Redmi «damini olaversin» – Snapdragon 888 chipli eng arzon flagman chiqdi!

  •   DiMaX
  •  1793
  •  04.03.2021 14:48

Redmi «damini olaversin» – Snapdragon 888 chipli eng arzon flagman chiqdi!

Xabaringiz borki, Xiaomi korporatsiyasi yaqindagina Redmi K40, Redmi K40 Pro hamda K40 Pro+ flagmanlarini namoyish etgan. Bulardan ikkinchisi hozirda Qualcomm kompaniyasining eng qudratli – Snapdragon 888 protsessoriga ega eng arzon smartfon bo‘lib turibdi.

O‘QING: Eng zo‘r Android-flagmanlar reytingiga Redmi K40 hamda K40 Pro ham kirdi, Mi 11 esa yana pastladi! (AnTuTu, 2021 yil fevral)

Redmi brendining asosiy raqibi – Realme ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. OPPO korporatsiyasining ushbu arzonchi subbrendi bugun – 4 mart kuni Realme GT rusumli superflagmanini taqdim etdi.

Mazkur qurilma Snapdragon 888 chipsetidan tashqari, eng yangi – tegishlicha LPDDR5 toifali tezkor hamda UFS 3.1 standartidagi ichki xotira chiplari bilan ta’minlangan. AnTuTu benchmarkida uning samaradorlik ko‘rsatkichi 750 000 balldan oshadi.

Realme GT diagonaliga 6,43 dyuymlik AMOLED-ekranga ega; displeyda tasvir aniqligi FHD+ formatida, kadr yangilanish chastotasi esa 120 gerslik. Smartfonda yorug‘lik datchigi ikkita – korpusining old va orqa tomonlarida joylashgan. Stereodinamiklari Dolby Atmos hamda Hi-Res Audio texnologiyalarini qo‘llaydi, gadjetda yana quloqchin tirqishi va takomillashtirilgan vibromotor mavjud.

Flagmanning bosh kamerasida asosiy sifatida 64 megapiksellik Sony IMX682 sensori qo‘llangan. Ikkinchi – 8 MPlik modul keng burchakli – ko‘rish burchagi 119 darajali ob’yektiv bilan taqdim etilgan, uchinchi – makrokamera esa 2 megapiksellik aniqlikka ega. Smartfonning old kamerasi esa displey tirqishidagi 16 MPlik yakka datchikdan iborat.

Realme GT modelida yangicha – uch o‘lchamli suyuqlik yordamida sovitish tizimi joriy etilgan. U qurilmani quvvatlashda va o‘yinlarda qizib ketishning oldini oladi. 4500 mA/soatlik akkumulyator 65 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor zaryad oladi.

O‘QING: 3687 mAs batareyali Phone 12 Pro Max avtonomligi yuqorimi, yoki 5000 mAs akkumulyatorli Galaxy S21 Ultra? («Jonli» test videosi)

Smartfon yangi – Realme UI 2.0 grafik qobig‘i boshqaruvi ostida ishlaydi, uni dasturchilar Android 11 operatsion tizim talqini bazasida ishlab chiqishgan. Realme GT xaridorlariga «bulutli» servisdan 6 oy bepul foydalanish imkoni bilan 120 gigabaytlik joy ham taqdim etiladi.

Eng kuchli Snapdragon 888 protsessori bazasida yaratilgan bo‘lsa-da, Realme GT barcha raqiblaridan arzonligi bilan ajralib turadi. Xitoyda uni ochiq savdoga 10 martdan chiqarishadi, lekin shungacha oldindan buyurtma qilganlarga chegirmalar mavjud:

Realme GT 5G, xotirasi 8/128 GBlik — $448 (avvaldan buyurtma qilinsa – $433)

Realme GT 5G, xotirasi 12/256 GBlik — $525 (avvaldan buyurtma qilinsa – $510)

Superflagmanning tashqi bozorga chiqishi borasida biror ma’lumot berilmagan.

O‘QING: O‘rta narxli o‘nta eng kuchli smartfon (AnTuTu reytingi, 2021 yil fevral)