Robot yasab 22 yoshida «Shuhrat» medali olgan ixtirochi – vazir o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev bilan suhbat

  •   DiMaX
  •  448
  •  15.09.2020 09:05

Robot yasab 22 yoshida «Shuhrat» medali olgan ixtirochi – vazir o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev bilan suhbat

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev davlat lavozimlarida yoshlarning soni va mavqeini oshirish, ctartaplar, robot va ixtirolar, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazishi va boshqalar haqida Xabar.uz nashriga so‘zlab berdi.

O‘QING: 19-20 yoshli yigitlarimiz robot xizmatkorlar yaratishdi

Ma’lumot uchun: Olimjon To‘ychiyev 1991 yili Bekobod shahrida tug‘ilgan. Toshkentdagi Turin politexnika universitetida 2015 yili mashinasozlik muhandisi mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr, 2017 yili Mexatronika yo‘nalishida magistrlik darajasiga ega bo‘lgan. 2016-2017 yillarda Germaniyaning Hohenhaym universitetida ham tahsil olgan.

22 yoshida (2013 y.) «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan: ovoz bilan masofadan boshqarilib, turli topshiriqlarni bajaradigan, o‘zbek tilini tushunadigan birinchi robotni yaratgani, fan va texnika sohasini, ayniqsa, robototexnika sohasini yoshlar o‘rtasida keng ko‘lamda ommalashtirishga qo‘shgan hissasi uchun.

2017 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan. 2019 yil noyabr oyidan beri Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari.

— Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganingizga ham qariyb bir yil bo‘lyapti. O‘tgan vaqt davomida vazirlik tizimida nimalarni o‘zgartira oldingiz? Suhbatni shundan boshlasak.

Savol uchun rahmat! Faoliyatimning ilk kunlaridan boshlab vazirlik tizimidagi yoshlar bilan uchrashib, ularning taklif va mulohazalarini o‘rganishga va shunga yarasha sharoit va imkoniyatlar yaratishga harakat qilib kelyapman.

Vazirligimiz huzuridagi Yoshlar akademiyasi faoliyatini yanayam kengaytirmoqchimiz, O‘zbekistonning turli nuqtalaridagi iqtidorli yoshlarni izlab topib, ilm-fan va innovatsiyalar sohasiga jalb qilish, ularning g‘oya va loyihalarini hayotga tatbiq etish ishlarini olib boryapmiz. Maqsad — yoshlar uchun barcha hududlarda teng imkoniyat va sharoitlar yaratishdir. Shuning uchun ham hududlarda Yoshlar texnoparklarini tashkil etishni boshladik.

O‘QING: Texnologiya haqida siz bilgan va bilmagan 10 ta fakt (1-qism)

— Vazirlik startap tashabbuslarga e’tibor qaratyapti. Lekin startapning o‘zi nimaligini ko‘plar ham bilavermaydi. Sizningcha, startap loyiha deganda nimani tushunish kerak?

— Juda ham to‘g‘ri fikrni bildirdingiz. Aksariyat hollarda startap bo‘yicha to‘g‘ri tushuncha shakllanmaganligi sababli unga yetarli e’tibor va ko‘mak berilmayapti. Avvalo startap o‘zi nima ekanligiga oydinlik kiritib olsak.

Startap — yangi, innovatsion yoki mavjud g‘oyalar asosida o‘z biznesini qurayotgan rivojlanish bosqichidagi, mavjud g‘oyalarni takomillashtirish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi jamoa.

Albatta, yakka tartibda ham loyiha qilsa bo‘ladi. Lekin baribir uni hayotga tatbiq etish jamoaviy tarzda amalga oshiriladi. Bunga xalqaro va mahalliy miqyosda ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Shuningdek, startap haqida gap ketganida masalaning yana bir muhim jihati, ya’ni uning qonuniy asosi haqida gapirmasak bo‘lmaydi. Yaqinda takliflar va xalqaro tajribaga asoslangan holda «Startaplarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ommaviy muhokamalardan o‘tdi, endi qonunchilik palatasiga kiritish jarayonidamiz. O‘ylaymanki, ushbu qonun qabul qilinishi bilan nafaqat yoshlar, balki boshqalar ham startaplar nima ekanligini, qanday imkoniyat eshiklarini ochishi mumkinligini tushunib olishadi.

— Hozir hukumat tarkibidagi eng yosh rahbarlardan birisiz. Shu nuqtai nazardan davlat tashkilotlari va boshqaruv organlarida yoshlarning soni va o‘rnini oshirish masalasiga qanday qaraysiz?

— Bu masalada ko‘p marta fikr bildirganman va yana takrorlayman. Davlat tashkilotlari va boshqaruv organlarida yoshlarning soni va o‘rnini oshirish yangicha dunyoqarashga ega, eskicha yondashuvdan farqli kreativ yoshdashuvchi va asosiysi, zamon talabiga mos ravishda «ramkadan tashqarida» (think out of the box) fiklay oladigan xodimlarni jalb qilish imkonini beradi. Agar ularga kerakli yo‘lni ko‘rsatib, to‘g‘ri yo‘nalish berilsa haqiqiy liderga aylanishi turgan gap.

Pandemiya shu paytgacha biz bilgan va o‘rgangan tizimga yangicha qarashga majbur etmoqda. Shuning uchun hozirgi kunda yosh iqtidorli kadrlarga talab yanada ortishi turgan gap. O‘ylaymanki, yoshlarimizning tajriba borasidagi kamchiliklarini ularning yangicha bilim va kreativ fikrlay olishi kompensatsiyalab ketadi.

Sizni dastavval o‘zbekcha tillashadigan robot ixtirochisi sifatida taniganmiz. Davlat xizmatchisiga aylanib, yangi ixtirolarga vaqt ajrata olyapsizmi?

— Rostini aytsam, yetarlicha vaqt ajrata olmayapman. Lekin meni quvontiradigani, o‘zim ulgurmasam-da, bu sohaga qiziqishi va ishtiyoqi baland tengdoshlar, shogirdlar bor. Qo‘limdan kelgunicha ana shunday iqtidorlarni izlab topish va ularga sharoitlar yaratish berishga harakat qilyapman, hozircha robototexnika sohasidagi faoliyatim shu tarzda davom etyapti.

O‘zbekistonda robototexnika bo‘yicha tanlov va musobaqalarni mahalliy bosqichdan xalqaro bosqichga ko‘tarishga erishdik. Xususan, Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ilk xalqaro robototexnika musobaqasi yuqori darajada o‘tkazildi. Mazkur «International Robotics Challenge» xalqaro robototexnika musobaqasiga 24 ta davlatdan 220 nafar ishtirokchi va ularning murabbiylari hamda 2 mingga yaqin maktab o‘quvchilari va talaba yoshlar kelishdi. Robototexnika bilan shug‘illanuvchi yoshlarimiz soni ham, ishlanmalari darajasi ham kundan-kunga oshmoqda.

— Rahbar odam bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazadi, masalan, kitob o‘qishga vaqt topiladimi?

— Bo‘sh vaqtim oz bo‘lganligi sababli avvalo uni oilam va yaqinlarim davrasida o‘tkazishga, shu bilan birga imkon bo‘lishi bilan yangi ma’lumotlarni o‘rganish va ularni tahlil qilishga sarflayman.

So‘nggi o‘qigan kitobim esa Everett M. Rojersning «Innovatsiyalar diffuziyasi». Agarda innovatsion loyihangiz bo‘lsa va uni amalga oshirishni istasangiz albatta shu kitobni o‘qishni tavsiya qilaman.

Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

Birinchi navbatda boshlab qo‘ygan ilmiy ishimni yakunlab, muvaffaqiyatli himoya qilishni maqsad qilganman. Shu bilan birga mamlakatimiz yoshlari tomonidan amalga oshirilgan innovatsion loyihalar ko‘lamini kengaytirib mamlakat yalpi ichki mahsulotida alohida o‘rniga ega yoshlar jamoalaridan tashkil topgan Innovatsion klasterlarini tashkil etish ham rejamda bor.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

O‘QING: Dunyodagi eng takomillashgan (va qo‘rqinchli) robotlar

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!