Realme V5 taqdim etildi – Honor 30’ga o‘xshash, lekin uning yarim narxidagi 5G-smartfon!

  •   DiMaX
  •  1476
  •  03.08.2020 17:32

Realme V5 taqdim etildi – Honor 30’ga o‘xshash, lekin uning yarim narxidagi 5G-smartfon!

OPPO kompaniyasining subbrendi bugun Xitoyda o‘zining hamyonbop V-seriyasig mansub ilk smartfonini taqdim etdi. Realme V5 deb nomlangan yangi qurilma qiyofasi xitoylik texnogigantning Honor 30 modeliga o‘xshaydi.

O‘QING: Honor 30, 30 Pro va 30 Pro+ taqdim etildi: 424 dollardan boshlanuvchi 5G-flagmanlar!

Realme V5 shisha korpusda ishlab chiqarilmoqda, kul rang tuslisining orqa panelida brend nomi ulkan yozuv qilib, boshqa ranglilarida esa ixchamroq shaklda tushirilgan.

Kompaniya mazkur modelini 6,5 dyuymlik LCD-ekran bilan jihozlagan; uning yuqori chap burchagida 16 megapiksellik old kamera tuynugi bor. Displeyning tasvir aniqligi Full HD+ formatida (1080x2400 piksellik), kadr yangilanish chastotasi 90 gerslik, sensor qatlami esa 180 gerslik chastotaga ega. Smartfon ekrani korpus old yuzasining 90,7 foizini egallagan.

Realme V5 modeli MediaTek kompaniyasining ikki hafta avval taqdim etilgan Dimensity 720 protsessori bazasida ishlaydi. Mazkur chipset 7 nanometrlik texnologik jarayon asosida tayyorlangan bo‘lib, yuqori samaradorlikdagi (2 gigagerslik) ikkita ARM Cortex-A76 yadrosini, yana shunday takt chastotali oltita Cortex-A55 yadrosini o‘z ichiga olgan. Shuningdek, uning jamlanmasiga sub-6GHz tarmoqlarida ishlovchi 5G-modem va Arm Mali-G57 MC3 grafik tezlatgichi ham kirgan.

Realme V5 smartfoni Dimensity 720 chipli ilk qurilma sifatida maydonga tushmoqda. Uni LPDDR4X standartidagi tezkor xotirasi 6/8 gigabaytlik, ichki xotirasi esa bir xil – 128 gigabaytlik variantlarda taklif etishadi. Har ikkala holatda ham 256 gigabaytgacha hajmli microSD xotira kartasi qo‘yish imkoni mavjud.

Realme V5 akkumulyatorining tok sig‘imi 5000 mA/soatlik bo‘lib, u zamonaviy USB-C porti orqali 30 vattlik tezkor quvvatlana oladi.

O‘QING: Realme C15 chiqdi – kvadrokamerali va batareyasi 6000 mA/soatlik arzon smartfon!

Smartfonning bosh kamerasi 4 moduldan iborat: asosiy sensor 48 megapiksellik, 119 darajadagi o‘ta keng burchakli ob’yektiv bilan birikkkan ikkinchi datchik esa 8 megapiksellik. Kvadrokamera jamlanmasidagi uchinchi modul 2 megapiksellik bo‘lib, 4 santimetrlik masofadan ham fokus oluvchi makrolinzaga ega. Va nihoyat, to‘rtinchi – chuqurlik datchigi 2 megapiksellik aniqlikda.

Realme V5 qadoqdanoq Android 10 operatsion tizimi ustiga qurilgan Realme UI grafik qobig‘i bilan taqdim etilmoqda. Gadjetning korpusi p2i standrtiga ko‘ra suv sachrashidan himoyalangan. O‘lchamlari 162,2x75,1x9,1 millimetrlik bo‘lib, vazni 194 grammga teng.

Devaysga Hi-res audio hamda Dolby Atmos texnologiyali dinamiklar, standart quloqchin tirqishi o‘rnatilgan. Barmoq izi skaneri esa korpusning yon qirrasiga joylangan.

Realme V5 o‘z vatanida 7 avgustdan boshlab ko‘k, yashil va kul rang korpuslarda sotuvga chiqadi. Uning boshlang‘ich – 6/128 GB tezkor/ichki xotiraga ega varianti uchun 214 dollar, undan ilg‘orroq – 8/128 gigabaytlik talqini uchun esa 272 dollarga teng narx belgilangan.

O‘QING: Qaysi smartfonlar ishlatilsa ham narxini ko‘p yo‘qotmaydi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!