Redmi K40 namoyish etildi – Galaxy S21 Ultra ekranli flagman atigi 310 dollardan!

  •   DiMaX
  •  5488
  •  26.02.2021 11:11

Redmi K40 namoyish etildi – Galaxy S21 Ultra ekranli flagman atigi 310 dollardan!

«Xitoycha Apple»ning arzonchi brendi, nihoyat, o‘zining K40 turkumidagi flagman smartfonlarini namoyish etdi. Ushbu oilaga Redmi K40 Pro hamda K40 Pro+ ham kirgan, ularga keyinroq to‘xtalamiz, hozir esa standart talqindagi Redmi K40 bilan batafsil tanishamiz.

O‘QING: Redmi K40 hamda K40 Pro sotuvga chiqdi: narxlari, «jonli» surat va yangi jihatlari

Redmi K40 modeli bazaviy flagman bo‘lgani uchun uning «elektron yuragi» sifatida eng kuchli Snapdragon 888 emas, balki Snapdragon 870 qo‘llangan. Lekin bu protsessorning samaradorligi ham Qualcomm’ning eng zo‘r chipseti ko‘rsatkichiga yaqin.

Ushbu devaysning asosiy xususiyatlaridan biri – Samsung tomonidan ishlab chiqilgan, so‘nggi Ye4 avlod Super AMOLED ekranidir. Aytish kerakki, bu – Galaxy S21 Ultra hamda Xiaomi Mi 11 flagmanlarida qo‘llangan, hozirda eng zo‘r displeydir. Ulardagidan farqi – Redmi K40 ekranining chetlari qayrilma emas, balki bir tekis.

Ekranga o‘yilgan old kamera tirqishining o‘lchami rekord darajada kichik – diametri atigi 2,76 millimetrga teng. Diagonaliga 6,67 dyuymlik displeyda kadr yangilanishi 120 gerslik bo‘lsa, sensor qatlami naq 360 gerslik chastotada yangilanadi – bunisi geymerlarga juda yoqishi aniq. Shuningdek, Redmi K40 ekranida rang haroratini 4500K dan to 7800K birlikkacha sozlash uchun qo‘shimcha datchik qo‘llangan, xuddi zamonaviy iPhone’lardagi singari.

Redmi K40 korpusi anchagina yupqa (7,8 mm) va yengil (196 gramm) chiqqan, akkumulyatorining tok sig‘imi 4520 mA/soatni tashkil etadi. Unda 33 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi qo‘llangan, lekin Redmi ta’kidlashicha, bu smartfon boshqa kompaniyalarning xuddi shunday tok sig‘imli va bundan yuqoriroq quvvat bilan zaryadlanuvchi telefonlari kabi tez quvvat oladi.

Simsiz quvvatlash texnologiyasi esa bu bazaviy flagmanda mavjud emas.

O‘QING: TOP-15: Rekord darajada tez quvvatlanuvchi smartfonlar

Telefonning bosh kamerasida asosiy sifatida 48 megapiksellik Sony IMX582 datchigi hamda F/1,79 diafragmali ob’yektiv qo‘llangan. Ikkinchi – 5 MPlik sensorga fokus masofasi 50 millimetrlik ob’yektiv biriktirilgan bo‘lsa, 8 MPlik modul ko‘rish burchagi 119 darajali o‘ta keng burchakli ob’yektiv bilan taqdim etilgan. Selfi uchun 20 megapiksellik old kamera o‘rnatilgan.

Redmi K40 konfiguratsiyasida UFS 3.1 hamda LPDDR5 standartidagi tezkor va doimiy xotira chiplari, Dolby Atmos texnologiyali stereodinamiklar qo‘llangan. Flagmanda so‘nggi avlod – Wi-Fi 6 adapteri, NFC moduli, infraqizil port ham mavjud, korpusi IP53 standartiga ko‘ra suv sachrashidan himoyalangan.

Xiaomi ushbu smartfoniga o‘z yurtida quyidagicha narxlar belgilagan:

6/128 gigabaytligi – 310 dollar;

8/128 gigabaytligi – 340 dollar;

8/256 gigabaytligi – 390 dollar;

12/256 gigabaytligi – 420 dollar (yoki oldindan buyurtma qilganda – 390 dollar).

Redmi K40 smartfoni Android 11 operatsion tizim ustiga qurilgan MIUI 12 grafik qobig‘i bilan chiqarilgan.

O‘QING: Arzon flagman – Xiaomi Mi 11 Lite’ni ilk bor «jonli» tomosha qilamiz!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!