Redmi buni uddaladi: ekranosti daktiloskopga ega LCD-displeyli ilk smartfonni qarshi oling! (+video)

  •   DiMaX
  •  2217
  •  09.03.2020 14:02

Redmi buni uddaladi: ekranosti daktiloskopga ega LCD-displeyli ilk smartfonni qarshi oling! (+video)

Vivo kompaniyasi 2018 yili inqilobiy texnologiyaga – barmoq izi skaneri displeyning ostiga joylangan ilk smartfonni taqdim etgan edi. Vivo Nex S rusumli ushbu qurilma boshqa ko‘plab jihatlari bilan ham yetakchi smartfonsozlarning flagmanlaridan oldinlab ketgan.

O‘QING: Redmi, Huawei, OnePlus va Vivo smartfonlari uchun ekranosti barmoq izi skaneri ishlab chiqarayotgan kompaniya

Ekranosti daktiloskoplarning bir jihati – ular faqat nisbatan qimmat bo‘lgan OLED matritsali displeylar bilangina ishlay oladi. Biroq Xiaomi korporatsiyasining Redmi brendi imkonsiz hisoblanib kelgan ishni uddaladi – ilk bor LCD-ekranga barmoq izi skanerini integratsiya qildi!

Bu haqda Xiaomi vitse-prezidenti va Redmi brendi yetakchisi Lu Veybing (Lu Weibing) bugun – 9 mart kuni o‘zining Weibo-sahifasida xabar e’lon qildi. Shuningdek, mazkur texnologiyaning amalda ishlashini ko‘rsatuvchi qisqa videorolikni ham ulashgan:

Yangi texnologiyasini kompaniya LCD-ekran bilan jihozlangan Redmi Note 8 smartfonida ishlatib ko‘rsatgan. Uning suyuq kristalli displeyidagi daktiloskopik sensori barmoq izini juda tez tanib olib, tizimni qulfdan chiqargan.

Aytish kerakki, LCD-displeyli smartfonlarda daktiloskopik datchik shu paytgacha korpusning orqa yoki yon tomoniga, ayrimlarida esa – ekrandan pastdagi “Uyga” moddiy tugmachasiga joylab kelinayotgan edi. Endi esa Redmi tadqiqotchilar jamoasi barmoq izi sensorini ekranning displeyning o‘ziga joylash yo‘lini topdi va bu texnologiya allaqachon ishlab chiqarish jarayoniga joriy etishga ham tayyor. Ya’ni, bundan keyin Xiaomi’ning arzon smartfonlarida ham yuksak texnologiya yutug‘i joriy etiladi!

O‘QING: 2020 yilning eng, eng, eng... smartfoni namoyish qilindi: «jonli» rasmlar va video!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!