Dimensity 1080 tasdiqlandi, kamera 200MP!

Dimensity 1080 tasdiqlandi, kamera 200MP!

Xiaomi o‘zining yangi Redmi Note 12 smartfonlarini bir necha kundan so‘ng taqdim qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Taqdimotdan oldin kompaniya yangi smartfonlarning ayrim xususiyatlarini oshkor qildi.

Yangi Redmi smartfonlari seriyasi uchta model: Note 12, Note 12 Pro va Note 12 Pro+ modellarini o‘z ichiga oladi va ular MediaTek yaqinda taqdim qilgan Dimensity 1080 chipseti bilan jihozlanadi.

Ta’kidlash joizki, yangi chipset o‘rta-daraja smartfonlarni ham 200MP kamera bilan qo‘llab-quvvatlay oladi. Albatta, Xiaomi ham bunday afzallikdan foydalanmay qolmaydi: Redmi Note 12 seriyasidagi Pro+ model rasman Samsung'ning 1/1.4" dyuymli HPX (200MP) kamera sensoriga ega bo‘ladi. Kompaniya qolgan modellar uchun esa Sony’ning 1/1.56" dyuymli IMX766 sensorini (50MP) o‘rnatmoqchi ekanligini tasdiqladi. Shuningdek, Redmi Note 12 smartfonlari mos ravishda 67 Vt, 120 Vt va rekord darajadagi 210 Vt tezlikda zaryadlanishni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Tashqi ko‘rinishga keladigan bo‘lsak, smartfonlarning orqa tomonidagi kamera oroli dizayni o‘zgartirilmagan: ular Redmi Note 11T Pro bilan bir xil ko‘rinishda. Garchi smartfonlarning old tomoni sifatli renderlarda ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, seriyadagi Pro+ model yon tomoni egilgan ekranga ega bo‘lishi kecha ma’lum bo‘lgan edi. Qolgan modellar esa tekis ekranga ega bo‘lishi mumkin.

Yangi smartfonlar 27 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan 16:00 da taqdim qilinishi kutilmoqda.

O‘QING: iPhone 15 Ultra titan korpusga ega bo‘ladi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!