Redmi Note 6 Pro – Xiaomi’ning to‘rtta kamerali, iPhone X dizaynli ajoyib smartfoni!

  •   DiMaX
  •  16007
  •  24.10.2018 16:26

Redmi Note 6 Pro – Xiaomi’ning to‘rtta kamerali, iPhone X dizaynli ajoyib smartfoni!

«Xitoycha Apple»ning hamyonbop turkumda taqdim etilgan eng so‘nggi qurilmalaridan biri Xiaomi Redmi Note 6 PRO fableti bo‘ladi. U mazkur kompaniyaning qo‘shaloq old kameraga ega ilk smartfoni ekanligi bilan ham ajralib turadi.

Keling, 2018 yilning sentyabrida rasman namoyish etilgan, kengformatli ekranga va kuchli xususiyatlarga ega bo‘lgan ushbu devaysga batafsilroq to‘xtalamiz...

Jamlanmasida nimalar bor?

Xiaomi Redmi Note 6 PRO qadog‘ida, smartfonning o‘zidan tashqari, quyidagilar ham joylangan:

  • foydalanuvchi qo‘llanmasi;
  • quvvatlash uskunasi;
  • USB – microUSB kabeli;
  • SIM-kartalar uyachasini chiqarish skrepkasi;
  • himoya g‘ilofi.

Dizayn va ergonomika

Xiaomi kompaniyasi hamisha vaqt bilan hamnafas bo‘lishga intilib, o‘z smartfonlarini ham funksionalligi, ham dizayni bo‘yicha zamonaviy tarzda ishlab chiqadi. Redmi Note 6 PRO modeli ham bundan mustasno emas.

Ushbu devays keyingi yillarda trendga chiqqan bir necha xususiyatlarni o‘zida jamlagan. Ya’ni:

  • Keng formatli ekran;
  • Juft modulli bosh kamera;
  • Selfi-kamera ham qo‘shaloq;
  • iPhone X uslubida «kemtik»li ekran;
  • Korpusi navigatsiya tugmachalaridan xoli.

Xiaomi ushbu qurilmasining orqa panelini ham kupertinoliklarning iPhone X superflagmaniga o‘xshatishga harakat qilgan. Orqa qopqoqning umumiy yuzasidan sal bo‘rtib chiqqan blokda asosiy kameraning 12 hamda 5 megapiksellik ikkita moduli, ular orasida esa ikkita tusli LED-fotochaqnoq joylashgan. Ayfonlardan farqli ravishda, Redmi Note 6 PRO orqa qopqog‘ida barmoq izi skaneri ham o‘rin olgan.

Korpusning chap qirrasida ikkita SIM-karta hamda microSD formatidagi xotira kartasi uchun uyacha mavjud. Afsuski, bu modelda xotira kartasi bitta SIM-karta o‘rniga joylanadi.

Ovozni pastlatish-balandlatish hamda smartfonni o‘chirib-yoqish tugmachalari esa, an’anaviy tarzda, korpusning o‘ng qirrasiga joylangan.

Yana bir jihatni alohida ta’kidlab o‘tsak arziydi – Xiaomi bu modelidan infraqizil portni qizg‘anmagan. Holbuki, «xitoycha Apple» ayrim arzon modellarini ushbu muhim datchikdan mosuvo qila boshlagan.

O‘QING: Redmi 6 va 6A’ning Xiaomi yashirgan asosiy kamchiligi fosh bo‘ldi!

Infraqizil port tufayli, Mi Remote deb nomlangan maxsus dastur yordamida ushbu smartfonni ko‘plab maishiy texnika jihozlari uchun boshqaruv pulti vazifasini bajara oladi Redmi Note 6 PRO modelida u korpusning tepa qirrasida, qo‘shimcha mikrofon hamda 3.5 millimetrlik quloqchin tirqishi yonida joylashgan.

Yuksak texnik xususiyatlarga ega Mi turkumidagi qurilmalardan farqli ravishda, hamyonbop Redmi modellarida hanuz miroUSB porti qo‘llanib kelayotir. Redmi Note 6 PRO gadjetida u korpusning pastki qirrasida, mikrofon hamda dinamik orasidan o‘rin olgan.

Xiaomi Redmi Note 6 PRO xaridorlarga qizil, pushti, ko‘k va qora rangli korpuslarda taklif etiladi.

Ushbu smartfon qadoqdanoq Android 8.1 (Oreo) operatsion tizim talqiniga asoslangan MIUI 9 global proshivkaga ega.

Ekrani ham o‘ziga xos

Ushbu fabletning diagonaliga 6.26 dyuymlik displeyi 1080x2160 piksellik tasvir sifatiga ega. Unda mazkur toifadagi smartfonlar uchun standart darajadagi rang uzatish xususiyati mavjud. IPS matritsali ekrani ustiga Corning Gorilla Glass himoya shishasi yotqizilgan.

Ekranining yuqorisidagi «kemtik»da qo‘sh modulli kameradan tashqari yorug‘likni aniqlash datchigi, bildirishnomalar indikatori hamda suhbatlashish dinamigi ham o‘rin olgan.

Yuqorida ta’kidlanganidek, Redmi Note 6 PRO qurilmasining korpusida navigatsiya tugmachalari yo‘q. Smartfon ekrandagi virtual tugmachalar hamda displeydagi barmoq ishoralari orqali boshqariladi. Xohishga ko‘ra, ekrandagi ish hududini kengaytirish maqsadida tugmachalarini o‘chirib qo‘yish ham mumkin.

Ishlash samaradorligi

Smartfonlarning ishlash samaradorligini baholovchi mashhur AnTuTu benchmarkida bu qurilma 115991 ball to‘plagan.

Xiaomi Redmi Note 6 PRO texnik xususiyatlari hamda ishlash tezligi bo‘yicha ham o‘z toifasidagi aksariyat qurilmalardan ustun. Uning «elektron yuragi» – Snapdragon 636 protsessori maksimal 1.8 GGs takt chastotasida ishlay oluvchi sakkizta yadroni hamda Adreno 509 grafik tezlatgichini o‘zida jamlagan.

Modifikatsiyasiga bog‘liq holda, mazkur smartfon turlicha hajmlardagi tezkor va doimiy xotira bilan jihozlangan. Aniqrog‘i – Xiaomi uni 3/32, 4/64 yoki 6/64 gigabaytlik tezkor/ichki xotiraga ega talqinlarda ishlab chiqaradi. Unga yana 256 gigabaytgacha hajmli microSD-karta qo‘ysa bo‘ladi, ammo, yuqorida ta’kidlaganimizdek, u bitta SIM-karta o‘rniga qo‘yiladi.

OTG texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi evaziga, mazkur fabletga FAT32 va exFAT fayl tizimiga ega bo‘lgan tashqi fleshkalarni ham ulash imkoni bor.

Aksariyat telefonlardagi kabi Redmi Note 6 PRO ham akselerometr, giroskop, kompas kabilarga ega. Xiaomi’ning boshqa hamyonbop smartfonlaridagi singari, ushbu modelda ham kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC moduli joylanmagan. O‘zbekistonda mazkur texnologiya rivojlanmaganini hisobga olsak, uning bizga keragi ham yo‘q.

Katta ekrani va nisbatan kuchli protsessoriga mos ravishda, Redmi Note 6 PRO fabletining batareyasi ham yaxshi – 4000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega. O‘rtacha foydalanish rejimida uning quvvati bir yarim – ikki kunga yetadi.

Jami to‘rtta kamera!

Ko‘pchilik smartfon egalari, ayniqsa yoshlar telefonlarning aynan kamerasiga ko‘proq e’tibor qaratishadi. Xiaomi shuni inobatga olib, Redmi Note 6 PRO gadjetini jami naq to‘rtta kamera moduli bilan ta’minlagan. «Xitoycha Apple» shu paytgacha boshqa birorta smartfonida, hatto flagmanlaridayam biryo‘la old va asosiy kameralarni qo‘sh ob’yektivli qilmaganini inobatga olsak, ushbu fabletning mobil fotografiya ishqibozlari uchun ahamiyatli ekanligini yaxshi anglaymiz.

Fabletning bosh kamerasi 12 va 5 megapikselli sensorlarni o‘z ichiga oladi. Selfi uchun esa 20 hamda 2 megapikselli ikkita sensorni o‘z ichiga olgan kamera mavjud.

Juft datchiklari evaziga Redmi Note 6 PRO old kamerasi ham, bosh kamerasi ham orqa fonni xiralashtirib – boke effekti bilan portret rejimida rasmga ola biladi. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, olinayotgan rasmlarni «sun’iy ong» maxsus qayta ishlaydi, tasvirga olinayotgan syujetlarni anglaydi va o‘z algoritmlari yordamida suratni yaxshilab beradi.

Mana, Xiaomi Redmi Note 6 PRO kamerasida olingan rasmlarga misollar:

Xohishga ko‘ra, suratlardagi «Redmi Note 6 PRO Mi Dual Camera» yozuvini sozlamalar menyusi orqali olib tashlash mumkin.

Xiaomi Redmi Note 6 Pro smartfonining texnik xususiyatlari:

O‘lchamlari: 157.9 x 76.4 x 8.2 mm

Displey: 6.26 dyuymlik, 97.8 kv.sm; 1080x2280 pikselli, (~403 ppi); 19:9 nisbatli.

Tarmoqlarni qo‘llashi: GSM / HSPA / LTE – 2G: GSM 850 / 900 / 1800 / 1900 - SIM 1 va SIM 2; 3G: HSDPA 850 / 900 / 1900 / 2100; 4G: LTE band 1(2100), 3(1800), 4(1700/2100), 5(850), 7(2600), 8(900), 20(800), 38(2600), 40(2300).

Operatsion tizim: Android 8.1 (Oreo)

Protsessor: Qualcomm Snapdragon 636: 1.8 GGs.lik sakkizta Kryo 260 yadrosi + Adreno 509 grafik chipi.

Xotira: 3/4/6 GBlik tezkor hamda 32/64 GBlik doimiy; yana 256 GBgacha xotira kartasi qo‘yish mumkin.

USB: microUSB 2.0, USB On-The-Go

Bosh kamera: 12 MP, f/1.9, 1/2.55", 1.4µm, dual pixel PDAF + 5 MP, f/2.0, 1.12µm, depth sensor.

Old kamera: 20 MP, f/2.0 + 2 MP, depth sensor.

Bluetooth: 5.0, A2DP, LE.

Wi-Fi: Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac, dual-band, Wi-Fi Direct, ulashish mumkin.

Akkumulyator: olinmaydigan, 4000 mA/soatlik, Li-Po.

XULOSA

Xullasi kalom, Xiaomi Redmi Note 6 PRO – katta ekran va kuchli batareyaga, infraqizil portiga ega, dizayni va samaradorligi yaxshi bo‘lgan smartfondir.

Uning nafaqat dizayni iPhone X yubiley flagmaniga o‘xshashligi, balki sifatli ekrani va har ikki tomonidagi «sun’iy idrok»li qo‘shaloq kameralari ham ahamiyatga ega. Global versiyada chiqarilganligi, Android operatsion tizimining 8.1 – Oreo talqini boshqaruvi ostida ishlashi ham uning afzalliklaridandir.

Ushbu fablet rasmiy taqdimotidan ham avval sotuvga chiqib ketgan va o‘shandan buyon Terashop.uz internet-do‘konimizda ham sotilmoqda.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 1 415 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 1 595 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!