Razer 1 noyabrga «katta taqdimot» belgiladi: geymerlar smartfoni kutilmoqda

  •   DiMaX
  •  1113
  •  12.10.2017 14:44

Razer 1 noyabrga «katta taqdimot» belgiladi: geymerlar smartfoni kutilmoqda

Professionel o‘yin tizimlari hamda jihozlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Razer kompaniyasi shu yilning 1 noyabr kuni maxsus tadbir o‘tkazishni rejalashtirgan. Shu kuni allaqanday yirik taqdimot bo‘lishi haqida u o‘z saytida ma’lumot chiqardi.

Kompaniya aynan nimani namoyish etishi hozircha sir tutilayotir. Ammo e’lon qilingan tizer-rasmda qo‘lidagi mobil qurilmaga kirishib ketgan foydalanuvchi tasvirlangan. Uning qo‘lidagi gadjet esa, o‘lchamlariga ko‘ra smartfon yoki fabletga to‘g‘ri keladi.

Razer o‘yinlarga moslashtirilgan smartfon ham ishlab chiqarishga tayyorlanayotganligi xususida ma’lumotlar avvalroq – o‘tgan yilning bahoridayoq paydo bo‘lgan. Keyinchalik bu kompaniya Nextbit Robin markali smartfonlar ishlab chiqaruvchi Nextbit firmasini sotib olgan. Yaqinda Razer vitse-prezidenti cho‘ntagidagi, orqasida geymerlarga qadrdon bo‘lib qolgan yashil logotip mavjud bo‘lgan smartfonning suratini internetga chiqargan edi.

Shularga asoslangan holda aytilayotgan taxminlarga ko‘ra, keyingi oyning boshida biz ilg‘or o‘yin funksiyalariga ega bo‘lgan cho‘ntak mobil qurilmasining – «geymfon»ning taqdimotiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Lekin boshqa versiya ham aytilmoqda: Razer tayyorlayotgan gadjet umuman smartfon yoki fablet bo‘lmasligi, balki portativ o‘yin konsoli bo‘lishi ehtimoli ham mavjud. Taqdimotning tizeriga tanlangan «Tomosha qil, tingla, o‘yna» slogani ham shunga ishora qilyapti.

Mazkur yangi, sirli devays haqidagi ma’lumotlardan birinchilar qatorida boxabar bo‘lib borish uchun bizdan uzoqlashmang.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!