Redmi, Huawei, OnePlus va Vivo smartfonlari uchun ekranosti barmoq izi skaneri ishlab chiqarayotgan kompaniya

  •   DiMaX
  •  2721
  •  08.06.2019 10:44

Redmi, Huawei, OnePlus va Vivo smartfonlari uchun ekranosti barmoq izi skaneri ishlab chiqarayotgan kompaniya

Barmoq izi skaneri ekranning ostiga joylangan telefonlar g‘oyasi bir necha yil oldin ilojsiz tuyular edi. Hozir esa bu odatiy holga aylanmoqda.

Jumladan, tahlilchilar OnePlus 7 Pro smartfonini anchayin yuqori baholashmoqda. Qurilmaning, ayniqsa, tahsinga sazovor xususiyati – 0.2 soniyada barmoq izini aniqlab, smartfonni blokdan chiqaruvchi ekranosti daktiloskopik skaneridir. Ta’kidlash kerakki, tahlilchilarning barchasi OnePlus 7 Pro’ning ekranosti skaneri hozirda sanoatdagi eng yaxshisi ekanligi haqida bir xil fikrda. Bu jihatidan u Huawei P30 Pro, Oppo Reno, Vivo Nex Dual Display Edition va Samsung Galaxy S10 kabi flagmanlarni ham ortda qoldirdi.

Biroq vaziyatning qiziqligi shundaki, Samsung’ Galaxy S10’dan tashqari yuqoridagi smartfonlarning barchasiga bitta kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan, bir xil optik barmoq izi skaneri o‘rnatiladi.

Chengchjengda joylashgan Goodix kompaniyasi 2002 yilda asos solinganidan buyon Huawei, LG, Dell, Xiaomi va Lenovo kabi dunyoning eng yirik texnologik kompaniyalari uchun, boshqa mahsulotlar bilan bir qatorda, barmoq izi skanerlari ham yaratib kelmoqda. Yillar davomida qurilmaviy ta’minot ko‘rinishidagi daktiloskopik skanerlar smartfonlarga yoqish tugmasi yoki kichik o‘yiq aylana shaklida o‘rnatilib kelingan. Biroq o‘tgan yili Goodix’ning barmoq izi skanerlari ekran ostiga ko‘chdi. Sanoatdagi bu tub burilish smartfon ishlab chiqaruvchilarga ekran atrofidagi rom o‘lchamini qisqartirish imkonini berdi. 

Yillar davomida yaratilgan

Goodix to‘liq funksional barmoq izi skanerini displey ostiga o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan birinchi kompaniya emas. Texnologiya ishqibozlari ilk marotaba bu yangilik amalga oshishi ehtimoli haqida 2016 yil oxirida xabar topgan edilar.

O‘shanda Samsung Kaliforniyaning Synaptics kompaniyasi bilan bu kompaniyaning «Clear ID» (ingl. «aniq identifikatsiya») nomli optik sensorini Galaxy S8 flagmaniga o‘rnatish borasida hamkorlik olib borayotganligi haqida mish-mishlar tarqalgan. Bosh barmoq tirnog‘i hajmidagi Clear ID skaneri displey ostiga o‘rnatiluvchi sensor bo‘lib, foydalanuvchi shaxsini OLED ekran piksellari orasidagi masofaviy bo‘shliqlardan o‘tgan iz orqali aniqlaydi. 

«Clear ID» nomli sensor yechimi

Biroq Galaxy S8’ga Synaptics’ning skaneri o‘rnatilmadi. Samsung butunlay boshqacha sensor yechimi uchun Qualcomm bilan hamkorlikka kirishdi. Synaptics esa Clear IDni Vivo kompaniyasiga taklif qildi. Skaner ustida olib borilgan bir yillik takomillashtiruv ishlaridan so‘ng, Clear ID datchigi 2018 yil yanvar oyida o‘tkazilgan Maishiy elektronika taqdimotida rasman Vivo prototipida namoyish qilinib, Vivo’ning yangiliklardagi asosiy mavzulardan biriga aylanishiga sabab bo‘ldi. Aynan o‘sha davr atrofida Goodix o‘zining ekranosti optik sensori ustidagi ishlarni yakunlash arafasida turgan edi. Bu sensor yechimi, Synaptics’ning real chipidan farqli o‘laroq, ekran ostiga barmoqni tasvirga oluvchi kamera linzalarini joylashtirish edi. «Men ekranosti skaneri ommaviy ravishda ishlab chiqarish uchun yetarlicha mukammal emasligi, uni takomillashtirish uchun yana bir necha oy kerakligi haqida Vivo’dagilarga aytgandim. Biroq ular oldinga intilishib, Synaptics yechimidan foydalanishdi va bu o‘z natijasini ko‘rsatdi», – deydi Goodix kompaniyasining asoschisi va bosh ijrochi direktori, 54 yoshlik janob Devid Chjang.

Chjang haq edi: Vivo ishlab chiqargan Synaptics ekranosti barmoq izi skaneri 2018 yil aprel oyida bozorlarni zabt etdi. O‘shanda tahlilchilar bu olamshumul texnologik yangilikni maqtashgan bo‘lsa-da, aslida, hammalari mazkur skanerning sekin ishlashi va ishonchsiz ekanligi haqida bir xil fikrda edilar. Jumladan, CNet sayti tahlilchisi Eloysiziz Lou skanerga «shunchaki yetarlicha darajada yaxshi emas», deb baho bergan. 

«Vivo X21 smartfoni ekrani ostiga o‘rnatilgan birinchi avlod Synaptics meni ham hayratlantirdi, ham hafsalamni pir qildi».

Biroq ko‘p o‘tmay, kompaniya keyingi smartfoni – Vivo Nex uchun Goodix’ning sensor yechimidan foydalandi. Qurilma ishlashi sezilarli darajada yaxshilandi. Synaptics vakilining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya endi barmoq izi skaneri emas, balki IoT (buyumlar interneti) texnologiyasiga ixtisoslashishini ma’lum qildi.

OnePlus 7 Pro smartfonidagi optik skaner, YouTube-bloger JerryRigEverything videosidan olingan skrinshot

Hozirga kelib Goodix’ning ekranosti barmoq izi datchigidan foydalanadigan kompaniyalardan ko‘ra foydalanmaydiganlarini sanash osonroqdir. Huawei, Xiaomi, Oppo, Meizu, Lenovo hamda OnePlus’larning hammasi Vivo’ga ergashib Goodix’ning skaner texnologiyasidan foydalanmoqda.

OnePlus 7 Pro’ning ichki qismi ochilishi tasvirlangan videodan olingan skrinshot: Goodix’ning so‘nggi avlod ekranosti skaneri

Deyarli monopol (Samsung Goodix sensoridan foydalanmayotgan yagona brenddir) kompaniya daromadlari sezilarli darajada o‘sdi. 2018 yilda Goodix daromadlari 3,8 mlrd yuan (535,8 mln AQSh dollari)ga yetdi, uning 3 mlrd yuan (434,5 mln dollar) qismi aynan barmoq izi skaneri biznesidan tushgan.

Daromadining qolgan qismi kompaniyaning Amazon Kindle, Google Home va Bluetooth bilan ishlovchi boshqa qurilmalarga o‘rnatiluvchi sensorli ekranlari ulushiga to‘g‘ri kelgan. 

Xo‘sh, Samsung’dan boshqa deyarli barcha brendlar Goodix’ning ekranosti skaneridan foydalanayotgan bo‘lsa-da, sensor nega aynan OnePlus 7 flagmanida boshqa smartfonlar, masalan, Huawei P30 Pro yoki Oppo Reno’dan ko‘ra tezroq ishlamoqda?

Goodix’ning Tadqiqot va rivojlanish bo‘limi vitse-prezidenti Karson Ye bunga bir necha omillarni sabab qilib ko‘rsatadi.

Avvalo, OnePlus brendi aynan tezlikni boshqa jihatlardan ustun qo‘yadi va kompaniya ishlatadigan dasturiy ta’minotda resurslarning katta qismi tezlik uchun ajratilgan.

Chenchjengdagi Goodix kompaniyasining asoschisi va bosh ijrochi direktori Devid Chjeng

Ikkinchi sababi shuki, Huawei P30 Pro, Oppo Reno va Xiaomi Mi 9’lardan so‘ng chiqarilib, bozorni zabt etgan 7 Pro smartfoniga Goodix skanerining eng so‘nggi versiyasi o‘rnatilgan.

«Sensorlarimizning ham qurilmaviy, ham dasturiy ta’minoti ustida doimiy ishlovchi 400 nafar muhandisimiz bor. Ular nozik sozlash algoritmi, datchiklarning yorug‘likni sezishini kuchaytirish va shunga o‘xshash jihatlar ustida muntazam ish olib borishadi», deydi Ye.

Yorug‘likmi, tovushmi? Yoxud 2D’ga qarshi 3D

Xo‘sh, qaysi bir barmoq izi skaneri yechimi yaxshiroq – Goodix’ning optik sensorimi yoki Qualcomm’ning ultratovushli datchigimi?

Nazariy jihatdan olib qaraganda, ultratovushli skaner ishonchliroqdir, sababi u foydalanuvchining barmog‘idagi unikal epidermis qatlamining 3D xaritasini tovush to‘lqinlari vositasida yaratadi. Optik skaner esa barmoqning 2D tasvirini saqlab qolish uchun yorug‘lik manbasiga tayanadi.

Biroq janob Chjang bu fikrga qo‘shilmaydi. Uning aytishicha, birinchidan, ultratovushli datchiklar optik datchiklarga nisbatan ishonchliroq ekanligiga aniq dalil hozirgacha mavjud emas. Optik sensor himoyasi buzib o‘tilayotgani haqida qancha maqola yozishayotgan bo‘lsa, Samsung’ning Galaxy S10’ini buzib o‘tishayotgani haqida ham shuncha ko‘p xabar berilmoqda.

Ilkinchidan, kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning ko‘pi tan olganidek, biometrik yechimlarning hech qaysisi 100% ishonchli emas. «Agar biometrik tizim qanday ishlashini tushunsangiz va bunday tizim xavfsizligini buzib kirishga tayyor sherigingiz bo‘lsa, har qanday barmoq izi skaneri blokini buzib o‘tish mumkin», deydi Chjang. Uning ta’kidlashicha, iPhone X’dagi yuzni tanish funksiyasining yoki barmoq izi skaneri blokining buzib o‘tilishi haqidagi xabarlarning barchasi ortida bitta umumiylik bor, u ham bo‘lsa qurilma egasining bu jarayonda ishtirokidir. «Biz buni [қурилмани] ko‘ngilli ravishda aldash deb ataymiz va buning oldini olish ilojsiz. Faqatgina qurilmaning foydalanuvchisi ishtirokisiz amalga oshirilgan xakerlik hujumiga qarshi kurashishimiz mumkin», deydi u. Shu jihatdan, Chjangning aytishicha, Goodix’ning optik skaneri avvalgi qurilmaviy ta’minotli skanerlar hamda Samsung’ning ultratovushli skaneri bilan teng darajada ishonchlidir. «Optik skaner yetarlicha ishonchli bo‘lgani uchun ham Google Pay’da bizning sensorlarimiz orqali xaridlarni tasdiqlash imkoni mavjud. Aslida, skanerlarimiz Google’ning standartlariga javob berishini ta’minlash uchun Google bilan hamkorlik qilamiz», deydi Chjang.

Real test

Smartfon tahlilchilaridan biri barcha yangi telefonlardan foydalanib ko‘rish imkoni mavjudligi sababli, o‘zi uchun barmoq izi skanerlarini sinab ko‘rishga qaror qilgan. Biroq ulardan hech qaysisining xavfsizlik tizimini buzib o‘tolmagan. Bu sinov natijasida OnePlus 7 Pro’ning skaneri Galaxy S10’nikidan sezilarli darajada tez ishlashiga qayta amin bo‘lish mumkin, xolos. 

Boshqa tahlilchilar esa, hattoki, OnePlus’ning oldingi avlod smartfonlari borasida ham xuddi shunday xulosaga kelishgan edi. 

«Bu sinovni har kuni qayta-qayta amalga oshiryapman. OnePlus 6T’ning ekranosti optik skaneri Galaxy S10+ ning ultratovushli sensoriga qaraganda tezroq ishlashiga ishonchim butunlay komil». #galaxys10 pic.twitter.com/fadEDJr61q

—Raymond Vong @#WWDS

Sinovni yanada chuqurroq davom ettirib, nam, yog‘li barmoq bilan hamda shishali ekran himoyalagich ustidan skanerni yana sinab ko‘rishgan. Bularning har birida Goodix’ning skaneri ultratovushli skanerni ortda qoldirgan. 

Xo‘sh, innaykeyin-chi?

Ikki yil ichida ekranosti barmoq izi skaneri futuristik g‘oyadan Android-smartfonlarga  tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan xususiyatga aylanishi kutilmoqda. Hattoki, Realme X, Redmi K20 va Meizu 16X kabi o‘rtacha sifatli qurilmalarda ham allaqachon shunday sensor o‘rnatilmoqda. Shu kunlardagi holatga ko‘ra, 41 ta rusumdagi smartfonda Goodix skaneri o‘rnatilgan. Xitoy kompaniyalarining smartfon ishlab chiqarish sur’atlarini hisobga olgan holda aytish mumkinki, yil oxiriga qadar bu raqam yana o‘n ikkitaga oshishi kutilmoqda.

Chjangning aytishicha, barmoq izi skanerlari kompaniyalar uchun daromadni oshirishga xizmat qiluvchi asosiy manba bo‘lib qolaveradi. Goodix hozirda Xitoyning avtomobil ishlab chiqaruvchi brendlari bilan mashinalar eshigiga ham barmoq izi skaneri o‘rnatish bo‘yicha hamkorlik ishlari olib bormoqda. Biroq ayni damda katta yangi raqib, yoki Goodix’ning ehtimoliy mijozi xavf solmoqda: ishonchli manbalarning taxminiga ko‘ra, ikki yil oldin yuzni tanish texnologiyasi foydasiga barmoq izi skaneridan voz kechgan Apple, 2020 yilgi iPhone’ga ekranosti barmoq izi skanerini o‘rnatishni rejalashtirmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!