Robotlar uchun teri yaratildi – endi ular seza olishadi! (+video)

  •   DiMaX
  •  1118
  •  13.05.2017 12:28

Robotlar uchun teri yaratildi – endi ular seza olishadi! (+video)

Minnesota universiteti olimlari ko‘chma sensor qurilma ishlab chiqishdi, u robotlarga atrof-muhitni xuddi tirik jonzodlardagi teri sezgisidagi kabi his etish imkonini beradi. Bu haqda Sciencedaily nashri xabar bergan.

Yetakchi tadqiqotchi Maykl Makalpayn so‘zlariga qaraganda, «bionik teri» deb ataluvchi bu material elektron sensorlarga ega. U robotlar xizmatidan foydalanilayotgan turli sohalarda keng qo‘llanilishga joriy etilishi mumkin. Masalan, olimning fikricha, bu teri jarroh robotlarni yanada takomillashtirib, murakkab operatsiyalarni yanada aniqlik bilan o‘tkazishga yordam beradi.

Olimlar mazkur materialni maxsus yig‘ilgan 3D-printerda chop etishdi. Printer va uning «siyoh»idagi asosiy xususiyatlardan biri – tezkorlikdir: chop etilgan material allaqachon qo‘llanishga tayyor bo‘ladi.

2013 yili ular haqiqiy inson qulog‘ini 3D-printerda chop etishgan edi. Endi esa «bionik teri»ni yaratishdi. Darvoqe, bu ko‘chma elektron texnologiyani odamlarga ham joriy etsa bo‘ladi. Masalan, sensorlarni askarlarning salomatligini monitoring qilib borishda qo‘llash mumkin.

Texnologiya faqat sensorli sun’iy terini chop etish bilangina cheklanib qolmaydi. Makalpaynning ixtirosi inson terisiga elektronikani joriy etish imkonini beradi.

Avvalroq Tesla, Space X va Hyperloop loyihalarining muallifi, taniqli biznesmen Elon (Ilon) Mask insoniyatni kiborgga aylantirishni taklif qilgan edi. Uning qo‘l ostidagi, inson miyasi hamda kompyuterni o‘zaro bog‘lab qo‘yish texnologiyasini rivojlantirayotgan Neuralink kompaniyasi allaqachondan beri bu borada tadqiqotlar olib boradi. Ehtimol, chindan ham kiborglar davri yaqin qolgandir?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.