Realme dinamik orol... e, yo'g'e, mini kapsulali smartfon chiqaradi!

Realme dinamik orol... e, yo'g'e, mini kapsulali smartfon chiqaradi!

Apple'ning iPhone 14 Pro smartfonlariga o'rnatilgan "dinamik orol" funksiyasi shubhasiz eng aqlli yurishlardan bo'ldi, chunki barcha smartfon ishlab chiqaruvchilari qutula olmay yurgan tirqishdan kupertinolik kompaniya juda unumli foydalandi. Va endilikda xitoylik smartfon brendlari undan "ilhomlanishmoqda".

Garchi dinamik orol xususiyatlarga ega bo'lmasada, biz allaqachon Xiaomi'ning Civi 2 smartfonini Apple'ning iPhone 14 Pro smartfonlarida bo'lgani kabi uzunchoq tabletka shaklidagi tirqish bilan ko'rdik. Bundan tashqari, Huawei o'zining yangi smartfonini Apple'nikidek dinamik orol bilan chiqarishi mish-mish qilinayotgan bir vaqtda, Realme ana shunday xususiyatga ega smartfonni taqdim qilishni rostdan rejalashtirayotgan ko'rinadi.

Realme vitse-prezidenti, Madxav Shet, o'zining rasmiy Twitter sahifasida Realme C seriyasidagi yangi smartfon tizerini joyladi, lekin noma'lum sabablarga ko'ra u darhol o'chirib tashlangan. Ammo, internet aholisi uni saqlab qolishga ulgurgan va unda siz Apple'ning dinamik oroli kabi xususiyatga ega yangi Realme smartfonini ko'rishingiz mumkin.

Aytish kerakki, bu yerda tirqish faqat ekran yuqori markazida joylashgan selfi kamera bo'lishi, qolgani esa dasturiy ta'minot, Realme UI interfeysi bilan ishlaydigan funksiyalar bo'lishi mumkin. Suratda ana shunday funksiyalarning biri smartfon quvvatlanayotgan paytda paydo bo'lishiga guvoh bo'lamiz. Apple buni "dinamik orol" deb atagan edi, Realme esa uni "Mini Capsule", ya'ni "mini kapsula" deb nomlagan.

Afsuski, mini kapsulali smartfon aynan qaysi model ekanligi ochiqlanmagan. Ehtimol, bu Realme C55 bo'lishi mumkinligi aytilmoqda, lekin nima bo'lganda ham, u tez orada taqdim qilinishi kutilmoqda.

O'QING: Motorola Galaxy Z Flip uchun jiddiy raqobatchi tayyorlamoqda!