Ring: Galaxy Note 8'ning iPhone X'ga yo‘nalgan 6 ta aniq zarbasi

Ring: Galaxy Note 8'ning iPhone X'ga yo‘nalgan 6 ta aniq zarbasi

Apple taqdim qilgan iPhone 8, iPhone 8 Plus, va iPhone X (10) smartfonlar turkumining sardori bo‘lgan iPhone X ekrani 4 burchagi sari yoyilgani bilan o‘ziga xos. Bu jihatni ham, unga xos boshqa jihatlar -- simsiz quvvatlash, qiyofani tanish ham Android smartfonlarda joriy qilingan. Biroq, birinchi emas, sifatli bo‘lish muhim. 

Nazarimizda, raqobatda Samsung unchalik ham cho‘chimasa bo‘ladi. Yangi iPhone X flagmani raqobatda Samsung Galaxy Note 8 bilan teng bo‘lsa borki, ustun emas.  iPhone X orqali Apple "bosh tugma" degan detaldan voz kechish tendensiyasini boshlab berdi.  

Displey va yorqinlik

Apple, nihoyat, OLED ekrandan foydalanishga qaror qildi. iPhone X 5.8 dyuymli, displeyga ega bo‘ldi. Biroq, Samsung Galaxy Note 8’ning 6.3 dyuymli AMOLED displeyi sifatli tasvir uzatish borasida raqibidan ustun.

Note 8 ekranining piksel sig‘imi 2960×1440 (521 ppi) bo‘lsa, iPhone X’da 2436×1125 (458 ppi). Galaxy Note 8’ning displeyidagi yorug‘lik miqdori 1,200 nit'ga yetsa, iPhone X'da bu ko‘rsatkich uning yarmiga teng -- 625 nit.

micro SD fleshkasi bilan xotirani kengaytiring

Android smartfonlaridagi micro SD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi kengayib borgani sayin, Apple bu jihatni qizg‘anishda davom etadi.

"Kenja talqin"ga mansub Galaxy Note 8 nafaqat 64 gigabaytli doimiy ichki xotirani, balki doimiy xotirani kengaytirish imkonini ham taqdim qiladi. iPhone X esa bu jihatdan mahrum qilingan. Siz 64 gigabaytli va cheklangan xotirali yoki 256 gigabaytli qimmat flagmanni sotib olishingiz kerak bo‘ladi.  

Tezkor xotira sig‘imi 100% ga ko‘p 

To‘g‘risi, tezkor xotira sig‘imi bahsli mavzu. Ekspertlarning fikricha, flagmanda kamida 4 gigabaytli tezkor xotira bo‘lishi kerak. Bu ilovalarni tezkor yuklab olish imkonini beradi. Galaxy Note 8 flagmani 6 gigabaytli tezkor xotira sig‘imiga ega bo‘lgan. Uning "ajdodi" bo‘lmish Galaxy S8/S8 Plus'da esa 4 GB tezkor xotira o‘rnatilgan.

iPhone X esa 3 gigabaytli tezkor xotiraga ega bo‘lgan. To‘g‘ri, "iOS tizimida ilg‘or tezkor xotira boshqaruvi bor" degan fikrlar ham yo‘q emas. Biroq, bugun "og‘ir" va grafikaga boy ilovalarni o‘qishda qiynalmasligi uchun yanyagi iPhone'ga kamida 4 gigabaytli tezkor xotira o‘rnatilishi maqsadga muvofiq.  


"Always On Display" funksiyasi

Samsung’ning muntazam faol turuvchi displeyida vaqt, o‘tkazib yuborilgan hodisa yoki qo‘ng‘iroqlar, hattoki yaqin insonlarning suratiga smartfonni qo‘lga olmasdan turib nazar tashlash imkoni mavjud.

Baxtga qarshi, quvvat tejaydigan OLED panelga ega bo‘lgan bo‘lsa ham, Apple bu jihatni iPhone X'da tatbiq qilishni o‘ylab ko‘rmabdi.

"Dual Audio" texnologiyasi

Galaxy S8 va Galaxy Note 8 gadjetlarida Samsung’ning "Dual Audio" funksiyasi joriy qilingan. Uning yordamida smartfonni Bluetooth orqali bir vaqtning o‘zida 2 ta gadjet bilan ulash mumkin.

iPhone X'da esa bu jihat mavjud emas.

"S Pen" -- tengsiz jihat!

Galaxy Note 8'dagi "S Pen" qalamchasi bir qator qo‘shimcha funksiyalar uchun kerak. Tezkor qaydlarni yozish, chizi yoki ishlarni rejalashtirishga doimo zarurat tug‘iladi.

Xulosa  

Hozircha Samsung yangi ayfon haqida ko‘tarilgan vahimalardan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. To‘g‘ri, platforma samaradorligi bo‘yicha Galaxy Note 8 iPhone X'dan pastroq ball to‘plagan. Biroq, bu boradagi farq foydalanuvchiga sezilmaydi. Apple A11 imkoniyatlariga ko‘ra, Snapdragon 835 bilan bir xil. iPhone X'ning ham o‘ziga xos jihatlari va ustunliklari mavjud. Bu to‘g‘rida alohida yozamiz.