Realme'ning "dinamik orol"li smartfoni qachon chiqariladi?

Realme'ning

Realme kompaniyasi tez orada o'zining yangi smartfonini Apple'ning "dinamik orol"iga o'xshash funksiya, "mini kapsula" bilan taqdim qilishga tayyorlanmoqda. Bu Realme C55 modeli bo'lib, kompaniya rasman uni 7-mart kuni taqdim qilishni rejalashtirgan. Garchi Realme C55 hali taqdim qilinmagan bo'lsa ham, Indoneziyadagi Realme veb-saytida allaqachon uning reklama sahifasi paydo bo'ldi.

Ma'lum bo'lishicha, smartfon MediaTek'ning Helio G88 chipsetida Android 13 ga asoslangan Realme UI 4.0 operatsion tizimida ishlaydi. U ikki xil: 6/128 GB va 8/256 GB xotira konfiguratsiyalarida chiqariladi. Smartfon operativ xotirasi qancha bo'lsa uni shuncha virtual xotiraga ko'paytirish mumkin, 6 bo'lsa 6 GB, 8 bo'lsa 8 GB. Bundan tashqari doimiy xotirani 1TB gacha ko'paytirish uchun microSD karta uyasi ham mavjud. Qurilma 5000 mA/soat batareyaga ega va u 33 Vt tezlikda quvvatlanadi. 

Realme C55 ekran o'lchami 6.72 dyuym bo'lib, u FHD+ rezolyutsiya, 90 gerts yangilanish tezligiga ega va 680 nit maksimal yorug'likka chiqa oladi. Ekran yuqori markazidagi yumaloq teshikda 8 megapikselli selfi kamera joylashgan. Smartfonning o'ziga xos xususiyati ham shu yerda: yumaloq tirqish "mini kapsula" bilan birga ishlaydi.

Bu Apple'ning dinamik oroli analogi bo'lib, u yerda siz bildirishnomalar, smartfon quvvatlanishi holati, internet trafigi sarflanishi va boshqalar haqida ma'lumot olib turishingiz mumkin bo'ladi.

Orqa tomonda esa ikkilik kameralar ikkita alohida yumaloq kamera orollari ichida joylashgan. Ularning asosiysi 64 MP. Bo'rtib chiqqan kamera orollarini hisobga olinmasa, smartfon qalinligi 7.89 millimetrni tashkil qiladi.

Qo'shimchasiga smartfonda 3.5 millimetrli naushnik uyasi, yon tomonida barmoq izini aniqlash skaneri, bitta mikrofon, bitta kolonka, bitta dinamik, hamda, NFC mavjud.

Realme C55 smartfoni Rainy Night va Sunshower ranglarida sotuvga chiqariladi. Afsuski, hozircha uning narxlari noma'lum.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!