Razr 40 va Razr 40 Ultra buklamafonlarining ehtimoliy rasmiy renderlari tarqalib ketdi!

Razr 40 va Razr 40 Ultra buklamafonlarining ehtimoliy rasmiy renderlari tarqalib ketdi!

Buklamafonlar bozori kundan-kunga yangi o'yinchilar bilan to'lib, buklanadigan smartfonlar ommalashishda davom etmoqda va biz endilikda bir vaqtning o'zida ham oddiy va ham flagman modellar taqdim qilinadigan davrga qadam qo'ymoqdamiz – Motorola kompaniyasi tez orada o'zining Razr 40 buklamafonlari seriyasini taqdim qilishga tayyorlanmoqda.

Ma'lum bo'lishicha, kompaniyaning yangi buklamafonlari qatori Razr 40 va Razr 40 Ultra modellarini o'z ichiga oladi. Ular bir xil shaklda buklanadigan, lekin texnik va dizayn xususiyatlari boshqa-boshqa bo'lgan smartfonlar bo'lib, Internetda ikkovining ham rasmiyga o'xshash renderlari tarqaldi.

Razr 40

MySmartPrice veb-sayti Razr 40 buklamafonining yuqori sifatli renderlarini ulashildi (9To5Google orqali). Ta'kidlash joizki, avvalroq ushbu model "Razr Lite" deb nomlanishi mish-mish qilingan edi.

Suratlardan ma'lumki, Razr 40 buklamafoni orqa tomonida Samsung kompaniyasining hozirgi Galaxy Z Flip 4 stili va o'lchamiga o'xshash qo'shimcha displeyga ega bo'ladi, ya'ni u kichik orqa displey kameralar yonida joylashgan. Bu Motorola hozirgi kunga qadar o'z buklamafonlarida foydalangan eng kichik o'lchamdagi orqa ekran bo'lib, hatto 2019-yildagi Razr buklamafoni ham ilovalarni to'liq ishga tushirish qobilyatiga ega qo'shimcha displeyga ega edi.

Ushbu qo'shimcha displey nimalarga qodir ekanligiga kelsak, u soat, ob-havo, musiqa pleyeri, kalendar, tezkor sozlamalar va albatta bildirishnomalarni ko'rsatib turadi.

Dizayn borasida esa buklamafon metall ramka bilan o'ralgan va uning tepa va pastki qismlari charm bilan qoplangan. Qolaversa, ba'zi suratlar buklamafonning yon tomoniga o'rnatilgan barmoq izi skaneri va suvga chidamliligini ko'rsatadi. Razr 40 qaymoqrang, siyohrang va zaytun yashil ranglarida taklif qilinadigan ko'rinadi.

Razr 40 Ultra

Taniqli likster, @evleaks nomi bilan tanilgan Evan Blass o'zining Twitter sahifasida Razr 40 seriyasidagi yuqori modelning ehtimoliy rasmiy renderlarini ulashdi (GSMArena orqali) va ular buklamafonning avval mish-mish qiligan "Razr 40 Ultra" nomini ham tasdiqlaydi.

Shubhasiz, ulashilgan suratlarda e'tiborni tortadigan narsa bu buklamafonning tashqi ekranidir. Bu safar u har qachongi Razr, yo'q-yo'q, faqat Razr emas, balki hozirgacha chiqarilgan istalgan buklamafonning orqa ekranidan kattaroqdir yoxud u qurilmaning yuqori buklanadigan bir qismidagi bor joyni kameralar va LED chirog'ini o'z ichiga olgan holda egallab olgan.

Mish-mishlarga ko'ra, Razr 40 Ultra buklamafoni 1080×2640 rezolyutsiyada 120 gerts yoki 144 gerts yangilanish tezligiga ega bo'ladigan asosiy ekran, kapoti ostida Snapdragon 8+ Gen 1 chipseti, hamda 512 GB xotira, 12 GB RAM va 33 Vt tezlikda zaryadlanadigan 3640 mA/soat batareyada bilan chiqariladi. Suratlarga qaraganda qora, havorang va magenta ranglarida taklif qilinadi.

Razr 40 seriyasi bir necha haftadan so'ng, ehtimol, iyun oyida rasman taqdim qilinishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!