Redmi’ning yangi flagmani bu jihatiga ko‘ra iPhone 11’dan ham zo‘r chiqdi!

  •   DiMaX
  •  3027
  •  29.10.2020 09:55

Redmi’ning yangi flagmani bu jihatiga ko‘ra iPhone 11’dan ham zo‘r chiqdi!

Keyingi yillarda aksariyat smartfonsozlar o‘z qurilmalari uchun AMOLED-ekranlarni tobora ko‘proq tanlashmoqda. Shunga qaramasdan, suyuq kristalli – LCD displeyga ega flagman modellar ham mavjud.

O‘QING: iPhone 12 mini’ga munosib raqibni... Redmi chiqarmoqchi!

Apple korporatsiyasining o‘tgan yilgi flagmani – iPhone 11 modeli LCD ekranli eng zo‘r smartfonlardan biridir. Dunyo bo‘yicha oxirgi bir yil mobaynida eng ko‘p sotilayotgan telefon ham aynan shu ayfon bo‘ladi – avvalroq u bu borada ikkinchi o‘rin egasidan uch yarim marta o‘zib ketgan!

Suyuq kristalli displeyga ega bo‘lgan so‘nggi flagman esa Redmi K30S smartfoni bo‘lib, «Xitoycha Apple» uni 27 oktyabr kuni rasman namoyish qilgan. Mazkur model Qualcomm kompaniyasining eng kuchli protsessorlaridan biri – Snapdragon 865 bazasidagi eng arzon smartfon ekanligi bilan alohida ahamiyatga ega.

Taqdimotning ertasi kuni Xiaomi bosh direktori Ley Szyun (Lei Jun) ushbu smartfonning ekran xususiyatlariga ko‘ra iPhone 11’dan ustun ekanini aytdi. Weibo ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan mazkur ma’lumotda bir xil turdagi ekranga ega bo‘lgan shu ikki smartfon displeylarining xususiyatlari yaqqol taqqoslab ko‘rsatilgan.

Guvohi bo‘layotganingizdek, Redmi K30S ekranining o‘lchami diagonaliga 6,67 dyuymlik, tasvir aniqligi esa 2400x1080 piksellik. Unda piksellar zichligi bir dyuymda 395 pikselni tashkil etadi; bundan tashqari, displeyda kadrning yangilanish chastotasini 30 gersdan 144 gersgacha birlikdagi yettita rejimda sozlash mumkin. Ekranning yorqinligi 4096 ta darajaga ega bo‘lib, maksimal yorqinlik 650 kd/m2, kontrastligi esa 1500:1 birlikni tashkil etadi.

iPhone 11 displeyi esa atigi 60 gerslik chastotada kadr yangilanishiga hamda bir dyuymda 326 piksellik zichlikka ega. Ekranning maksimal yorqinligi 625 kd/m2, kontrastligi bo‘lsa 1400:1 birlikda. Ranglar uzatishning aniqligi borasida ham Redmi K30S ekrani o‘n birinchi ayfonnikidan yuqori.

O‘QING: Xitoyliklarning o‘zlari eng ko‘p qaysi smartfonlarni olishyapti?