Realme narxi 100 dollarga ham bormaydigan 5G-smartfon va’da qildi!

  •   DiMaX
  •  1010
  •  07.06.2021 17:42

Realme narxi 100 dollarga ham bormaydigan 5G-smartfon va’da qildi!

Eng tez o‘sib kelayotgan smartfonsoz bultur Realme X50 modeli bilan 5G-smartfonlar bozoriga kirib kelgan edi. Yaqinda chiqqan Realme 8 5G esa beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llovchi eng arzon telefonlardan biri bo‘ldi.

O‘QING: Bir yilda 500 foizga o‘sgan rekordchi brend birinchi bo‘lib 4G-smartfonlardan voz kechadi!

Endi esa mazkur kompaniya o‘ta arzon smartfonlarini ham 5G moduli bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda. Realme India bosh direktori Madhav Shet (Madhav Sheth) va’da berishicha, ular yaqin oylar ichida narxi yuz dollardan ham arzon 5G-smartfon taqdim etishadi!

Oppo korporatsiyasining subbrendi sifatida tashkil etilgan mazkur kompaniya yaqin oylarda o‘zining 5G-smartfonlar modellarini 20 taga yetkazmoqchi. Natijada esa, Realme assortimentidagi jami smartfonlarning 70 foizi 5G tarmog‘ida ishlay oladigan bo‘ladi.

To‘g‘ri, bu yerda faqat Hindiston bozori haqida gap ketgan, ammo odatda bu mamlakatda taqdim etilgan modellar keyin jahon bozoriga ham chiqariladi. Balki global versiyasining nomi, ayrim xususiyatlari va narxi ham o‘zgarar, ammo baribir u eng arzon 5G-smartfon bo‘ladi.

O‘QING: Turli narx toifalaridagi eng zo‘r smartfonlar – beshta reytingda! (AnTuTu, 2021 yil may)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!