Redmi 855’ga qarshi hamyonbop Realme X, Realme X Lite va Realme X Pro flagmanlari jangga tayyor!

  •   DiMaX
  •  2131
  •  02.05.2019 16:01

Redmi 855’ga qarshi hamyonbop Realme X, Realme X Lite va Realme X Pro flagmanlari jangga tayyor!

Xiaomi kompaniyasi Snapdragon 855 chipli, kamerasi korpusdan chiquvchi arzon Redmi flagmanini hali taqdim etgani yo‘q, ammo uning vahimasi katta. Oppo esa ayni shu brend bilan bellashish uchun tashkil etilgan Realme turkumida unga raqobatchi flagmanni tayyorlab ulgurdi.

O‘QING: Redmi 7’dan avval uning «kushanda»si – arzon, ammo «beli baquvvat» Realme 3 taqdim etildi!

Manbalarga ko‘ra, Oppo yaqin orada Xitoyda flagman turkumiga mansub Realme X smartfonlarini taqdim etadi. Kompaniya maydalashib o‘tirmasdan, biryo‘la Realme X, Realme X Lite hamda Realme X Pro modellarini namoyish qilmoqchi.

Xabaringiz bor – Realme brendi aslida Hindiston bozoriga mo‘ljallangan, ammo Oppo uning muvaffaqiyatli yurishini Xitoyda ham amalga oshirmoqchi. «Osmon osti saltanati»da standart Realme X hamda nisbatan arzon Realme X Lite taqdimotdan keyin – may oyidayoq savdoga chiqishi mumkin. Yanada ilg‘or Realme X Pro esa bozorga sal keyinroq taqdim etiladi.

Insayderlarning ta’kidlashlaricha, Realme X Lite nomi ostida yaqinda Hindistonda chiqarilgan Realme 3 Pro modeli taqdim etiladi. Uni biroz yaxshilashadimi yoki shunchaki boshqa nom bilan chiqarib qo‘yaverishadimi – bunisi hozircha noma’lum.

O‘QING: Realme 3 Pro namoyish qilindi: Redmi Note 7 Pro’ning jiddiy raqibi!

Realme X modeliga kelsak, uni Qualcomm kompaniyasining yangi chipi – Snapdragon 730 protsessori bilan ta’minlashadi. Tezkor va ichki xotira hajmiga ko‘ra turli variantlarga ega bu smartfonning old kamerasi korpus ichidan chiqadigan bo‘ladi. Uning qo‘shaloq bosh kamerasi esa 48 hamda 5 megapiksellik datchiklarni o‘z ichiga oladi.

Va nihoyat, yangi turkumning eng ilg‘or vakili – Realme X Pro esa flagman protsessor – Snapdragon 855 bazasida ishlaydi. Uning boshqa texnik xususiyatlari standart Realme X modeliga o‘xshash bo‘lishi kutilmoqda.

Agarda Realme smartfonlari Xitoyda ham taqdim etilsa va sotuvga chiqsa, ehtimol, O‘zbekistonda ularni AliExpress savdo maydonchasi orqali xarid qilish imkoni tug‘ilar. Turli rusumlardagi Xiaomi telefonlarini esa allaqachon 585 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan sotib olish imkoni bor.

O‘QING: Arzonlashtirilgan flagman – Mi 9 SE ham Terashop.uz’ga keldi! Xiaomi smartfonlarining pasaygan narxlari bilan tanishing! (2019 yil 29 aprel)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!