Redmi Note 9 – suvdan himoya, 48 MPlik kvadrokamera, 5020 mA/soatlik batareya va Helio G85 chipli arzon smartfon!

  •   DiMaX
  •  5622
  •  01.05.2020 10:20

Redmi Note 9 – suvdan himoya, 48 MPlik kvadrokamera, 5020 mA/soatlik batareya va Helio G85 chipli arzon smartfon!

Xiaomi kompaniyasi 30 aprel kuni Redmi brendi ostidagi to‘qqizinchi avlod fabletlarining eng arzonini taqdim etdi. Redmi Note 9 rusumli ushbu smartfon bir qator texnik xususiyatlari va 199 dollardan boshlanuvchi narxi bilan kishini quvontiradi.

O‘QING: 33 xil Xiaomi va Redmi smartfonlariga hoziroq MIUI 12 o‘rnata olasiz! (tayyor havolalar)

Redmi Note 9 modelining ekranini kompaniya «nuqtali displey» (DotDisplay) deb atagan va bu – nuqtadek kichkina tirqishga 13 megapiksellik old kamera joylashganiga ishoradir.

Displeyning o‘lchami diagonaliga 6,53 dyuymlik, tasvir aniqligi esa Full HD+ formatida. IPS-matritsali ekran ustiga Corning Gorilla Glass 5 himoya shishasi yotqizilgan.

Asosiy kameraning to‘rtta moduli kvadrat blokka olingan va ulardan pastda barmoq izi skaneri joylashgan.

Bular – 48 MPlik asosiy sensor (f/1.79) + 8 MPlik keng burchakli modul (f/2.2, ko‘rish burchagi 118°) + 2 MPlik makroob’yektiv + 2 MPlik chuqurlik datchigi (f/2.4).

Smartfonning «elektron yuragi» – MediaTek Helio G85 protsessoriga taqdimotda katta e’tibor qaratilgan. Redmi Note 8 modelidagi Snapdragon 665 chipsetidan 21 foizga samarador bo‘lgan mazkur protsessorni «kunlik geyming» uchun maqbul variant, deyishmoqda.

Redmi Note 9 akkumulyatori ancha sig‘imdor – 5020 mA/soatlik bo‘lib, 18 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvat oladi. Qizig‘i – smartfon jamlanmasiga 22,5 vattlik tezkor zaryadlash uskunasi kiritilgan.

Kompaniyaning da’vosiga ko‘ra, odatiy foydalanishda Redmi Note 9 quvvati ikki kundan oshiq vaqtga yetadi!

Redmi Note 9 mustahkamligini oshirish maqsadida korpusining burchaklarini kuchaytirishgan. Tag‘in uning yuzasini suvni haydovchi nanoqoplama bilan qoplashgan. Devaysni eng so‘nggi Android 10 operatsion tizim talqini bazasidagi MIUI 11 interfeysi bilan ta’minlashgan.

O‘QING: Xiaomi va Redmi smartfonlari uchun MIUI 12 taqdim etildi: yangi imkoniyatlarni qarshi olamiz! (+5 ta video)

Shuningdek, mazkur arzon smartfon konfiguratsiyasiga kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC chipi hamda maishiy texnika jihozlarini boshqaruv pulti sifatida qo‘llash imkonini beruvchi infraqizil port ham kirgan.

Redmi Note 9 korpusida ikkita SIM-kartadan tashqari yana microSD-karta joylashuvchi slot, quloqchin uchun 3,5 millimetrlik standart audiotirqish mavjud. 

Xiaomi ushbu gadjetini may oyining o‘rtasida sotuvga chiqarishni mo‘ljallamoqda. Uning boshlang‘ich konfiguratsiyadagi – 3/64 gigabaytlik tezkor/ichki xotirali varianti uchun atigi 199 dollar narx belgilangan. Xotirasi 4/128 gigabaytlik varianti ham qimmat emas – 249 dollar turadi.

O‘QING: «Qoch yo‘ldan, Redmi!» – eng arzon, tag‘in NFC va 120 Gs ekranli, kvadrokamerali 5G-smartfon sotuvga chiqdi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!