Redmi K30 Ultra kushandasi – Realme X7 Pro ham tayyor: taqdimot kuni, «jonli» surat va xususiyatlari

  •   DiMaX
  •  1274
  •  21.08.2020 12:11

Redmi K30 Ultra kushandasi – Realme X7 Pro ham tayyor: taqdimot kuni, «jonli» surat va xususiyatlari

Xiaomi kompaniyasining o‘n yillik yubileyida arzonchi brendning eng zo‘r flagmani – Redmi K30 Ultra (yoki Redmi K30 Extreme Commemorative Edition) ham taqdim etilgan edi. Biz uning «ichak-chovog‘ini ag‘darish» jarayoni aynan Redmi K30 Ultra’da suratga olib ko‘rsatilgan videoni ham e’lon qilganmiz.

O‘QING: Yangi rekord o‘rnatgan Redmi K30 Ultra ichini ochib, Redmi K30 Pro bilan taqqoslab ko‘rishdi

Oppo korporatsiyasi aynan shu Redmi brendi bilan raqobatlashish uchun tashkil etgan Realme kompaniyasi ham qarab turgani yo‘q. Kuni kecha biz uning Realme X3 Pro flagmanini tayyorlayotgani haqida yozgan edik. Keyin chiqqan rasmiy xabarlarga ko‘ra, kompaniya uni Realme X7 Pro deb nomlamoqda va ayrim xususiyatlarini ham aytib ulgurgan.

Realme flagmanining Samsung Display tayyorlagan ekran bilan ta’minishi, AMOLED matritsali displeyda tasvir yangilanish chastotasi raqobatchi flagmanlarnikidek – 120 gersga teng ekanidan xabaringiz bor. Rasmiy posterga ko‘ra, mazkur displeyning maksimal yorqinligi 1200 kd/m2 birlikka teng, buning evaziga hatto quyosh nuri ostida ham smartfon ekranidagi matnni bemalol o‘qish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, displey yorqinlikning naq 4096 darajasiga ega bo‘lib, atrofning yoritilganligiga qarab intellektual tarzda sozlanadi, natijada har qanday yorug‘lik sharoitida ham ekrandan o‘qish qulay bo‘ladi.

Realme X7 Pro ekranining chetlari qayrilgan, o‘lchami diagonaliga 6,55 dyuymlik bo‘lib, daktiloskop ham displeyning o‘ziga integratsiya qilingan.

O‘QING: Istalgan Android-smartfonning barmoq izi skaneriga tezkor funksiyalar qo‘shamiz

Shuningdek, kuni kecha TENAA regulyatorida Realme kompaniyasining RMX2121 model raqamli telefoni sertifikatsiyadan o‘tgan; manbalarga ko‘ra, bu ayni shu – bozorga Realme X7 Pro nomi ostida chiquvchi qurilmadir.

TENAA ma’lumotlariga ko‘ra, Realme X7 Pro korpusi o‘lchamlari 160,8x75,2x8,5 millimetrga, vazni esa 184 grammga teng. Kompaniya uni qora, oq va binafsha rang tusli korpuslarda sotadi.

Realme X7 Pro ekranidagi tirqishda 32 megapiksellik old kamera, orqa panelida esa 64 + 8 + 2 + 2 megapiksellik kvadrokamera joylashgan. Kompaniya uni 6 va 8 gigabaytlik tezkor, 128 va 256 gigabaytlik doimiy xotiraga ega variantlarda taklif etadi. Lekin bu modelda xotira kartasi uchun slot ko‘zda tutilmagan.

TENAA mazkur smartfonning takt chastotasi 2,6 gigagerslik sakkiz yadroli protsessorga ega ekanligini aytmoqda. Aftidan, bu 7 nanometrlik texnologik jarayon bo‘yicha tayyorlangan Dimensity 1000+ chipseti bo‘lsa kerak. MediaTek kompaniyasining mazkur flagmani AnTuTu benchmarkining iyul oyidagi eng kuchli mobil protsessorlar reytingida ikkinchi o‘rinni olgan edi.

Redmi K30 Ultra modelida 33 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi qo‘llangan bo‘lsa, uning «qotili» sifatida maydonga tushayotgan Realme X7 Pro flagmanida mazkur ko‘rsatkich 65 vattga teng. Yuqoridagi posterga ko‘ra, kompaniya uni 1 sentyabr kuni rasman taqdim qiladi.

O‘QING: Atigi 128 dollarga uch kamerali, 6000mAh batareyali va o‘yinbop protsessorli smartfon chiqdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.