Redmi K30 Pro va uning Zoom Edition versiyasi chiqdi: eng zo‘r chipsetli arzon 5G-smartfonlar! (+video)

  •   DiMaX
  •  1191
  •  24.03.2020 19:05

Redmi K30 Pro va uning Zoom Edition versiyasi chiqdi: eng zo‘r chipsetli arzon 5G-smartfonlar! (+video)

Xiaomi kompaniyasi bugun – 24 mart kuni Xitoyda onlayn taqdimot marosimini o‘tkazdi. Unda bir qator gadjetlar namoyish etilgan bo‘lsa-da, eng asosiysi – Redmi K30 Pro hamda Redmi K30 Pro Zoom Edition flagmanlari bo‘ldi.

O‘QING: Xiaomi uch yil avvalgi flagmanini zamonaviy qilib qayta chiqaryapti!

Avvalroq taqdim etilgan arzon smartfon – Redmi K30 modelidan farqli ravishda, Pro-versiyani hech bir tirqishsiz va kemtiksiz AMOLED-displey bilan ta’minlashgan. Ekranning o‘lchami – diagonaliga 6.67 dyuym, tasvir aniqligi Full HD+ formatida, kadr yanglanish chastotasi oddiy – 60 gerslik. Displey HDR10+ sifatida tasvir uzata oladi, maksimal yorqinligi – 1200 nit. Uning yuzasiga Corning Gorilla Glass 5 himoya shishasi yotqizilgan.

Redmi K30 Pro ayni damdagi eng ilg‘or Android-protsessor – Snapdragon 865 bazasiga qurilgan va unga sovitish tizimi o‘rnatilgan. Smartfon xaridorlarga LPDDR5 turidagi tezkor xotirasi ikki xil – 6 va 8 gigabaytlik variantlarda taqdim etiladi. Doimiy xotirasi esa 128 yoki 256 gigabaytlik UFS 3.1 chiplaridir.

Yangi smartfonning «quvvat toshi» – 4700 mA/soatlik akkumulyator bo‘lib, 33 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi asosida 60 daqiqada noldan boshlab to‘liq quvvat olib ulguradi.

Redmi K30 Pro’da simsiz zaryadlanish funksiyasi yo‘q, lekin maqtanishga arzirli boshqa jihatlari ko‘p. Jumladan, ekranosti daktiloskop, yangicha vibromotor, quloqchin tirqishi, Wi-Fi 6 va NFC modullari, 5G-modem, infraqizil port, Hi-Res Audio va hatto IP57 standartidagi suvdan himoya ham!

Taqdimotda kompaniya yangi modelning kameralariga katta e’tibor qaratgan. Old kamera 20 megapiksellik datchik bo‘lib, korpusning yuqori qirrasidan chiquvchi mexanizmga joylangan va rangi o‘zgaruvchi LED-indikatorga ham ega.

Asosiy kamera to‘rt modulli: asosiy sensor – 64 megapiksellik Sony IMX686 datchigi. Ushbu sensor 0.8 mkm hajmli piksellarga ega bo‘lib, OIS va EIS texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi; shuningdek, 8K sifatida video yozib olishga qodir.

Qolganlari – keng burchakli ob’yektiv bilan birlashgan 13 megapiksellik modul; 2 megapiksellik chuqurlik sensori; 5 megapiksellik makrokamera hamda fokus masofasi 50 mm bo‘lgan 5 megapiksellik datchik.

Redmi K30 Pro modelidan tashqari, ushbu tadbirda uning maxsus – versiyasi – Redmi K30 Pro Zoom Edition ham namoyish qilindi. Ushbu smartfon «oddiy» sherigidan kameralari bilan farqlanadi: 5 megapiksellik sensor o‘rniga unda 8 megapiksellik kamera o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu datchik 3 karralik optik yaqinlashtiruv va to‘rtta o‘qli barqarorlashtirish texnologiyalariga ega.

Redmi K30 Pro hamda Redmi K30 Pro Zoom Edition savdolari Xitoyda shu yilning 4 aprelida boshlanadi, narxlar esa quyidagicha:

Redmi K30 Pro 6/128 GB – $423

Redmi K30 Pro 8/128 GB – $480

Redmi K30 Pro 8/256 GB – $522

Redmi K30 Pro Zoom Edition 8/128 GB – $535

Redmi K30 Pro Zoom Edition 8/256 GB – $564

Ushbu ikki «qotil» smartfonning boshqa mamlkatlar bozorlariga chiqishi xususida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Xiaomi smartfonlari egalari, koronavirusning navbatdagi zarbasiga tayyor turing!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!