Redmi K30i 5G namoyish qilindi – Snapdragon chipli eng arzon 5G-smartfon!

  •   DiMaX
  •  1568
  •  25.05.2020 10:54

Redmi K30i 5G namoyish qilindi – Snapdragon chipli eng arzon 5G-smartfon!

Xiaomi korporatsiyasining arzonchi subbrendi Redmi K30 flagmanining yanada arzon versiyasini tayyorlagani haqida yozgandik. Bugun – 25 may kuni Redmi K30i (yoki Redmi K30i 5G) rusumli ushbu modelni rasman taqdim etishdi.

O‘QING: Hali chiqmagan Android 11’ni eski va arzon Redmi smartfoniga allaqachon o‘rnatish mumkin!

Yangi – eng arzon 5G-smartfonning standart Redmi K30 5G modelidan asosiy farqi – uning bosh kamerasida 64 emas, balki 48 megapiksellik datchik qo‘llanganidir.

Redmi K30i 5G diagonaliga 6,67 dyuymlik IPS-ekran bilan jihozlangan, uning tasvir aniqligi Full HD+ formatida, kadr yangilanish chastotasi esa 120 gersga teng. Displey yuzasiga Gorilla Glass 5 himoya shishasi yotqizilgan, yuqori o‘ng burchagida esa 20 + 2 megapiksellik qo‘shaloq old kamera uchun tirqish o‘yilgan.

Smartfonning bosh kamerasi to‘rttalik bo‘lib, asosiy datchigi 48 megapiksellik aniqlikka va f/1,79 diafragmaga ega. Kameraning ikkinchi – o‘ta keng burchakli sensori 8 MPlik, makromoduli 5 MPlik va sahna chuqurligini aniqlash datchigi 2 MPlik.

O‘QING: Hamyonbop Redmi 10X’ning flagmancha xususiyatlari: AMOLED-ekran, 30 karralik zum va barqarorlashtirish... (+«jonli» rasm va video)

Redmi K30i 5G apparat ta’minoti asosini Snapdragon 765G protsessori hamda 6 gigabaytlik «operativka» tashkil etadi. Doimiy xotira sifatida esa LPDDR4X turiga mansub, 128 gigabaytlik chip tanlangan. Akkumulyator tok sig‘imi 4500 mA/soatlik, u 30 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvat oladi.

Kompaniya bu smartfoniga Android 10 bazasida tayyorlangan MIUI 11 grafik qobig‘ini o‘rnatgan. Redmi K30i 5G ikkita SIM-karta bilan, 5G tarmoqlarida ishlay oladi. Qurilma standart quloqchin tirqishi va USB Type-C portiga, kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC hamda Wi-Fi (802.11ac) modullariga ega.

Redmi K30i 5G o‘z yurtida 2 iyundan sotila boshlaydi, xorij bozoriga chiqish-chiqmasligi esa hozircha noma’lum. Redmi uni 262 dollarga baholagan, lekin dastlabki xaridorlar 252 dollarga olishlari mumkin bo‘ladi. Taqqoslash uchun, ayni shunaqa konfiguratsiyadagi – 6/128 gigabaytlik xotiraga ega Redmi K30 5G narxi 280 dollarga teng.

O‘QING: MIUI 12 global proshivkasining tarqatilish grafigini Xiaomi rasman e’lon qildi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!