Redmi Note 11 seriyasiga yana bir yangi smartfon qo‘shildi

Redmi Note 11 seriyasiga yana bir yangi smartfon qo‘shildi

Xiaomi kecha Redmi Note 11 seriyasiga mansub bo‘lgan yangi Note 11R modelini taqdim etdi. Biroq ushbu qurilmani yangi deyish mumkinmi o‘zi? Aslida, buni Poco M4 5G modelining kattaroq xotiraga ega turi desak adashmaymiz. 

Poco M4 5G modeli 4/64GB, 6/128GB xotira turlariga ega edi. Yangi modelning esa 4/128GB, 6/128GB, 8/128GB xotiraga ega turi mavjud. Smartfonda, shuningdek, microSD kartasi uchun uya bo‘lib, doimiy xotirani 1TB gacha kengaytirish mumkin. 

Redmi Note 11R modeli Dimensity 700 chipi bilan jihozlangan. U Android 12 operatsion tizimiga asoslangan MIUI 13 grafik qobig‘ida ishlaydi. Qurilma FullHD+ rezolyutsiyadagi 6.58 dyuymli LCD displeyiga ega bo‘lib, 90 gerts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Old paneldan 5MP selfi kamera o‘rin olgan. 

Orqa panelda 13MP asosiy hamda 2MP sath kameralar joylashgan. Ikki kameraning o‘rtasidan esa LED chirog‘i o‘rin olgan. Kamera modulining o‘ng burchagida “Redmi“ yozuvini ko‘rish mumkin. U “Poco“ yozuvi bilan almashgan. 

Qurilma yon tomonda joylashgan barmoq izi skaneriga ega. U 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator ega bo‘lib, uni USB-C porti bilan 18 vatt tezlikda quvvatlash mumkin. Ammo qurilma qutisida 10 vattlik quvvatlagich bo‘ladi xolos. 

Redmi Note 11R modeli kulrang, qora va ko‘k ranglarda taqdim etildi. U faqat Xitoy bozori uchun ishlab chiqariladi. Qurilmaning narxi esa quyidagicha: 

4/128GB - 154 dollar

6/128GB - 168 dollar

8/128GB - 196 dollar.

O‘QING: Yangi Redmi Note smartfoni rekord darajadagi zaryadlanish tezligiga ega bo‘ladi 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.