Redmi K30 – ikkita jihatdan dunyoda birinchi smartfon! (+«jonli» surat)

  •   DiMaX
  •  2517
  •  04.12.2019 09:56

Redmi K30 – ikkita jihatdan dunyoda birinchi smartfon! (+«jonli» surat)

Kuni kecha xabar qilganimizdek, Qualcomm kompaniyasi Gavay orollarida Snapdragon Technology Summit nomli rasmiy taqdimot tadbirini o‘tkazdi. Amerikalik chipsoz unda yangi mahsulotlarini, jumladan, Snapdragon 865 flagman protsessorini hamda o‘rta narxli 5G-smartfonlarga mo‘ljallangan Snapdragon 765G chipsetini namoyish etdi.

O‘QING: AnTuTu'da yangi rekordchi!

Xiaomi korporatsiyasining subbrendi esa o‘zining kutilayotgan Redmi K30 flagmani ayni shu Snapdragon 765G platformasiga tayanishini e’lon qildi. Mazkur 5G-flagman 10 dekabrda taqdim etilishini hisobga olsak, u Snapdragon 765G protsessorli dunyodagi birinchi smartfon bo‘ladi.

Aytish kerakki, Snapdragon 765G chipseti kompaniyaning SA hamda NSA rejimlarini qo‘llab-quvvatlovchi Snapdragon X52 rusumli 5G-modemini ham o‘z ichiga olgan.

O‘QING: Redmi K30 taqdimoti oldidan naq beshta Xiaomi gadjeti arzonlashdi

Shuningdek, internetda Redmi K30 smartfonining orqa tomonidan olingan «jonli» surati tarqaldi. Unda to‘rt modulli bosh kameraga hamda uning asosiy moduli 64 megapiksellik ekanligi haqidagi yozuvga ko‘zimiz tushadi.

Shu paytgacha insayderlar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bu – hali birorta qurilmada qo‘llanmagan yangi Sony IMX686 datchigidir. Demak, Redmi K30 flagmani brendning ilk 5G-qurilmasi bo‘lishdan tashqari, Snapdragon 765G chipli hamda Sony IMX686 sensorli dunyodagi birinchi smartfon bo‘lyapti.

Eslatib o‘tamiz, 10 dekabrdagi marosimda mazkur 5G-flagmandan tashqari, Redmi brendining ilk smart-kolonkasi hamda routeri ko‘rsatilishi, shuningdek, Mi Mix 4 hamda Pocophone F2 flagmanlarining ham namoyish qilinishi kutilmoqda.

O‘QING: Ishlayotgan holdagi Redmi K30 flagmanini «jonli» ko‘ramiz!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!