Rivojlangan davlatlarda internet tezligi qanday?

Rivojlangan davlatlarda internet tezligi qanday?

Bugungi kunga kelib internet tezligi norasman bo‘lmasa ham, turmush darajasini belgilovchi omillardan biri bo‘lib qolgani hech kimga sir emas.

Mart oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston butun dunyo davlatlari orasida internet aloqasi tezligi borasida 7 pog‘ona ko‘tarilgani haqida xabar bergan edik. Mamlakatda simli internet tezligi 26,92 Mbit/sek (176 ta davlat orasida 95-o‘rin), mobil internet tezligi esa 10,07 Mbit/sek bo‘lgan (141 ta davlat orasida 133-o‘rin).

Keling, endi e’tiborimizni dunyoning eng rivojlangan davlatlariga qaratamiz. Buning uchun G8 davlatlari: Fransiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Italiya va Kanadalarni tanladik. Speedtest e’lon qilgan natijalarga tayangan holda, bu yerda mart oyidagi simsiz mobil va simli internet tezligini taqqoslaymiz.

Fransiyada keng palosali simli internetdan foydalanib, soniyasiga 136,45 Mbit tezlikda ma’lumot almashishingiz mumkin. Bu ko‘rsatkich bilan ushbu davlat reytingda yettinchi o‘rinda turibdi. Fransuz mobil operatorlari taqdim qilgan o‘rtacha tezlik esa 43,04 Mbit/sekund bo‘lgan (28-o‘rin).

Simli internet borasida top o‘ntalikka kira olmagan Qo‘shma Shtatlarda tezlik 132,55 Mbit/soniyani tashkil qilgan bo‘lib, ushbu natija bilan mamlakat 11 o‘rinni band qilgan. Simsiz mobil internet tezligi esa AQSh 41,68 Mbit/sekund — 32-o‘rin.

Buyuk Britaniyaning simli interneti ko‘rsatkichlari yaxshi bo‘lsada, yuqoridagi ikki davlatnikidan anchayin past. Tezlik — soniyasiga 66,99 Mbit. Mobil internet esa 35,39 Mbit/sek (44-o‘rin).

46 o‘rinni band qilgan Rossiyaning simli internetidan foydalansangiz, tezligingiz 64,57 Mbit/soniya bo‘ladi. Mobil internet ko‘rstakichlari bo‘yicha mamlakat anchayin quyida — 20,16 Mbit/sek, 92-o‘rin.

Germaniya esa top 30 talikka kirgan. 94,73 Mbit/sekunddagi keng palosali internet mamlakatga 31 o‘rinni keltirgan. Mobil internet ham anchayin tez: 37,31 Mbit/sek tezlik bilan 37-o‘rin.

Yaponlar nafaqat o‘zining texnologiyasi, balki keng palosali interneti bilan ham maqtansa arziydi. Reyting: 27. Tezlik: 100,56 Mbit/sekund. Ammo mobil internet tezligi kamroq ekan. 37,75 Mbit/sek, 42-o‘rin.

54 o‘rinni band etgan Italiya 55,19 Mbit/sekund tezlikdagi simli internetga ega bo‘lgan. Italiyaliklarning mobil interneti o‘rtacha 30,30 Mbit/sekund ishlagan. Reytingdagi o‘rin: 58.

Ro‘yxatning yetakchilaridan bo‘lgan Kanadada esa operatorlar taqdim qilgan tezlik o‘rtacha 120,98 Mbit/sekundni tashkil qilgan bo‘lib, bu mamlakatga 17 o‘rinni berdi. Mobil internet ham ancha tez — 73,16 Mbit/sekund (5-o‘rin).

Simli internet tezligi bo‘yicha butun dunyo bo‘ylab tarmoqdan yuklashning o‘rtacha tezligi 74,64 Mbit/sekund, tarmoqqa yuklash tezligi esa 40,07 Mbit/sekundni tashkil qilgan. Kechikish 40 millisekund bo‘lgan. 176 ta davlat orasida Singapur birinchi (197,26 Mbit/sekund), Turkmaniston esa oxirgi o‘rinda (1,89 Mbit/sek).

Mobil internet tezligi bo‘yicha global umumiy ko‘rsatkich 30,47 Mbit/sek (tarmoqdan yuklash) va 10,73 Mbit/sek (tarmoqqa yuklash) bo‘lgan; kechikish vaqti — 42 millisekund. BAAda tezlik eng yuqori bo‘lsa (83,52 Mbit/sek), Afg‘onistonda eng sekin bo‘lgan (6,01 Mbit/sek).

O‘QING: Nima uchun VPN'dan foydalanish kerak? (+bonus)