvvatlash mumkin. Bunda "quvvat toshi" yarim soat ichida quvvatini 50% ga to‘ldiradi.

Gadjetdagi old kameraning aniqligi 8 megapikselli. Bosh kamera uchun esa 16 megapikselli sensor tanlangan. Bu model ham Nokia 8 kabi, Bothie rejimiga ega bo‘lgan. Ya’ni, endi har ikkala kamerani bir vaqtning o‘zida yoqib, Dual-Sight foto va videolarni olish mumkin. Quyidagi suratlar aynan shu modeli "ijodiga" mansub.

Smartfonga xos yana bir ahamiyatli jihat — uning Android 7.1.1 Nougat operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatishidir. Ishlab chiqaruvchi bu tizimni yaqin vaqt ichida Oreo'ga ham yangilashni va’da qilmoqda.

Devaysda USB Type-C porti, 3,5 mm.li audio-tuynuk, sifatli ovozga mas’ul OZO Audio texnologiyasi, Bluetooth 5.0, Wi-Fi hamda LTE texnologiyalari joriy qilingan.

Ikkinchi Nokia 6 modelining eng arzon talqini (32 Gb) $231, va uning 64 gigabaytli qimmat talqini $262 dollardan, 10 yanvardan sotuvga chiqariladi.