Realme 3 Pro bilan tanishish vaqti keldi!

Realme 3 Pro bilan tanishish vaqti keldi!

Umumiy ma’lumot

Realme deyarli har ikki oynining birida yangi telefon taqdim qilmoqda. Oxirgi bir yil ichida kompaniyadagilar 9 ta yangi qurilma taqdim qildi. Ularning eng so‘nggilaridan biri Realme 3 Pro smartfonidir. 

Bu gadjetning Pro ekanligi faqatgina qo‘shimcha RAM'i/doimiy xotirasi bilan o‘lchanmaydi. Realme'dagilar smartfonni bundan-da ko‘proq "boyit"ishgan. Avvalo, Realme 3 Pro displeyi 720p'li emas, balki 1080p'li panel bo‘ladi. 6,3 dyuymlik —  selfi kamera “tirqishi“ni hisobga olmaganda — deyarli romsiz keng ekran Realme 2 Pro ekranini eslatadi. Hamyonbop qurilmaga Snapdragon 710 chipi o‘rnatilgan bo‘lib, bunday kuchli SoC (ing. System-on-a-Chip — smartfon va planshetlarning asosiy protsessori) o‘rta toifa smartfonida mavjudligi taqsinga sazovordir. Xuddi shunday, ilgarilari faqat qimmatbaho Oppo flagmanalarida bo‘lgan VOOC tezkor quvvatlash texnologiyasining ham Realme 3 Pro'da bo‘lishini olqishlamasdan iloj yo‘q. 

Realme 3 Pro'ning Realme 3'dan bir qator ustun jihatlari bor. 3 Pro'larning xotira sig‘imi 4GB (tezkor xotira) va 64GB (domiy xotira) bilan boshlanadi. 16MP f/1.7 li asosiy kamera 2 Pro'dagiga o‘xshashi mumkin, lekin, Realme 3 Pro'ga Sony'ning IMX519 sensori o‘rnatilgan. Sath kamerasi 5 megapiksellik. Taqqoslash uchun, 2 Pro'da bu 2MP edi. 25 megapiksellik old kamera esa o‘tgan yilgi Realme U1 devaysidagi bilan bir xil. 

Realme 3 Pro xarakteristikasi 

  • Korpus, hajm, vazn: bir necha qavatli plastik orqa panel, polikarbonat rom, Gorilla Glass 5 shishali old panel; 156,8x74,2x8,3mm; 172g.
  • Ekran: 6,3 dyuym, 19.5:9 nisbat, 1080x2340px rezolyusiya, 409ppi, IPS LCD.
  • Orqa kameralar: asosiy: 16MP, f/1.7'li ob’yektiv; ikkinchi: 5MP sath kamerasi; LED chiroq; 2160@30fps video yozish.
  • Old kamera: 25MP, f/2.0; 1080p@30fps video yozish.
  • Chip: Snapdragon 710, sakkiz yadroli protsessor (2x2.2 Gigegerts 360 Gold & 6x1.7 Gigagerts Kyro 360 Silver), Adreno 616.
  • Xotira: 4/64GB, 6/64GB yoki 6/128GB; 256GB gacha microSD.
  • Operatsion tizim: Android 9 Pie, yuzasida Color OS 6.0.
  • Akkumulyator: 4,045mA/s, 20W VOOC quvvatlash.
  • Aloqa turlari: Dual SIM (4G), Bluetooth 5.0, GPS/Glonass, Wi-Fi a/b/g/n/ac, FM radio, microUSB 2.0, 3.5mm audio jek.
  • Boshqa tasniflar: orqa panelda "always-on" barmoq izi skaneri

Realme 3 Pro “unboxing“i

Realme 3 Pro ham Realme 3 kabi kulrang-sariq rangli qutida sotiladi. Quti ustidagi «Pro» so‘zini inobatga olamaganda, ikkala telefonni qutisidan farqlab bo‘lmaydi. Quti ichida 20 vattli VOOC quvvatlagich adapteri bo‘ladi. Adapter uchun maxsus VOOC kabel ham joylangan. Sababi boshqa turdagi kabellar bu adapter bilan unchalik "chiqishmaydi": kompaniya taqdim qilgan kabeldan foydalanmasangiz, qurilangiz juda sekin quvvatlanadi.

Bundan tashqari, Realme'dagilar smartfon korpusi nafisligini saqlab qolish uchun xaridorga shaffof himoya g‘ilofi ham taqdim etadi.

O‘QING: Ekspertlar nega Huawei P30 Lite'ga "like" bosmayapti?

Dizayn va 360 darajadan ko‘rinishi

Realme 3 Pro umumiy dizayni bilan ko‘p jihatdan Pro bo‘lmagan avvalgi devayslarni eslatadi. Biroq, albatta, ulardan tafovutlari ham bor. Eng asosiy farq qarama-qarshi tomondan kelib «S» shaklini hosil qiluvchi tovlanma jiloda. «Bu nima ham qilib berardi?» dersiz. Bu savolga quyidagi ko‘zni quvontiruvchi tasvirlardan javob topishingiz mumkin. O‘ziga xos bu effekt Nitro Blue va Carbon Gray rangli qurilamlarda, ayniqsa, ko‘zga tashlanadi. Lightning Blue opsiyasida ham bu jiloni ko‘rish mumkin, lekin bunda «S» shaklidagi jilodan ko‘ra panelning qoradan qirmiziga almashishi ustunlik qiladi. Shunday bo‘lsa ham, umuman olganda, qaysi rangdagi Realme 3 Pro'ni tanlasangiz ham bu jilo sezilmay qolmaydi. 

Orqa panelning chap burchagida qo‘sh kamera, ular bilan birga LED chiroq joylashgan. Kameralar paneldan chiroqdan ko‘ra bir millimeter ko‘proq bo‘rtib chiqqan, shu uchun ham tekis yuzaga qo‘yilganda, qurilma yaxshi joylashmaydi. Realme 3'da esa bo‘rtma bu qadar ko‘p emas. Sath kamerasi atrofiga dekoratsiya uchun ko‘zga tashlanuvchi aylana chiziqlar joylashtirilgan. Chap tomonning quyi qismida, shuningdek, kompaniya logotipi mavjud. Orqa panel boshqa ortiqcha so‘zlar/belgilardan xoli. Barmoq izi skaneri ham orqa panelda. Lekin Realme'dagilar datchikni biroz teparoqqa joylashtirgan, shu uchun barmoq biometrik ma’lumotidan foydalanib qurilmani blokdan chiqarishda biroz noqulaylik yuzaga keladi. 

O‘ng tomondagi quvvat tugmasi va chapdagi ovoz balandlatkich tugmalar juda qulay nuqtada joylashgan. 

Chap tomon tugmalari yuqorisida yana ikkita nano SIM va microSD karta uchun tirqish joylashgan. 

Devaysning pastki qismidagi microUSB port USB-C bo‘lmagani esa, afsuski, ta’bni xira qiladi. Portning chap tomonidan asosiy mikrofon, uning yonidan esa 3.5 milliletrlik audio jek o‘rin olgan. Karnay esa chap tomonni "uy qilgan".Endi old tomonga o‘tsak. Gorilla Glass 5 oynali 6,3 dyuymli ekranning yuqori qismida suv tomchisi kabi rom bor. Unda kamera, yorug‘lik datchigi, undan yuqorida kichik karnay jam bo‘lgan. Yaqinlik datchigi bu yerda emas, u romning biroz o‘ng tomonida joylashgan. Quyi rom haqiqiy Pro qurilmalarga xos ravishda Realme 3 dagidan qisqaroq. Umuman baholaganda, Realme 3 Pro'da romlar juda ham qisqa ekanligi taqsinga sazovordir. 

Smartfonning hajmiga kelsak, 156.8x74.2x8.3mm kattalik bilan Honor 8X, Redmi Note 7 Pro va vivo V15 Pro'lardan biroz kichik. 

172g vazni bilan esa Realme mahsuloti yuqoridagi Honor, Redmi va Vivo'lardan mos ravishda 3, 13, 13 gramm yengilroqdir. 

Displey

Realme 3 Pro o‘zidan avvalgi Realme 2 Pro va Oppo F9'lardagi kabi IPS LCD ekran paneli bilan jihozlangan. 19.5:9 nisbatli 1080x2340px rezolyusiyaga ega displeyda piksel zichligi 409ppi'ga teng. 

Maksimal yurug‘lik o‘lchanganda juda ham qoniqarli natijalari kuzatildi: 500 nit. Shuningdek, to‘q qora kontrast ham LCD ekran uchun juda ham yaxshi ekanligi aniqlandi. 

Realme 2 Pro va Oppo F9'larda nitlar miqdori biroz yuqori bo‘lgan bo‘lsa-da, bu unchalik katta tafovut emas. Redmi Note 7 smartfoni displeyi Realme 3 Pro'nikidan yorug‘lik borasida nisbatan ortda qoladi, Honor 8X ham bu borada Realme oldida ip esholmaydi. vivo V15 ham yorug‘lik borasida bu smartfon bilan bellasha olmas, ammo undagi OLED displeyi kontrasti Realme'ni ortda qoldiradi.

Akkumulyatorning avtonom ishlash vaqti

Realme 3 Pro'ga 4,045 mA/s lik akkumulyator o‘rnatilgan. Bu bilan devays 4,000 mA/s akkumulyator sig‘imiga ega Redmi Note 7 hamda 3,700 mA/s lik Honor 8X va vivo v15 samrtfonlarini ustunlik qiladi.

Realme akkumulyatori video bilan sinalganda quvvat to‘liq 15 soatga, Wi-Fi orqali internetdan foydalanilganda 14 soatga yetgan. 3G ovozli qo‘ng‘iroqlarda 30 soat davomida quvvatlashga ehtiyoj sezilmagan. Statik holatda esa 92 soatgacha quvvat tugamagan. viSer ilovasi vositasida olib borilgan avtomatlashtirlgan bu sinovlar natijasini yuqori baholash mumkin. 

Taqqoslash uchun, Redmi Note 7 dastlabki har ikki sinovda 14 soat “chidash bergan“ bo‘lsa, ovozli qo‘ng‘iroqlarda akkumulyator quvvati 32 soatdan ko‘proqqa yetgan. vivo v15 esa video sinovda 15 soatlik, internetda 11 soat 22 daqiqalik, ovozli qo‘ng‘iroqlarda 28 soatlik natija ko‘rsatgan. Honor 8X'da esa mos ravishda 12:13 soat, 11:24 soat va 32+ soat natija qayd qilingan. 

Realme 3 Pro'ning eng ustun jihatlaridan biri unda VOOC quvvatlash texnologiyasi mavjudligidir. Bu bilan 0% quvvatli akkumulyatorni 1 soat 15 daqiqada to‘liq quvvatlash mumkin.

Karnay

Realme 3 Pro'ning pastki qismida bitta karnay bo‘lib, flagman bo‘lmagan smartfonlar uchun bu tipik holdir. 3 Pro karnayi sinovlarda o‘zini juda yaxshi “namoyish qil“ib, “A’lo“ baholandi. Karnay Realme 2 Pro'nikidan biroz, Realme 3'nikidan ancha baland ovoz chiqara oladi. Yuqori balandlikka qo‘yilganda, hech qanday kamchiliklar ham sezilmadi.

Ovoz sifati

Avvaliga, Realme 3 Pro audio sinovda juda ham yaxshi natija ko‘rsatdi. Lekin quloqchinlar ulanganda, ovoz sifati ancha pasaydi. Audio balandligi o‘rtachadan ham tushib ketdi. Bundan tashqari, stereo va intermoduklatsiya buzilishlarida ham o‘sish kuzatildi. Bu unchalik ham yomon bo‘lmasa-da, qulochinlarsiz olingan natijadek yaxshi emas.

Sintetik testlar

Realme 3 Pro'ga Snapdragon 710 chipi o‘rnatilgan bo‘lib, bu protsessor Qualcomm 800 seriyalaridan keyingi eng kuchli protsessorlardan biridir. 

Yuqorida ham keltirib o‘tilganidek, Realme 3 Pro'ning 4GB/64BG, 6BG/64BG va 6GB/128GB versiylari mavjud. Quyidagi sinovlar qurilmaning 6GB/128GB'lik versiyasida o‘tkazilgan. 

Kutganimizdek, Realme 3 Pro'ning GeekBench yakka yadroli sinovidagi balli maqtovga sazovor emas. Bir xil protsessorli Oppo RX17 Prov va Xiaomi Mi 8 SE'larning natijalari ham Realme 3 Pro'nikidan yuqoriroqdir. Qahramonimizning ko‘rsatkichlari (Helio P60 protsessorli) Realme 3 va (Snapdragon 660 protsessorli) Realme 2 Pro'larnikidan esa biroz tafovutli, xolos.

Umumiy yadroli sinovda esa raqamlar biz kutgandek chiqdi va RX17/Mi 8 SE'larnikiga yaqin. Honor 8X va Redmi Note 7'larning ballidan esa bir qadar yuqori. Galaxy M20 esa ro‘yxatning oxiridan joy olgan. 

Ayni damda, vivo v15 Pro'ning Kyro 460 chiplaridan iborat Snapdragon 675 protsessori yakka va umumiy yadroli sinovlarda peshqadam bo‘ldi.

Endi AnTuTu natijalariga o‘tsak. Realme 3 Pro bu yerda ham Honor 8X va Redmi Note 7'larni ortda qoldirgan. Samsung'ning M20'si yana eng so‘nggi pog‘onada. Grafik protsessori (GPU) sinovlarida esa Realme 3 Pro o‘z kuchini ko‘rsatdi.

Umuman olganda, GPU sinovlarida Realme 3 Pro yaxshi natija ko‘rsatdi, lekin CPU (bosh protsessor) yakka yadroli sinovlarda esa nisbatan past baholandi. CPU'si kuchliligi borasida Redmi Note 7 va vivo V15 Pro'lar oldida ip esholmasa-da, Realme'ning GPU'si ancha kuchli. Bu esa o‘yinlar o‘ynayotganda, aynqisa, qo‘l keladi.

O‘QING: AnTuTu smartfonlarning o‘rtacha samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha TOP-o‘nligini e’lon qildi (2019 yil iyul)

Kamera

Realme 3 Pro 16MP lik asosiy kamera va 5MP lik ikkinchi sath kamerasi bilan jihozlangan. Asosiy kamera sifatida kompaniyadagilar Sony IMX159 (1.22µm pikselli Type 1/2.6“) sensorini tanlashgan. Xuddi shu datchik OnePlus 6T'da ham o‘rnatilgan. Ob’yektiv aperturasi f/1.7. Realme 3 Pro'da (6T'da mavjud bo‘lgan) optik tasvir stabilizatsiyasi (OIS) mavjud emas. Sath kamerasi xarakteriktikasi muhim emas, shu sababdan ham Realme'dagilar bu haqda ma'lumot berishmagan.

Kamera ilovasi manzarani tanishda sun’iy ongdan foydalanadi. Tasvirga olinayotgan ob’yekt turi anqilanganda, ekranda kichik ikonka hosil bo‘ladi. Ovqat, qor, uy hayvonlari, quyosh botishi, maysa va boshqalar eng to‘g‘ri anqilanuvchi ob’yekt/manzaralar qatoridan o‘rin oladi. 

Kamerada uchta asosiy: Foto, Portret va Video rejimlari mavjud. Yangi qo‘shilgan Chroma Boost tugmasi HDR va chiroq parametrlari bilan birga joylashgan. Chroma Boost HDR'ning takomillashtirilgan rejimi sanaladi va tasvirni yanada yaxshiroq olishga xizmat qiladi. 

Qo‘shimcha menyular satrida yana Expert, Pano, Time-lapse, Slow-mo va Nightscape rejimlari mavjud.

Tasvir sifati

Realme 3 Pro bilan juda ham tiniq suratlar hosil qilish mumkin. Olingan tasvir detallarga boy va xira emas. Bulutli kunda ham sifatli rasmlar olish mumkin.

Tunda ham Realme 3 Pro tiniq tasvirlar hosil qila oldi. Past yorug‘likda olingan tasvirlar ham detallarga to‘la, ekspozitsiya yaxshi ushlangan, saturatsiya ham yo‘qolmagan. Umuman olganda, Realme 3 Pro bilan olingan tasvirlaga “like“ bosish mumkin.

Video yozish

Realme 3 Pro soniyasiga 30 kadr (30fps) tezlikda 4K tiniqlikdagi videolar yozish imkoniga ega. Shuningdek, 1080p tiniqlikdagi videolarni 30 yoki 60 kadr/s tezlikda yozib olish mumkin. 

4K videolar 50 Mbit/s tezlikda kodlanasa, h.264 kodekli 30 kadr/s 1080p videolar 20 Mbit/s da yoziladi. Biroq ovoz uzatish tezligi 96 kbit/s ekanligi biroz g‘alati (ammo ovoz shunda ham stereo formatda ekanligi yaxshi). 

4K videoyozuvning sifati a’lo, xuddi flagmanlarda olingandek. Ranglar to‘g‘ri tanlangan, ekspozitsiya ham to‘g‘ri, dinamik diapozon ham chakki emas.

1080p/30fps rezolyusiyali videolar ham yomon emas. 1080p/60fps videolar ham 30 fps videoyozuvlar bilan bir xil sifatli; tasvir yozish tezligi 30 kadr/s videolar bilan bir xil (20 Mbit/s) ekanligi esa juda ham ajoyib “sovg‘a“dir.

4K video stabilizatsiyasi esa, afsuski, qoniqarli emas.

Xulosa

Afzalliklari:

  • E’tiborni tortuvchi ranglar gammasi oddiy dizaynni bezagan. 
  • Akkumulyatorning avtonom ishlash vaqti ushbu toifa ichida eng yaxshisi, VOOC tezkor quvvatlash ham ajoyib. 
  • Qurilma narxiga nisbatan yaxshi displey — o‘tkir, yetarli darajada yorug‘ va yuqori kontrastli, ranglarni ham to‘g‘ri ko‘rsata oladi. 
  • CPU va GPU sinovlarida o‘z toifasida yuqori natija.
  • Yaxshi va past yoritilgan joyda ham yuqori tasvir sifati, ajoyib portret va selfi.

Kamchiliklari:

  • microUSB port.
  • Video stabilizatsiyasining talab darajasida emasligi.

O‘QING: Klaviaturaning siz bilmagan elementar jihati

 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!