RGB LED chirog'i yangi Realme smartfonining o'ziga xos xususiyati bo'ladi

RGB LED chirog'i yangi Realme smartfonining o'ziga xos xususiyati bo'ladi

Realme kompaniyasi o'zining yangi avlod GT Neo smartfonini taqdim qilishga tayyorlanmoqda. U GT Neo 4 emas, balki GT Neo 5 bo'ladi. Liniyasidan "4" tushirib qoldirilayotganiga kompaniyaning asosiy bozori hisoblanadigan Xitoyda raqamning "o'lim" so'ziga o'xshash ekanligini sabab qilib ko'rsatish mumkin.

Bo'lajak Realme GT Neo 5 smartfoni SuperVOOC texnologiyasiga asoslangan rekord darajadagi 240 Vt tezlikda quvvat olishi bilan o'ziga xos hisoblanadi va bu uning yagona eksklyuziv xususiyati emas. Smartfonning orqa tomonidagi kamera orolida joylashgan burchakli "C" shaklidagi LED chirog'i holatlarga qarab RGB ranglarida o'z tusini o'zgartira oladi:

  • batareya 20 foizdan kam bo'lganida qizil;
  • quvvat olayotganda va boshqa hollarda binafsharang;
  • bildirishnoma yoki SMS kelganda yashil;
  • o'yin o'ynayotganda yoxud GT Mode yoqilganida sabzirang;
  • va yana o'zingiz sozlab olishingiz mumkin bo'lgan 25 xil rang rejimlari. 

Shuningdek, LED chirog'i ichida smartfonning Snapdragon 8+ Gen 1 chipsetini ko'rishingiz mumkin.

Turli holatlarga qarab yonadigan LED chiroq va shaffof oyna ostida joylashgan chipsetni ko'rib, xayolga beixtiyor Nothing Phone 1, hamda, Red Magic 8 Pro Transparent Edition smartfonlari keladi. Ehtimol, Realme ulardan "ilhomlangan" deyish mumkin. 

Dizayn borasida bizga hozircha Realme GT Neo 5 smartfonining maxsus binafsharang variantdagisi ko'rinishi ma'lum. Uning jilosiz shisha orqasiga Realme GT smartfonlariga xos bo'lgan ikkita yaltiroq liniya tushirilgan. Yon tomonlari biroz egilgan old tomonning markazidagi yumaloq teshikli tirqishda esa 16 MP ekanligi tahmin qilinayotgan selfi kamera joylashgan.

Kameralarga to'xtaladigan bo'lsak, ular uchta va ularning asosiysi Sony'ning 50 megapikselli IMX890 sensorini o'zlashtiradi – bu yaqinda taqdim qilingan flagman, OnePlus 11 kamerasi bilan bir xil. Shuni qo'shimcha qilish mumkinki, kamera OIS (Optic Image Stabilization), ya'ni tasvirni optik barqarorlashtirish xususiyatiga ega bo'ladi. Qolgan kameralar 8 MP ultra-keng, 2 MP makro kameralar bo'lishi mumkin.

Realme GT Neo 5 batareyasi va uning zaryadlanishiga qarab ikki xil variantda taklif qilinishi haqida oldin xabar bergan edik.

  • 240 Vt tezlikda zaryadlanadigan 4600 mA/soat batareyali
  • 150 Vt tezlikda zaryadlanadigan 5000 mA/s batareyali

Aytish kerakki, 240 Vt tezlikda quvvatlanish foydalanuvchiga smartfondan foydalanishdagi misli ko'rinmagan tajribani beradi. Xususan, avvalroq kompaniya vitse-prezidenti atigi 30 soniyalik quvvatlanish bilan 1 soatlik onlayn video tomosha qilish mumkinligini aytgan edi. 150 Vt tezlikda esa siz 5000 mA/s batareyani 16 daqiqada quvvatlay olasiz.

Qo'shimchasiga smartfon rasman infraqizil nur uzatuvchisi va NFC xususiyatga ega bo'ladi.

Mish-mishlarga ko'ra, smartfonning qolgan xususiyatlari quyidagicha: 2772×1240 piksellar o'lchamidagi 6.74 dyuymli, 144 gerts yangilanish tezligiga ega AMOLED displey va uning ostida barmoq izi skaneri, shu bilan birga 12/16 GB LPDDR5X operativ, hamda, 256 GB dan 1 TB gacha UFS 4.0 doimiy xotirada ishlaydigan Android 13'ga asoslangan Realme UI 4.0 operatsion tizimi.

Realme GT Neo 5 smartfoni 9-fevral kuni Xitoyda taqdim qilinishi kutilmoqda. Albatta, u global bozorga ham chiqariladi va bu fevral oyi oxirida o'tkazilishi kutilayotgan MWC 2023 tadbirida ro'y berishi mumkin.

O'QING: Apple'ning Ultra smartfoni Pro Max o‘rnini egallamaydi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!