Realme X50 Pro 5G sotuvda: Xiaomi Mi 10 raqibi undan arzon va atigi 35 daqiqada quvvatga to‘ladi!

  •   DiMaX
  •  3867
  •  25.02.2020 10:13

Realme X50 Pro 5G sotuvda: Xiaomi Mi 10 raqibi undan arzon va atigi 35 daqiqada quvvatga to‘ladi!

Oppo korporatsiyasining Realme brendi kecha o‘zining 5G-flagmanini namoyish qildi. Realme X50 Pro 5G rusumli ushbu qurilma Xiaomi Mi 10ning asosiy raqibi sifatida maydonga tushdi.

O‘QING: AnTuTu’da yangi rekord, lekin bu Galaxy S20 ham, Mi 10 ham emas!

Realme X50 Pro 5G modeli, kutilganidek, Snapdragon 865 protsessoriga ega va beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ida ishlay oladi. Uning ekrani Super AMOLED texnologiyasi asosida tayyorlangan bo‘lib, tasvirning yangilanish chastotasi 90 gersga teng.

Kompaniya mazkur smartfonning boshlang‘ich konfiguratsiyadagi – 6 GB tezkor va 128 GB doimiy xotirali variantini 528 dollarga baholadi. Xiaomi Mi 10 narxi esa bundan qimmatroq – 573 dollardan boshlanadi, ammo boshlang‘ich talqinda u 8 gigabaytlik “operativka”ga ega. Realme X50 Pro 5G bundan tashqari 8/128 gigabaytlik variantda 556 dollardan, 12/256 gigabaytlik talqinda esa 626 dollardan ham taklif etilyapti. Darvoqe, unda ham tezkor va doimiy xotira sifatida yangicha – tegishlicha LPDDR5 va UFS 3.0 toifali chiplar qo‘llangan.

O‘QING: iPhone 12 Pro’lar rekord hajmli «operativka»ga ega, lekin Samsung va Xiaomi flagmanlari...

Realme X50 Pro 5G old kamerasi qo‘shaloq – 32 va 8 megapiksellik datchiklardan iborat.

Bosh kamera esa to‘rttalik bo‘lib, 20 karra zumga ega va asosiy moduli 64 MPlik sensordir.

Kutilganidek, Realme X50 Pro 5G smartfoni 65 vattlik SuperDart Charge tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. 4200 mA/soatlik akkumulyatorni u atigi 35 daqiqada to‘ldira oladi!

O‘QING: Yashirin selfi-kamerali ilk smartfon atigi 5 daqiqada 50% quvvat oladi!

Shuningdek, yangi flagman Wi-Fi 6 (Wi-Fi 802.11ax) standartini qo‘llab-quvvatlaydi; unda ma’lumot uzatish tezligi soniyasiga 9,6 gigabitga yetishi mumkin. Wi-Fi 6 texnologiyasi yana smartfon quvvatini kamroq sarflashi bilan ham ajralib turadi. Realme X50 Pro 5G ikkita dinamikka ega ekanligi bilan yoshlarga ma’qul keladi.

Realme X50 Pro 5G kamchiliklari sifatida esa kamerasida optik barqarorlashtirish tizimi yo‘qligi, korpusi chang va namdan himoyalanmaganligi, shuningdek, quloqchin uchun 3,5 millimetrlik audiotirqish yo‘qligini aytish mumkin. Kompaniya bu smartfonini Hindistonda kechagi kunning o‘zidayoq sota boshlagan, uning boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqarilishi haqida ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Videoda infografika: O‘tayotgan o‘n yillikda qaysi smartfonlar ommabop bo‘ldi?