Razer Phone 2 o‘yinbop smartfoni taqdimotidan avval savdoga qo‘yildi

  •   DiMaX
  •  718
  •  11.10.2018 10:08

Razer Phone 2 o‘yinbop smartfoni taqdimotidan avval savdoga qo‘yildi

O‘yin qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Razer kompaniyasi geymerlar uchun dunyodagi birinchi smartfonni taqdim etganidan xabaringiz bor. U endi uning ikkinchi avlodi – Razer Phone 2 geymerofonini ham tayyorlagan.

O‘QING: Razer Phone 2: qurilma dizayni press-renderlarda namoyish qilinmoqda

Ushbu smartfonning taqdimoti bugun – 11 oktyabrga belgilangan bo‘lsa-da, Amazon kompaniyasining Italiya bo‘limi saytida u sal oldinroq sotuvga qo‘yildi. Aftidan, sayt ma’muriyati soat mintaqalarida adashib ketgan bo‘lsa kerak – ular Razer Phone 2 uchun oldindan buyurtma olish sahifasini ommaviy ko‘rinadigan qilib qo‘yishgan. Bu sahifada esa smartfonning surati, texnik jihatlari va narxi ham ko‘rsatilgan.

Razer Phone 2 yakka kristalli Qualcomm Snapdragon 845 protsessori bazasida ishlaydi, uning «ajdod»iga esa Snapdragon 835 o‘rnatilgan edi. Ikkinchi avlod geymerofonning tezkor xotirasi 8 gigabayt hajmga ega. Saytda faqat 64 gigabaytlik doimiy xotiraga ega versiya sotuvga qo‘yilgan, lekin smartfonning boshqacha hajmli variantlari ham bo‘lsa kerak. Amazon ushbu qurilmaning 8/64 gigabaytlik xotiraga ega talqini uchun 870 yevro so‘ramoqda.

O‘QING: Ilk o‘yinbop smartfon kutilmaganda naq 300 dollarga arzonlashdi!

Yangi smartfonning ekrani ham birinchi avlod Razer Phone’dagi singari – 5,72 dyuymlik suyuq kristalli panel. Displeyning tasvir aniqligi 2560x1440 pikselli, yangilanish chastotasi esa 120 Gs. Smartfonning akkumulyatori tok sig‘imi ko‘rsatilmagan, biroq uning simsiz quvvatlash texnologiyasiga ega ekani ta’kidlangan.

Shuningdek, Razer Phone 2 betakror sovitish tizimiga hamda yangilangan dizaynga ega ekanligi haqida so‘z boradi. Uning korpusi IP67 standartiga ko‘ra chang va namdan muhofaza etilgan.

Razer Phone 2 geymerofonining rasmiy taqdimoti tez orada bo‘lib o‘tadi, jarayonlarni biz bilan birga kuzating.

O‘QING: Razer Phone 2: Ilk geymerofonning ikkinchi avlodi benchmarklarda fosh etildi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.