Razer baquvvat «geymer-smartfon» tayyorlayapti

  •   DiMaX
  •  1269
  •  10.10.2017 11:50

Razer baquvvat «geymer-smartfon» tayyorlayapti

Razer kompaniyasining vitse-prezidenti hamda mobil bo‘linmasi rahbari Tom Moss cho‘ntagidagi smartfon surati internet tarmoqlarida tarqalmoqda. Qurilmaning orqasida geymerlarga qadrdon bo‘lib qolgan yashil logotip mavjud, deya xabar bermoqda GizChina nashri.

Razerni «taniysiz»mi?

Aytish kerakki, Razer – professionel o‘yin tizimlari hamda jihozlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyadir. Uning mahsulotlari orasida o‘yin tizimlari, kompyuterda o‘yinlar o‘ynashga moslashtirilgan baquvvat klaviatura, sichqoncha va uning gilamchasi, quloqchin, joystik, noutbuk kabilar bor.

Yaqinda esa, Razer o‘yinlarga moslashtirilgan smartfon ham ishlab chiqarishga tayyorlanayotganligi xususida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. U hozircha Android Razer Edition yoki Razer Phone deb nomlanmoqda. Tabiiyki, qurilmaning korpusi materiali ham, ichki qismlari ham, dasturiy ta’minoti ham geymerlar talabiga javob bera oladigan darajada baquvvat bo‘lishi kerak.

Kamerasi chakkimas...

Yuqorida ta’kidlangan – orqasida kompaniya logotipi tushirilgan cho‘ntakdagi smartfon rasmidan tashqari, kompaniya bosh direktori Min-Lyan Tan yana Razer Phone’da suratga olingan bir necha tasvirlarni ham e’lon qilgan. Unga qaraganda, qurilmaning 12 megapikselli moduli o‘z raqobatchilaridan qolishmaydigan darajada tasvirga ola biladi.

Mana, o‘zingiz baho bering-da:

 

Benchmarkda baholangan

Avvalroq bu gadjet GFXBench benchmarkining ma’lumotlar bazasida ko‘rinish bergan. Mana, uning xususiyatlari quyida aks ettirilgan:

Ilg‘or «geymfon»!

Xullasi kalom, o‘yinlarga moslashtirilgan Razer Phone «geymfon»i diagonali 5,7 dyuymlik, 2560x1440 pikselli ekranga ega. Unga sakkiz yadroli ilg‘or Snapdragon 835 protsessori va naq 8 gigabaytlik tezkor xotira o‘rnatilgan.

Ushbu devays Android Razer Edition deb ham nomlanayotgan maxsus qobiqdagi Android 7.1.1 Nougat talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Geymerlar uchun smartfon – Razer Phone shu yilning oxirida taqdim etilishi kutilayotir.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!