Realme o‘yinbop, atigi 116 dollardan boshlanuvchi Narzo 20, Narzo 20A va Narzo 20 Pro smartfonlarini chiqardi

  •   DiMaX
  •  2495
  •  22.09.2020 12:52

Realme o‘yinbop, atigi 116 dollardan boshlanuvchi Narzo 20, Narzo 20A va Narzo 20 Pro smartfonlarini chiqardi

Oppo kompaniyasining arzonchi subbrendi kuni kechagina Realme C17 rusumli smartfonini namoyish etgan edi. Endi esa u Hindistondagi tadbirida Narzo 20, Narzo 20A hamda Narzo 20 Pro rusumli geymerofonlarini taqdim qildi.

O‘QING: Hamyonbop Realme 7i taqdim etildi: 90Hz ekran, 8GB «operativka», Qualcomm chipi (+anboksing videosi)

Uchlikning eng kuchlisi – Narzo 20 Pro modeli 6.5 dyuymlik IPS-displeyga ega. Ekranning yangilanish chastotasi 90 gersga teng va u FHD+ formatida tasvir uzata oladi. Mazkur smartfon MediaTek Helio G95 protsessori bazasida ishlaydi. Realme uni 6/8 gigabaytlik tezkor va 64/128 gigabaytlik doimiy xotiraga ega variantlarda taklif etiladi.

Narzo 20 Pro smartfoni 48 + 8 + 2 + 2 megapiksellik kvadrokamera bilan ta’minlangan. Ekranining burchagidagi tirqishga 16 megapiksellik selfi-kamera, korpusning o‘ng qirrasiga esa daktiloskop joylashtirilgan. Qurilmaning akkumulyatori 4500 mA/soatlik tok sig‘imiga ega bo‘lib, USB-C porti orqali 65 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlana oladi.

Ushbu smartfonning barcha xususiyatlari batafsil tanishish uchun mazkur havola orqali kompaniyaning rasmiy (ingliz tilidagi) saytiga o‘tishingiz mumkin.

O‘QING: Realme 7 ham «ajdod»ining rekordini yangiladi!

Standart model – Narzo 20 samaradorligiga MediaTek Helio G85 protsessori mas’ul. Kompaniya uni 64 va 128 gigabaytlik doimiy xotiraga ega variantlarda taklif etadi; har ikkala holatda ham tezkor xotira hajmi 4 gigabaytlik.

Mazkur modeldagi 6000 mA/soatlik batareya 18 vattlik asosda tezkor quvvatlanadi. Kompaniya uni 48 + 8 + 2 megapiksellik kvadrokamera va 8 MPlik selfi-kamera bilan jihozlagan. Uning barcha texnik xususiyatlari bilan (ingliz tilida) tanishish uchun ushbu havola orqali o‘tasiz.

Realme Narzo 20 hamda Narzo 20A smartfonlari ham 6.5 dyuymlik IPS-displeyga ega, lekin bularda ekran HD+ formatida va yangilanish chastotasi ham pastroq – 60 gerslik. Har ikkalasining umumiy jihatlaridan yana barmoq izi skaneri orqa panelda joylashgani, ekrani tomchisimon kemtikli va bosh kamerasi uchtalik ekanini sanab o‘tish mumkin.

O‘QING: Atigi 100 dollarlik shu yangi smartfonning daktiloskopi qayerida, deb o‘ylaysiz?

Uchtalikning «kenja»si – Narzo 20A smartfoniga Snapdragon 665 chipseti o‘rnatilgan. Uni tezkor xotirasi 3/4, ichki xotirasi esa 32/64 gigabaytlik variantlarda ishlab chiqarishmoqda.

Narzo 20A bosh kamerasi ham uchta (12 + 2 + 2 MPlik) sensordan iborat, displey kemtigiga 8 megapiksellik selfi-kamera o‘rnatilgan. Uning akkumulyatori ham 18 vattlik tezkor quvvatlana oladi, lekin tok sig‘imi 5000 mA/soatlik. Bu smartfonning to‘liq xususiyatlari mana bu (ingliz tilidagi) sahifada aks ettirilgan.

Narzo 20 turkumidagi uchala smartfon ham Android 11 operatsion tizim talqini bazasidagi, yap-yangi Realme UI 2.0 grafik qobig‘i bilan taqdim etilgan. Ularda kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC moduli mavjudligi haqida rasmiy saytda ma’lumot yo‘q.

Narxlariga kelsak, kompaniya ularni quyidagicha baholagan:

Realme Narzo 20A:

3/32 GB — $116

4/64 GB — $129

Realme Narzo 20

4/64 GB — $143

4/128 GB — $156

Realme Narzo 20 Pro

6/128 GB — $204

8/128 — $232

Har uchala smartfon ham shu oydayoq Hindistonda sotuvga chiqyapti: Narzo 20 Pro smartfoni – 25 sentyabrda, Narzo 20 modeli – 28 sentyabrda, Narzo 20A esa – 30 sentyabrda. Ularning boshqa mamlakatlar bozorlariga yetkazib berilishi borasida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Realme V3 taqdim etildi – dunyodagi eng arzon 5G-smartfon!